Jizzaxda umumta’lim maktablarida o‘tilgan “Mehr darslari”da o‘quvchilar ko‘z yoshini tiyolmadi. Ularni kim yig‘latdi? Nima uchun? Keling dastlab “Mehr darslari”ning mohiyatiga to‘xtalaylik, kimga va nima sabab o‘tildi bu dars?
Bir yil bo‘ldi, Respublika “Ekolog” Jamoat birlashmasining tashabbusi bilan ta’lim muassasalarida “Mehr darslari” o‘tkazib kelinadi va unda tabiatga, o‘simlik dunyosi va jonivorlarga mehrli bo‘lish saboqlari beriladi. Jizzax viloyat “Qalb nuri” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazimiz “Ekolog” tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolagan va maqsadga ko‘ra, viloyatda ayollar va yoshlarning eko madaniyatini, global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish va unga moslashish bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan tadbirlar birgalikda amalga oshirilib kelinmoqda.
2024-yilda O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Eng yaxshi volontyorlik loyihalari” uchun e’lon qilingan grant tanlovida markazimizning “Mehr darslari – ekologik madaniyatni yuksaltiradi” nomli loyihasi g‘olib bo‘ldi. Loyihaning maqsadi yoshlarning ekosavodxonligini oshirish, atrof-muhitga muhabbatini kuchaytirish orqali bioxilma-xillikni asrashga ko‘maklashishdan iborat bo‘lib, grant mablag‘lari evaziga olingan videokamera va boshqa texnik jihozlar yordamida tabiat va bioxilma-xillikni asrashga qaratilgan ijtimoiy roliklar tayyorlash uchun xizmat qiladi. Jizzax shahri va Sh.Rashidov tumanlaridagi 25 ta umumta’lim maktablarining 1200 nafar o‘quvchilari uchun O‘zbekiston flora va faunasini asrash bo‘yicha “Mehr darslari”ni o‘tkazish, ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi va uysiz hayvonlarga mehrli bo‘lish, yoshlarga nazariy va amaliy bilim berish orqali atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini yaxshilash va o‘quvchilarda ekologik madaniyatni shakllantirishdan iborat bo‘lgan dars soatlarida tayyorlangan roliklar ham namoyish qilib boriladi.
MAKTABLARDAGI MAS’ULLAR MAS’ULIYATI
Mazkur loyiha doirasida jami 26 ta maktabda, jumladan Jizzax shahridagi yigirma bitta va Sh.Rashidov tumanidagi beshta maktabda “Mehr darslari” o‘tkazildi. Mazkur darslarga 1210 nafar o‘quvchilar jalb etildi. Quyida “Mehr darslari” davomida o‘zimiz olgan saboqlarni siz bilan bo‘lishmoqchimiz. “Dunyoni tutib turuvchi kuch bu – mehr” deydi donolar. Aslida ham shunday. Dunyoni, to‘g‘rirog‘i, biz yashab turgan yerimizni tabiat, undagi dov-daraxtlar va jonivorlarga bo‘lgan mehrli munosabatimizgina saqlab qoladi. Bu haqda maktablarda bolalar o‘rtasida o‘tgan darslarimiz mobaynida, o‘zimiz ham ko‘plab saboqlarni oldik. To‘g‘risi, ma’lum sabablarga ko‘ra qaysi maktabda nima bo‘lganini, ochiqlamayman. Buning orqasidan kimdir tushuntirish xatini yozishi va bu maktab uchun manfaat bermasligi aniq! Ammo, niyatim, yozganlarimni o‘qib o‘zini taniganlar to‘g‘ri xulosa chiqarib olishsa, biz o‘z maqsadimizga yetgan bo‘lamiz.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan hamkorlikda yuborilgan xatimiz asosida maktablarga topshiriq berilganligi uchun bizni yaxshi kutib olishdi va o‘quvchilar yig‘ilgan xonalarga boshlashdi. Jizzax shahridagi maktablarning birida, biz atrof-muhitni, shu bilan birga bioxilma-xillikni, uysiz hayvonlarni asrash, ularga ozor bermaslik haqida gapira boshlaganimizda darsdagi o‘g‘il bolalardan biri shartta o‘rnidan turib, “Itlar harom-ku! Ularni uyda boqish, hatto ularga tegib ketish mumkin emas deb o‘rgatishgan bizga” desa bo‘ladimi(?!). Yosh bolaning ongini zaharlagan o‘sha kattalar xuddi o‘zlari kabi, tabiatdagi barcha jonzotlar ham yaratilganini, ularning ham odamlar kabi yashashga, ovqatlanishga haqqi borligini nega o‘rgatishmayapti? Demak, ayrim bolalarga o‘z oilalarida to‘g‘ri tarbiya va tushuntirish berilmas ekan, maktablarda o‘tiladigan darslar orqali bu kabi bilimlarni chuqurroq berish zarurligi ravshan bo‘lib qoldi.
Navbatdagi maktabga kirib borar ekanmiz, mas’ullardan biri o‘tilajak darslarimiz mazmun-mohiyati haqida bilib olgach, “mahallamizni daydi itlar bosib ketgan, shularni qanday yo‘q qilish haqida ham ma’lumot beringlar” dedi. Afsuski, “daydi itlar” osmondan tushmagan. Unga harom, yovvoyi nuqtayi nazari bilan qaragan mehrsiz odamlarning dastidan ko‘cha-kuyda och va alamzada holda daydib yurishibdi.
Eng qizig‘i va ayanchlisi, Jizzax shahrining markazida joylashgan, ko‘zga ko‘ringan maktablarning birida bo‘ldi. Biz endi darsni boshlagandik, eshik ochildi, xodimlardan biri kirdi-da, bu sinfda emas, bugun o‘qituvchisi darsga kelmagan boshqa sinfda dars o‘tib berishimizni so‘radi! (?!). Ayrim maktablarda esa rahbariyat nima uchun kelganimiz, nima mavzuda dars o‘tishimiz bilan ham qiziqmadi. Qoyilmisiz?! O‘quvchilarni bizlarga qoldirib, o‘zlari bemalol ishlari bilan chiqib ketishdi. Nahotki, ko‘chadan kirgan har qanday odam o‘quvchilar bilan yolg‘iz holda gaplashaversa? Biz-ku yaxshi niyatda bordik, biroq maktab ostonasidan hamma ezgu maqsad bilan qadam qo‘yishiga, ularning ko‘nglida g‘araz maqsadi yo‘qligiga kim kafolat beradi?
Ayrim maktablarning yo‘laklari, zinalar va sinfxonalarda turli qog‘oz, plastik idishlar va yeguliklar o‘ramlari sochilib yotibdi. Chiqindi tashlash qutilari Jizzax shahridagi 22-maktab va yana sanoqli maktablar hovlisigagina o‘rnatilgan. Maktab ichkarilariga chiqindi solish qutilari o‘rnatilmagan bo‘lib, “nega chiqindi tashlash moslamalari yo‘q”, – degan savolimizga, “avval bor edi, oldirib tashlashdi” javobini oldik. Mavridi kelganda tavsiya: ta’lim maskanlariga chiqindilarni plastik, qog‘oz va maishiy turlarga ajratib solishga mo‘ljallangan qutilarni o‘rnatish va o‘quvchilarni bolaligidanoq ekomadaniyatini oshirish maqsadga muvofiqdir!
Bu kabi holatlarni bayon etib, hamma joyda shu ahvol, deyishdan yiroqmiz. Aksincha, jamoat faoli sifatida, tuzatsa va kelgusida bartaraf etish zarur bo‘lgan holatlarga e’tiborni qaratib, muvaffaqiyatli holatlarni ham e’tirof etishni lozim deb bilamiz.
MAKTABDA TABIAT BURCHAGI
Jizzax shahridagi 5-sonli maktabga kirib borganimizda, maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Janna Tangirqulova bizni xursand kutib oldi va maktab bo‘ylab sayrga taklif etdi. Kirib boraverishdan yarq etib, tabiat burchagi ko‘zga tashlandi. Yo‘laklarda va deraza tokchalarida yam-yashil bo‘lib turgan gullar ko‘nglimizni yashnatdi. Sinfxonalarda ham xuddi shunday, har tomon bahor… Maktabning 4-sinf o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazilgan “Mehr darslari” o‘zimizning ham yodimizda bir umr muhrlanib qolsa kerak. Janna Tangirkulova biz bilan darsda qatnashib, tabiat va “Qizil kitob”ga kiritilgan jonivorlar haqida savollar bergani, o‘quvchilar esa bu haqda yaqinda o‘tgandingiz-ku, deya burro-burro javob topishlari, ziyrak va bilimdonliklari bizni juda xursand qildi.
Jizzax shahridagi 3-maktabda ham maqtovga arzirli sifatlar ko‘p ekan. Turfa gullar, yashillik va tozaligi bilan o‘rnak qilsa arziydigan maktab o‘qituvchilari darslarimizga befarq bo‘lmasdan, biz bilan tengma-teng o‘quvchilarning savollariga javob qaytarishdi. Jizzax shahridagi 10-maktabning 6-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan darslarimizda o‘zini Visola Xushnazarova deb tanishtirgan o‘quvchining iqlim o‘zgarishi haqidagi fikrlari, to‘g‘risi, bizni lol qoldirdi.
Yer iqlimidagi o‘zgarishlarning atmosfera, okeanlar va quruqlikning isishiga olib kelayotgani, inson salomatligiga va ekotizimlar muvozanatiga ta’sir qilishi, tabiiy ofatlar va “iqlim o‘zgarishi” asosan inson faoliyati yoki antropogen omil ta’sirida yuzaga kelayotgani haqida aytib bergan bu yoshgina o‘quvchi qizimiz yetarli bilimga ega ekanligini namoyon qildi!
VIDEOROLIKLAR NAMOYISHI
Aytish joizki, “Mehr darslari”da ko‘plab videoroliklar namoyish etilib, bolajonlarning qalbiga mehr urug‘larini sochishga xizmat qildi. Shunday roliklarning biri haqida so‘zlab o‘tay, asosiy qahramon it odamlarning yoniga borib nimadir demoqchi bo‘ladi. Yigirmaga yaqin kishining yoniga borsa-da, hech kim unga e’tibor bermaydi. Aksincha, haydab soladi. Shunda it ularning bo‘ynidagi sharfi, qo‘lidagi noni, bolalarning o‘yinchog‘ini olib qochaveradi. Oxiri odamlar qutqaruvchilarni chaqirib itni ottirishadi. It jon holatda bir quduqning ustiga borib jon beradi. O‘limi oldidan hatto eng so‘nggi bor kuchini to‘plab, ko‘z yoshlarini quduq panjaralari orasidan pastlikka qarab oqizadi. Ko‘z yoshlari sovuqdan, ochlikdan sillasi qurib yotgan chaqaloqning yuzlariga tushib, bola seskanib yig‘lay boshlaydi. Itni orqasidan kuzatib kelgan odamlar bu yerda chaqaloqning ovozini eshitishadi. Qarashsaki, quduqda odam bolasi yotar, uning yonida esa it olib qochgan non, o‘yinchoq va boshqa narsalar bor edi… Chaqaloqni o‘z tug‘gan onasi undan qutulish uchun quduqqa tashlab ketganini ko‘rib qolgan it uni qutqarish uchun o‘z jonini qurbon qilgan edi aslida.
Ko‘pgina darslarda ushbu rolik tugagach, sinflarda piqillab yig‘lagan ovozlar eshitildi. Demak, o‘quvchilarning ko‘ngliga yetib bordi bu darslar… Ha, bolalarning qalbi oq qog‘oz kabi toza va beg‘ubor. Ularga yaxshilik va ezgulik, mehr va oqibatni singdirish esa biz kattalarning burchimizdir. Zero, bolalarni zo‘ravonlik, shafqatsizlik kabi illatlardan nari, ekomadaniyatli qilib tarbiyalash jamiyatda tinchlik va barqarorlik hukm surishiga yordam beradi, jamiyat rivojiga hissa qo‘shadi.
Fursatdan foydalanib, “Mehr darslari”ni o‘tish uchun bizni bilim va salohiyatimizni oshirgan Respublika “Ekolog” jamoat birlashmasiga, bunday loyihani amalga oshirishimizga imkon yaratgan Yoshlar ishlari agentligiga hamda darslarni tashkil qilishda yaqindan yordam bergan Jizzax viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga hamda hamkorlik uchun Ekologik partiyasining Jizzax viloyati Kengashiga, markazimiz ekovolontyorlari Latofat Muratova, Mavluda Xolmirzayeva, Nafisa Po‘latovalarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Nodira Alimova, Jizzax viloyat “Qalb nuri” markazi direktori