Ekologik korrupsiya mavzusini yoritishda jurnalist va blogerlarning bilimi oshirilmoqda

Ekologik korrupsiya mavzusini yoritishda jurnalist va blogerlarning bilimi oshirilmoqda

Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot Dasturining Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” loyihasi moliyaviy ko‘magida “Ekolog” jamoat birlashmasi tomonidan “O‘zbekiston jurnalist va blogerlarining ekologik korrupsiya mavzusini yoritish bo‘yicha bilim va salohiyatini oshirish” mavzusidagi jurnalist va blogerlar uchun ikki kunlik trening tashkil etildi. Treningda ekspert Buxoro viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bosh mutaxassisi Anvar Nazarov qatnashib, Buxoro viloyatida ekologik korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan ishlar bo‘yicha tushintirish berdi. Loyihaning maqsadi: Trening jurnalist va blogerlarning ekologik korrupsiya muammolarini samarali tadqiq etish va yoritish bo‘yicha kasbiy ko‘nikma va bilimlarini mustahkamlashga qaratildi. Seminarda soha mutaxassislari, jumladan, fan doktori, professor, “Ekolog” jamoat birlashmasi rahbari Nargis Qosimova hamda tashkilotning matbuot kotibi Feruzbek Sayfullayev ishtirok etdi.

Trening dasturi: Ikki kunlik trening davomida qatnashchilar quyidagi mavzularda nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘lishdi:

-Ekologik korrupsiya tushunchasi va uning shakllari (poraxo‘rlik, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, soxta ekologik loyihalar, tabiiy resurslarni noqonuniy taqsimlash);
-Ekologik korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro tajriba;
-Qonunchilik va ekologiya sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlik;
-Ekologik korrupsiyani tekshirish va manbalar bilan ishlash usullari;
-OSINT vositalari orqali atrof-muhitga oid korrupsiyani aniqlash;
-Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida korrupsiya xavf-xatarlari yuqori bo‘lgan 12 ta funksiya;
-Ekologik korrupsiya bo‘yicha jurnalistik surishtiruv o‘tkazish;
-Ekologik feyk va ekofactchekking;
-Bosim ostida qolgan jurnalistlarni himoya qilish strategiyalari.

Ushbu trening jurnalist va blogerlarning ekologik korrupsiya mavzusida mustaqil tadqiqotlar olib borish imkoniyatlarini oshirish, korrupsiya bilan bog‘liq holatlarni fosh etish va jamiyatni xabardor qilish salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ekologik korrupsiya muammosi nafaqat tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish, balki butun ekologik tizim barqarorligiga tahdid soladigan jiddiy masala hisoblanadi. Shu bois, jurnalist va blogerlarning mazkur muammoga oid bilimlarini oshirish hamda ularning jamiyatdagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi. Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi va ular ekologik jurnalistika bo‘yicha o‘z faoliyatlarini davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.