Qurilishlar avjida, daryolar esa xavf ostida

Qurilishlar avjida, daryolar esa xavf ostida

Mamlakatimizda urbanizasiya jarayonining jadallashishi, shahar va qishloqlarda yangi qurilishlarning kengayishi, infratuzilmaning tobora yaxshilanishi, yangi turarjoylarning qad rostlashi, avvalo, tabiatga katta zarar yetkazayotir. Qanday qilib, deysizmi?

Bu jarayon nafaqat yovvoyi tabiat hududini qisqartirib, uning hayvonot va o‘simlik dunyosiga ta’sir ko‘rsatmoqda, balki qurilish yuhosining nafsini qondirish uchun daryo o‘zanlaridan qum-shag‘al nazoratsiz qazib olinishi oqibatida ular o‘zgarib, suv o‘simliklari, baliqlar dunyosiga qiron kelmoqda. Tadbirkorlar oqibatlarini o‘ylamasdan daryo o‘zanlarini kavlay boshlashadi. Chunki bu yerdan olinayotgan noruda materiallar tog‘ kar’erlaridagi ishlab chiqarishga nisbatan uncha katta xarajatlarni talab qilmaydi, tabiatning o‘zi toshlarni yuvib, maydalab qo‘ygan.

Shu bilan birga, noqonuniy ravishda yoki belgilanmagan joylarda qum va shag‘al kavlab olish bilan shug‘ullanayotganlarni aniqlash, ularga choralar ko‘rish borasida muayyan ishlar qilinayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Birgina 2023 yilda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan 268 nafar shaxsga nisbatan 303 ta ma’muriy va jinoiy javobgarlik bo‘yicha ish ochilib, ularga 68 mlrd. so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. 2024 yil oktyabr’ oyida Chirchiq daryosida noqonuniy ravishda qum-shag‘al aralashmasi qazib olish holati aniqlanib, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 273 mlrd. so‘mdan ortiqroqni tashkil etgani, noyabr’ oyida aniqlangan vaziyatda esa zarar miqdori 233 mlrd. so‘mdan oshiqroq ekani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Bosh prokuraturaning iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Navoiy viloyati Karmana tumanidagi «Yangiariq» MFY hududida Zarafshon daryosidan noqonuniy ravishda 79,3 ming kub. metr qum-shag‘al qazib olingani, davlat manfaatlari va tabiatga 1,1 mlrd. so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi. Bosh prokuraturaning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshiruvlar o‘tkazilganda viloyatning Nurota tumanida joylashgan «Ko‘chat» hududidan maxsus texnika yordamida 17,9 ming kub. metr qum-shag‘al qazib olinib, davlat va tabiatga 232,9 mln. so‘m zarar yetkazilgani oydinlashdi. Bosh prokuraturaning Sariosiyo tumani bo‘limi departamenti surishtiruv ishlari o‘tkazganda, «M.M.» korxonasining mansabdor shaxslari tomonidan tumandagi muhofaza hududidan 5,5 ming kub. metr noruda materiallari qazib olingani oqibatida tabiatga 143,4 mln. so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.

Mazkur noqonuniy harakatlar suv resurslarining kamayishi, daryo qirg‘oqlarining yuvilishi, muhofaza etiladigan suv hududlarining ifloslanishi, irrigasiya tizimlarining, elektroenergetika, transport va gidrotexnika infratuzilmalarining shikastlanishiga olib keldi. 2025 yil 16 fevralda Zarafshon daryosi havzasida noqonuniy faoliyatning oldini olish maqsadida Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat reyd tadbirlari davomida 8 ta huquqbuzarlik qayd etilib, oqibatda tabiiy ob’ektlarga jami 105 milliard 521 million 903 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan. Ushbu huquqbuzarliklar bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Yana bir holat yaqinda Toshkent viloyatining Parkent tumanida sodir etilgan. Viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda Ichki ishlar boshqarmasi post-patrul’ xizmati xodimlari birgalikda o‘tkazgan reyd davomida tuman hududidan oqib o‘tuvchi Ohangaron daryosining eski o‘zani bo‘yida yuklagich yordamida qum-shag‘al aralashmalarini qazib olish tufayli tabiatga 3 mlrd. 696 mln. so‘mdan ortiq ziyon yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

2023 yilda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.Abduhakimov daryo o‘zanlaridan qum-shag‘alning nazoratsiz qazib olinishi suv sathining pasayishi, flora va faunaning kamayishi, suv bug‘lanishi ortishiga olib kelishi haqida quyidagi fikrni bildirgan edi: «Daryo o‘zanlaridan qum-shag‘al qazib olish faqatgina toshqinning oldini olish maqsadidagina amalga oshirilishi mumkin. Ammo bugunga kelib, mazkur jarayon barcha ekologik talablarga qarshi o‘laroq shafqatsiz biznesga, daryolar qurilish materiallarini qazib olish vositasiga aylandi. Hech qachon daryolar bu darajada jamiyatni qurilish materiallari bilan ta’minlash manbasi bo‘lmagan edi».

Uning fikricha, butun dunyoda qurilishdagi ehtiyojlarni qondirish uchun tog‘larda kar’erlar ochiladi. Shag‘al tog‘ hududlaridan barcha ekologik talablarga rioya etilgan holda olinadi. Ammo bu jarayon logistika, transport, shag‘alni yuvish va uni qayta ishlash xarajatlarining ortishiga olib keladi. Eng oson, qulay va arzon usul esa daryo o‘zanlarini talashdir. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi muammoning yechimi sifatida daryo o‘zanlaridan noruda materiallarni qazib olishga moratoriy joriy qilishni taklif etdi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 12 sentyabrdagi 566-sonli qarori bilan daryo o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga moratoriy joriy etiladigan hududlar chegaralari belgilandi. Prezidentimizning 2024 yil 17 yanvardagi 14-sonli farmoniga muvofiq, daryo o‘zanlari, sohilbo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan noruda materiallarni qayta ishlash korxonalarini tog‘ va tog‘oldi hududlariga yoki ushbu hududlar yaqinida joylashgan kichik sanoat zonalariga ko‘chirish nazarda tutilgan. Chirchiq, Sirdaryo, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryo o‘zanlarida qum-shag‘al qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilib, qum-shag‘al qazib olish quyidagilarni o‘z ichiga oladigan belgilangan zonalarda taqiqlanadi:

• daryo o‘zanlari;

• sohilbo‘yi mintaqalari;

• suvni muhofaza qilish zonalari.

Bunda daryo o‘zanlari, sohilbo‘yi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqini faqat «E-auksion» elektron savdo platformasi orqali realizasiya qilish nazarda tutilgan.

Bugungi kunda daryolar xavfsizligi bilan davlatimiz rahbarining 2018 yil 9 iyuldagi «Ichki bozorni qum-shag‘al materiallari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan «Xavfsiz daryo» DUK shug‘ullanadi. Uning asosiy vazifasi daryo o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al qazib olish ishlarini olib borish uchun loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, ular bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish; FVV, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi xodimlari bilan birgalikda doimiy ravishda joylarga chiqqan holda daryolar o‘zanlarini tozalash ishlari olib borilayotgan uchastkalardagi holatni o‘rganish; shartnoma asosida jalb etilgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan daryolar o‘zanlarini tozalash ishlari natijasida olingan qum-shag‘al materiallari hajmining hisobini yuritish; FVV bilan birgalikda daryolar o‘zanlarida qum-shag‘al materiallari to‘planib qolgan va tozalanishi lozim bo‘lgan uchastkalar ro‘yxatini tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritishdan iborat.

– Daryo o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlari mavsumiy tarzda, yer uchastkalarini ajratmagan holda amalga oshiriladi. Bu tartib Geologiya vazirligi tomonidan 2018 yil 9 iyulda tasdiqlangan noruda materiallarni qazib olishga lisenziya berilgan uchastkalarda qum-shag‘al qazib olishga ham tegishli. Moratoriy belgilangan ana shu 7 ta daryoda qum-shag‘al qazib olish bo‘yicha belgilangan me’yorga erishildi, – deydi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy etish davlat muassasasi loyihalarni boshqarish va texnik nazorat bo‘limi boshlig‘i Olim Xudoyberdiev. – Bizda yer osti va yer usti suvlari bor. Hozir noruda materiallarni noqonuniy qazib olish to‘xtatilmasa, daryolarning yanada chuqurlashishi yer osti suvlari sizib chiqib, yer usti suvlari bilan qo‘shilib ketishiga olib keladi. Oqibatda doimiy daryolar botqoqlanadi, mavsumiy daryolar qurib qoladi. Shu sababli ham moratoriy joriy etildi. Moratoriyning maqsadi daryo ekotizimini, flora va faunasini saqlab qolish hamda uning tiklanishi uchun yetarli vaqt berish.

Ammo joriy etilgan moratoriyga qaramay, farmonda ko‘rsatilgan daryo o‘zanlarida qum va shag‘al qazib olish davom etmoqda. «Ekolog» jamoat birlashmasi Telegram kanalining botiga Chirchiq, Zarafshon va Sangzor daryolari o‘zanlarida noruda materiallar noqonuniy qazib olinayotgani haqida xabarlar tez-tez kelib tushayotgani ham fikrimizni isbotlab turibdi.

Ana shunday murojaatlardan birida keltirilgan vajlarni o‘rganish maqsadida «Ekolog» jamoat birlashmasi vakillari bultur Samarqand viloyati, Paxtachi tumani o‘rmon xo‘jaligida bo‘lishgan. Xo‘jalik xodimlari Zarafshon daryosi o‘zanidan noqonuniy shag‘al olinayotgani va yuk mashinalari qum olib ketayotgani haqida bir necha bor murojaat qilgan edi. Zarafshon daryosi o‘rmon xo‘jaligi hududidan oqib o‘tadi, «Ekolog» jamoat birlashmasi vakillari shag‘al va qum ortilgan yuk mashinalari o‘rmon xo‘jaligidan qanday o‘tib ketayotganiga guvoh bo‘lishadi. Haydovchilar avtomashinalarga ortilgan qum-shag‘al qaerga olib ketilayotgani, bu noqonuniy faoliyat kimning buyrug‘i bilan amalga oshirilayotgani haqidagi savollarga javob bermay, qochib ketishdi.

– Zarafshon daryosi tubida noqonuniy shag‘al qazib olish oqibatida suv sathi keskin pasaydi. Shu bois Zarafshon milliy bog‘idagi daraxtlar ham, o‘rmon xo‘jaligimizdagi daraxtlar ham qurib ketmoqda, – deydi o‘rmon xo‘jaligining sobiq xodimi Ixtiyor Normurodov.

Zarafshon milliy tabiat bog‘i atrof-muhitni monitoring qilish bo‘limi mutaxassisi Erkin Xolmonov Zarafshon daryosidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olinayotganidan xavotirda.

– Zarafshon daryosi tubidan noqonuniy shag‘al qazib olish oqibatida milliy bog‘ni xavf ostida qoldirmoqda. Suv sathining pasayishi tufayli milliy bog‘dagi daraxtlar qurib qolmoqda. Tushunmadim, nega ular daryoga qum-shag‘al qazib oluvchi ekskavatorlar, og‘ir yuk mashinalari ketayotgan yo‘lni berkitishmaydi? Yo‘l yopilsa, ular kira olmaydi, – deydi u.

 

Afsuski, hozirgi vaqtda moratoriy ro‘yxatiga kiritilgan barcha daryo o‘zanlarida bunday qoidabuzarliklar kuzatilmoqda. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, daryo o‘zanlaridan noruda materiallar qazib olinishi daryo suvining sifati va miqdoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shag‘al qazib olish jarayonida daryo o‘zanlariga maxsus texnika – ekskavatorlar va samosvallar tushiriladi. Qarabsizki, daryo suvi yonilg‘i-moylash materiallari, turli chiqindilar bilan ifloslanadi. Oqibatda suv sifati yomonlashadi va daryo ekotizimiga zarar yetadi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, daryolarni tabiiy holatiga qaytarish va ekotizimni tiklash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Shu munosabat bilan qat’iy, muddatsiz moratoriy joriy etilib, daryo o‘zanlarini tozalash, tabiiy ekologik muvozanatni saqlash choralari ko‘rilmoqda. Bu chora-tadbirlar xalqaro ekologik standartlarga to‘liq mos keladi. Mazkur harakatlar O‘zbekistonning ekologik siyosatini yanada yuqori bosqichga olib chiqadi. Hozir moratoriyni bekor qilish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Aksincha, daryolarning tabiiy holatini tiklash, o‘simlik va hayvonot dunyosini saqlab qolish bo‘yicha doimiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.


Shu bilan birga, Chirchiq daryosi bo‘ylab ekologik, gidrologik va gidrogeologik jihatlarni o‘rganishga asoslangan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Loyihalar zararlangan hududlarni qayta tiklash, chiqindilarni olib tashlash va qirg‘oqlarni mustahkamlashni o‘z ichiga oladi. Suv xo‘jaligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklari hamkorlikda xalqaro va mahalliy olimlarni jalb etish, daryolarni ekologik jihatdan tiklash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga intilmoqda. Daryo o‘zanlarida olib borilayotgan ishlarni qabul qilishning yangi tartiblari belgilanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, buzilgan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, daryolarni chiqindilardan tozalash ishlari tizimli davom ettiriladi.

Daryo o‘zanlari va qirg‘oqlarida ekologik muvozanatni tiklash va tartibga solishga qaratilgan moratoriy chora-tadbirlari doirasida respublikada, ayniqsa, poytaxt va Toshkent viloyatida qum-shag‘al xomashyosiga talab keskin ortib bormoqda. Yuzaga kelgan defisit (yiliga 1 million tonna) 100 ming kub. metrdan ortiq yoki 25 foiz kamomadni tashkil etadi, bu esa, o‘z navbatida, qurilish bozoriga ta’sir ko‘rsatadi va narxlarni tenglashtirish choralarini talab qiladi.

Konchilik va geologiya vaziri maslahatchisi Nurbek haqberdievning ma’lum qilishicha, qum-shag‘alga bo‘lgan talabni barqarorlashtirish uchun tog‘li va tog‘oldi hududlaridagi infratuzilma ob’ektlari yaqinida joylashgan va noruda materiallar bilan ta’minlangan jami 135 ta muqobil yer uchastkasi tanlab olingan. Ulardan 40 tasi auksionga qo‘yilgan, 20 tasi auksion savdolari natijasida tadbirkorlarga sotilgan, yana 95 tasi (jami 1256 gektar) kimoshdi savdosiga tayyorlanmoqda. Tahlillarga ko‘ra, barcha rivojlangan davlatlar daryo o‘zanlarida qum va shag‘al qazib olishni taqiqlashdan manfaatdor. Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoy kabi mamlakatlarda bir qator cheklovlar mavjud (shuningdek, daryo o‘zanlarida noruda materiallarni noqonuniy qazib olish holatlari aniqlangan taqdirda ham qat’iy choralar ko‘riladi).

Nega moratoriyga qaramay, daryo o‘zanlaridan noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olish davom etmoqda?

Atrof-muhitni muhofaza qilish yetarli darajada ta’minlanmaganligi, korrupsiya holatlarining mavjudligi va maxsus monitoring uskunalarining yetishmasligi kabilar ham bunga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston daryolari o‘zanlarida metall bo‘lmagan materiallarni noqonuniy qazib olish quyidagi bir qator salbiy oqibatlarga olib keladi:

• daryo o‘zanlaridan noruda materiallarning qazib olinishi ular tubining o‘zgarishi, qirg‘oq chizig‘ining vayron bo‘lishi, suvdagi baliq va boshqa hayvonlarning noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlari yo‘qolishiga olib keladi;

• qum-shag‘alni qazish jarayonida hosil bo‘ladigan muallaq chang zarralari, texnikadan tushayotgan moylar suvni ifloslantiradi, uning loyqaligini oshiradi va biologik xilma-xillikni kamaytiradi;

• qirg‘oq chizig‘ining buzilishi tuproq eroziyasining kuchayishiga, tuproq ustki qatlamining yo‘qolishiga va qishloq xo‘jaligi yerlari sifatining yomonlashishiga olib keladi;

• ko‘priklar va boshqa gidrotexnik inshootlar yaqinida noqonuniy qazib olish ularning vayron bo‘lishiga olib keladi va xavfsizlikka tahdid soladi;

• noqonuniy qazib olishlar toza suv va boshqa tabiiy resurs­lardan mahrum bo‘lgan mahalliy aholi o‘rtasida ijtimoiy nizolarga olib kelishi mumkin;

• ushbu noqonuniy xatti-harakatlar baliqchilik va turizm sohalariga zarar yetkazib, yer va ko‘chmas mulkning qiymatini pasaytiradi;

• noqonuniy qazib olishlar jarayonida soliq to‘lovlari byudjetga tushmaydi.

O‘zbekiston daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni noqonuniy qazib olish zudlik bilan chora ko‘rishni talab qiluvchi jiddiy ekologik va ijtimoiy muammo hisob­lanadi. Ushbu sohadagi qonunchilikni qat’iylashtirish, nazoratni kuchaytirish, muqobil manbalarni rivojlantirish, aholining xabardorligini oshirish jamoatchilikni keng jalb etishga asoslangan kompleks va tizimli yondashuvgina suv resurslarini muhofaza qilish va barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuni yodda tutish kerakki, daryolar nafaqat noruda materiallar manbai, balki kelajak avlodlar uchun saqlab qolishni talab qiladigan hayotiy muhim ekotizimdir.

Nargis QOSIMOVA,
ekojurnalist, «Ekolog» jamoat birlashmasi rahbari

Feruzbek SAYFULLAYEV