Amudaryo va Orol – bu nomlar shunchaki geografik joylar emas, balki butun bir tarix, hayot, og‘riq va umid ramzidir. Bir paytlar Amudaryo bo‘ylarida hayot qaynar, suv jilg‘alari nafaqat dalalarni, balki insonlarning qalbini ham shod etar edi. Orol dengizi esa shu hayotning yuragi bo‘lgan. Kemalar suvda erkin suzar, bolalar suv bo‘yida quvnab yugurar, baliqchilar esa tongni duolar bilan qarshi olar edi. Hammada bir xil tuyg‘u bor edi — umid.
Biroq bugungi manzara tamoman boshqacha. Orol — qurigan. Uning o‘rnida esa qum va tuzga to‘la so‘ngan umidlar qoldi. Har gal shamol yessa, qumli bo‘ron ko‘zni ham, ko‘ngilni ham og‘ritadi. Qachonlardir hayot manbai bo‘lgan dengiz, endi eslatmaga aylangan — insonning tabiatga bo‘lgan bee’tiborligi qanday fojeaga olib kelishi mumkinligining ochiq timsoli.
Bugun Orolning atrofi cho‘lga aylangan. U yerda yorg‘oq emas, chang yog‘adi, suv emas, ko‘z yoshlari oqadi. Menda esa doim bir savol:
«Qanday qilib shunday bo‘lib qoldi?» Bu fojia faqat tabiat emas, balki insonning orzu-umidlarini, bolalarning quvonchini, baliqchilarning hayotini ham o‘zi bilan olib ketdi. Orolning qurishidan keyin uning tubi keng bir qumli va tuzli cho‘lga aylandi.
Buvayim har doim shunday der edilar:
“2016 yilgacha suv yetarli edi. Hamma quvonar, odamlar suvni bag‘rikenglik bilan qabul qilardi. Lekin keyin suv kamaydi, va biz tomonlarda ham suv kelishi sezilarli darajada ozaydi.”Eng ajablanarli jihati — o‘sha yerda hali ham insonlar yashayapti. Ular hali ham Orol qayta tiklanishiga umid qilmoqda. Ular ishonishadi — Orol yana suvga to‘ladi, hayot qayta jo‘sh uradi.
Bu umid menga ham o‘tdi.
Kelajak bizning qo‘limizda!
Agar biz tabiatga nisbatan mas’uliyatli bo‘lsak, uni ehtiyot qilsak, yana Orolda hayot gullab-yashnaydi. Bu faqat Orol emas — biz, kelajak, bolalarimiz haqidagi qaror.
Suv – bu shunchaki daryo emas, u hayotning yuragidir. Uni asrash – hammamizning burchimiz!
Aysara Ashirova