«Davaktiv agentligi ishlab chiqqan ushbu Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha istirohat bog‘lari hokimliklar huzurida tuziladigan «Istirohat bog‘larini boshqarish direksiyasi»ga o‘tkaziladi. Direksiyalar istirohat bog‘larida savdo, pullik xizmat ko‘rsatish, ob’ekt va yer uchastkalarini ijaraga berish vakolatiga ega bo‘lmoqda. Loyiha mualliflari shu bahonada Fanlar akademiyasiga qarashli noyob daraxt, o‘simlik turlari mavjud, aholi toza va salqin havosi uchun boradigan Toshkentdagi «Botanika bog‘i»ni ham hokimiyatlarning ushbu cho‘ntak direksiyasiga bermoqchi. Afsuski o‘tmishda «Botanika bog‘i» hududiga Toshkentning ko‘plab sobiq hokimlari ham ko‘z olaytirishgan. Agar bog‘ hokimiyatga o‘tsa, u olimlar qaramog‘idagi tabiat dunyosi ob’ektidan, biznes ob’ektiga aylanadi. Va daraxtzor o‘rni qurilish maydoniga aylanadi. Chunki hokim va uning jamoasida bundan ortiq ish qilishga salohiyatning o‘zi yo‘q. Maqsad: «soqqa» qilish. Biroq umid qilamanki, jamoatchilik bunga jim qarab turmaydi!«
——————
Jamoatchilik eʼtirozidan so‘ng, Botanika bog‘i Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilmaydigan bo‘ldi
Project.gov.uz portalida hukumatning “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi eʼlon qilingandi. Hujjatda ro‘yxati keltirilgan 196 ta bog‘ qatorida Toshkent Botanika bog‘ini Fanlar akademiyasi tasarrufidan chiqarib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Istirohat bog‘larini boshqarish direksiyalari” davlat muassasalari balansiga o‘tkazish belgilangan. Mazkur qaror jamoatchilik eʼtirozlariga sabab bo‘ldi.