Haqiqatni bilish uchun «Ekolog”jamoat birlashmasi “Mehr va oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati bilan birgalikda WILDLIFE zoopitomnigida bo‘ldik. Pitomnik holatini ko‘rish uchun 2021 yilda ham borgan edik. U payti H.Axmedov qaramog‘ida 2 ta katta va 1 ta ko‘ziga oq tushgan sher bolasi bo‘lib, ular ancha abgor ahvolda saqlanardi.
O‘sha payti ko‘ziga oq tushgan sher bolasi Laura voyaga yetib, ko‘zidagi parda operatsiya yordamida olib tashlangan. 2 yil ichida pitomnik ahvoli ancha yaxshilanib, hayvonlar turi 30 taga yetgan. Bu yerda hozir 13 ta Afrika sherlari, Farg‘ona hayvonot bog‘idan keltirilgan qo‘ng‘ir ayiq, tovus, xaski itlari, jo‘rchi, burgut, Osiyo burisi, Nil timsohi,tuyaqushlar, Rossiya g‘ozlari, Afrika tuyaqushlari va boshqalar boqilmoqda. Shu bilan birgalikda zoopitomnik qoshida Hayvonlarni reabilitasiya qilish markazi ham ochilgan.
Hikmatilla Ahmedov o‘zi ham biolog, ham veterinar shifokori bo‘lgani sababli, hayvonlarni davolaydi, yirtqichlarga asosan o‘zi qaraydi, boshqa jonivorlarni parvarishlash, tagini tozalashga ayoli va farzandlari yordam berishadi. H.Axmedovning aytishicha, birgina yirtqichlarga bir kunda 150 kg. go‘sht beriladi. Bunda unga homiy tadbirkorlik sub’ektlari yordam berishmoqda.
Yirtqichlarning ahvoli yaxshi, Xikmatilla Ahmedov ularning yoniga borishi bilan unga erkalanib, qo‘lini yalashlaridan ham jonivorlarga bu yerda munosabat OAV da aytilgandek yomon emasligini sezish mumkin.
Reabilitasiya Markaziga esa Viloyat Ekologiya boshqarmasi tomonidan musodara qilinib, olingan yarador jonivorlar olib kelinadi. Xaski itlar X.Ahmedovning aytishicha “Hayot” boshpanasiz itlar priyutidan olib kelingan.
Ayni paytda zoopitomnik daromad ko‘rmaydi, qiziquvchilarga ham kirish tekin. Qurilish ishlari bitgach, u to‘liq tomoshagoh sifatida ochiladi. Zoopitomnikda hayvonlar soni yildan yilga ko‘paymoqda. Albatta ularning yashash sharoitiga, oziq-ovqat, davolashiga ko‘p mablag‘ talab etiladi.
Birgina X.Ahmedovning o‘z kuchi bilan buni amalga oshirish nazarimizda mushkul ish. Zoopitomnikka qo‘shimcha mablag‘ va yordam zarur. Bu borada yana boshqa homiylar yordam qo‘lini cho‘zsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Hayvonot bog‘larida hayvon va qushlarga qanchalik yaxshi qaralmasin «Ekolog» jamoat birlashmasi har qanday sirk va hayvonot bog‘lariga qarshi. Biz har bir jonivor o‘z uyida, tabiiy muhitida yashashi lozim, deb hisoblaymiz.