2022-yilning dekabr oyi. Yangi yil kirishiga 1 kun qolgan. Sovuq avjiga olgan bo‘lishiga qaramay ko‘chalar tirband. Odamlar yangi yil dasturxoni tadorigini ko‘rishmoqda. Tirbandlikdan asabiylashib mashina radiosi qulog‘ini burayotgan paytim telefon jiringlab qoldi.
-Nargis opa, o‘zingizmi…
Ovoz tanish bo‘lsada, kimligini eslay olmadim.
-Meni tanidingizmi, Mukarramman. Bizni bakalavrda ham, magitsraturada ham o‘qitgan edingiz.
Xotiramning burchaklarini qancha kovlamay Mukarramni eslay olmadim. Universitetda dars beraman. Har yili fakultetini 200 dan ortiq talaba bitiradi… Ammo Mukarramni hafa qilmaslik uchun quyuq salomlashib, qaysi OAVda hozir ishlayotganini so‘radim.
-Hozircha ishlamayapman, xo‘jayinim qo‘madi, ishlashga, dedi u siniq ovozda.
-Maylida, farzandlardan nechta bo‘ldi. Xudo xohlasa, bolalringiz katta bo‘lib qolsa, ishga ham chiqarsiz…
-Yo‘q… Farzandimiz yo‘q. 5-yil bo‘ldi…
-……
Nima deyishimni bilmadim. Bilmay Mukarramning yarasiga tuz sepib qo‘yganimdan hijolat bo‘ldim.
Noqulay jimlikni Mukarramning o‘zi buzdi.
-Nargis opa, sizga bir masalada telefon qilayotgan edim. Raqamingizni zo‘rg‘a topdim. Hozir doriga aptekaga chiqqandim. Eshik yonida juda ham kichkina mushuk bolasini tashlab ketibdi. Bechora juda ham qaltirayapti. Feysbukda postlaringizni ko‘rgandim. Shu mushukchani ola olasizmi?
Bunday iltimoslar juda ko‘p buladi. Buning ustiga bir hafta oldin endi ko‘zi ochilgan 4 ta mushuk bolasini ko‘chadan olgandim. Bir haftadan beri ularga onalik qilib, tunda ham har ikki soatda turib, ularga shprisda ovqat berardim. Ko‘pchilik bemehr insonlar tomonidan ko‘chaga uloqtirilgan kuchuk mushuk bolasini ko‘rib, mas’uliyatni zimmalariga olishni istashmaydi. Darhol kimgadir ushbu mas’uliyatni yuklashga harakat qilishadi.
-Mukarram, nega o‘zingiz olmayapsiz? Havo sovuq, kech ham bo‘ldi. Mening uyimda to‘rtta mushuk bolasi bor. Bundan tashqari o‘zimning katta mushugim ham. Begonsirasa, uni talab tashlashi mumkin.
-Men hech mushuk boqmaganmanda, buning ustiga bu juda ham kichkina.
-Siz mushukchani oling, savobga qolasiz. Allohim bejiz sizni unga ro‘para qilmadi. Farzandimiz yo‘q dedingiz. Avval ana shu go‘dak mushukni boqib, unga mehr berib ko‘ring. Bu ham bir sinov. Ajabmas, Allohim keyin farzand bersa…
-Rostanmi? Hech bu haqida o‘ylab ko‘rmagan ekanman.
-Uni avval uyga olib borib, iliq suvda cho‘miltirib, sutga bitta tuxum sarig‘ini aralashtirib bering. Sut iliq bo‘lsin. Agar o‘zi icha olmasa 5 grammlik shprisda ichirsangiz bo‘ladi. Eng yaxshisi yo‘lingizda do‘kon uchrasa, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar kashasini oling. Unda hamma vitaminlar bor. Quruq sutning o‘zini bersangiz ichi ketishi mumkin.
-Boqalarmikanman… Sizga telefon qilib, so‘rab tursam maylimi?
-Ha.. bemalol…
O‘sha suhbatdan so‘ng Mukarram 2-3 marotaba mushukcha bilan bog‘liq savollar berib, qo‘ng‘iroq qildi. So‘ng jimib ketdi. Bu suhbat yodimdan ham ko‘tarilgan edi. Ammo kecha yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
-Yaxshimisiz Mukarram , yana mushukcha topib oldingizmi?, dedim hazillashib.
Go‘shakdan chaqaloq yig‘isi eshitildi.
-Yo‘q, suyunchi olmoqchiman. Farzandli bo‘ldik.Ismini Baxtiniso qo‘ydik..
-Tabriklayman, siz uchun juda ham xursandman. Umri bilan bergan bo‘lsin. Mushukchi, bormi hali.
-Ha, albatta, Kisa ana o‘tiribdi Baxtinisoga termulib. To‘g‘ri aytgan ekansiz, avval jonivorga mehr berish kerak ekan.
Tirbandlik, bir biriga yo‘l bermay, tinmay signal chalayotgan mashinalar ham yodimdan chiqdi. Kayfiyatim ko‘tarildi. Ko‘z oldimga beshik oldida chaqaloqqa termulib o‘tirgan mushuk keldi…
Nargis Qosimova