“Quloq boshida boʻla turib yangi usulni joriy etdim. Negaki, kanalning quyi qismidagi fermerlar ham tezroq buni amalda qoʻllashlariga oʻrnak boʻlishim kerak” – Habibulla Berdiqulov, fermer.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida, vegetatsiya davrida suv resurslari hajmi koʻp yillik meʼyorga nisbatan Sirdaryo havzasida 10 — 15 foizga, Amudaryo havzasida 15 — 20 foizga kam boʻlishi kutilmoqda, deya 2023-yilgi prognoz maʼlumotlari koʻrsatib oʻtilgan edi.
Hoʻsh, bir qarashda uncha katta boʻlmagan 10-15-20 kabi raqamlar oddiy fuqaroga hech nimani anglatmasligi mumkin. Ammo, “kechiktirib boʻlmaydigan, koʻp yillik meʼyorga nisbatan” kabi soʻzlarchi?!
ASK dasturi rahbari Adrian Nil respublikaning 3 ta hududida olib borgan izlanishlaridan soʻng, 2059-yilga borib Oʻzbekistonda daryo irmoqlarining yoʻqolib ketishi ehtimoli juda yuqoriligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirligi hodimi Farhod (Ismi oʻzgartirilgan) 2020-yildagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, ishlar biroz sust ketayotgan boʻlsada, ammo yangi qaror fermerlargi katta imtiyozlarni berishi sohada ishlarning tezlashishiga turtki boʻlishini bildirdi.
Ekolog.uz bu gaplar aslida haqiqatga naqadar yaqinligiga amin boʻlish maqsadida, bir tuman 2-3 fermer xoʻjalik subyektlari misolida koʻrib chiqishga ahd qildi.
Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumanidan oqib oʻtuvchi “Xon Margunenko” kanali 2019-2021-yillarda Toshkent viloyatining irrigatsiya va melioratsiya tizimini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar dasturiga kiritilgan. Unga asosan kanalning 43 km uzunligi toʻla rekonstruksiya qilinib, 200 dan ortiq fermer va klasterlar qishloq xoʻjaligi maxsulotlarini yetishtirishda kanaldan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldilar. Kanalning yuqori qismida joylashgan “Gʻofurjon-Dilnoza” fermer xoʻjaligining 30 gektar yeriga paxta, yana shuncha maydonda gʻalla ekilgan. Fermer anʼanaviy sugʻorish usulidan 2021-yilda voz kechib, suv tejamkor texnologiyanini tajriba sifatida oʻrnatgan va ilk yigʻim yilidayoq ijobiy natijani seza boshlagan. Fermerning Gʻofurjon Ortiqov: -Ilgari gektardan 30-32 sentner paxta yigʻib olgan boʻlsak, suvni tejamkor texnologiyaga oʻtgach, yiliga 40-45, soʻng 50-55 sentner atrofida hosil yigʻib olishga erishdik. Bundan tashqari yoqilgʻidan, suvdan, ishchi kuchidan ancha mablagʻ ham tejab qoldik”. Fermerning aytishicha, zamonaviy agrar texnologiyani joriy etishni tezlatirish, suvdan yanada samarali, tenglik asosida, oqilona foydalanish imkoniyatini yaratadi. Buning uchun anʼanaviy yaʼni joʻyakli sugʻorishdan tezroq voz kechish zarur.
-Biz kanalning bosh qismida joylashganimiz albatta katta imkoniyat. Ammo ariqqa ketmon bilan suvni ochib, uni besamar sugʻoraversak, bundan hech kim yutmaydi. Aksincha, fermerlar orasida suvga egalik borasida katta nizolarga olib keladi. deydi, Gʻofurjon.
2023-yilda fermerga yana bir qulaylik yaratildi. Suv tejamkor texnologiyani taqdim etgan firma, Alfa-disk, Internet orqali boshqaruv tizimini oʻrnatib berdi.
-Biz mazkur texnologiyani ushbu xoʻjalikka bepul taqdim qilishimiz bejiz emas. Xoʻjalik kanalning yuqori qismida joylashgan va bu unga sugʻorish uchun katta imkoniyat beradi. Ammo biz aynan shu orqali oqimning past qismida joylashgan fermerlarga murojaat qilyapmiz… – Qarang sizdan yuqoridagi fermerlar yangicha sugʻorish usulini joriy etdi va katta daromadga erishdi, endi siz ham buni qoʻllashni boshlang!, deydi Netafim kompaniyasi distribyutori Azizbek Aripov.
Yangi tadbiq etilgan tizim mobil ilova yordamida ishlaydi va uskunani masofadan boshqarish, suv xajmini monitoring qilish, oʻgʻitni toʻgʻri taqsimlash, reja asosida sugʻorish kabi imkoniyatlarni yaratib beradi.
-Rivojlangan davlatlar, yaʼni AQSH, Isroil, Turkiyaning baʼzi qismlari yer ostidan sugʻorish tizimini allaqachon joriy etishni boshlagan. Biz ham kelajakda ushbu usulni Oʻzbekistonga olib kelishni moʻljallamoqdamiz. Toʻgʻri, bu texnologiya mavjud sugʻorish uskunalaradan ikki barobar qimmat. 1 gektarga texnologiya uchun 25 mln soʻm atrofida mablagʻ sarflanadi. Ammo uning kelajakdagi ijobiy natijalarini inkor etib boʻlmaydi: ildizlaring toʻgʻridan-toʻgʻri sugʻorish orqali salmoqli suv tejalishi, oʻgʻitni tejash, ish kuchi sarfining kamayishi, va boshqa bir muncha foydalari bor, – deydi A.Aripov. -Fermer, joriy yil 100% paxta maydonlarini tomchilatib sugʻorishni joriy etgan boʻlsa, kelasi yildan gʻala dalasida sprinkler sugʻorish tizimi qoʻllash niyatida. Garchi bu yil ham pilla va gʻalla hosilini yetishtirib olish uchun anʼanaviy sugʻorish metodidan foydalangan boʻlsak-da, kelasi yil yomgʻirlatib sugʻorish metodini joriy etishni maqsad qilib qoʻydik.
Keyingi manzil Oqqurgʻon tumnida joylashgan “Quvvat” fermer xoʻjaligi. Bir necha yillardan beri suv muammosi bilan kurashib kelgan fermer xoʻjaligi rahbari Xanchay Risgxamedova 2023-yilda suv tejamkor texnologiyalarni joriy etishga ahd qilgan edi. 30 gektar maydonga suv tejamkor texnologiyalarni joriy etgan fermer boshqa ayol-fermerlarga oʻrnak boʻlmoqda. Ammo Xanchay Risgxamedova biz bilan suhbatlashishdan bosh tortdi.
-Tumanimizda 8 % fermer-ayollar suv tejamkor texnologiyalarni joriy etgan. Ular boshqa ayol-fermerlarga oʻrnak boʻlashini istaymiz. Ming taasufki, ular bilan muloqot qilish biroz mushkul ish. deydi jilmayib Suv xoʻjaligi vazirligining suv tejamkor texnologiyalar boʻyicha mutaxassisi SH.N. (ism mutaxassis talabi bilan oʻzgartirilgan).
Yoʻl-yoʻlakay u bizni oxirgi manzilimizga olib borar ekan, tumandagi yangi texnogoliya joriy etgan xoʻjaliklar bilan tanishtirib bordi va orada bir kun oldin ishdan boʻshashga ariza berganligigi aytib oʻtdi.
– Men ishimni juda yoqtiraman. Kerak boʻlsa dala kechib, fermerlar bilan suhbat qilaman. Ularga tezroq zamonaviy metodlardan foydalanish kerakligini tushuntiraman. Shaxsiy transportimni ayamay sahardan to tun qorongʻusigacha tumanni aylanib chiqaman. Ammo oilani bu oylikka boqish…. (hoʻrsinadi SH.N). Mana bu tegirmondagi ishchilar mendan yosh, maʼlumoti oʻrta, ammo mendan 3-4, baʼzilari 7-8 barobar koʻp oylik olishadi. Endi oʻzingiz oʻylang, men bola-chaqali erkak qanday qilib bu arzimagan maoshga oila tebrata olishim mumkin?! Shunga, boshqa ish qidirishga qaror qildim, deydi yigit. Shu oʻrinda aytish joizki, sohada malakali kadrlar almashinuvi muammosini Jahon Bankining Yevropa va Oʻrta Osiyo boʻyicha suv resurlari boshqaruvi mutaxassisi Azad Abdulhamid Toshkentda boʻlib oʻtgan “Yangi Oʻzbekiston: Taraqqiyot, Innovatsiya va Maʼrifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida SH.N. kabi mutaxassislarni moddiy ragʻbatlantirish ishlari olib borilishi zarurligi, aks holda faoliyat samarasi past boʻlishini taʼkidlab oʻtgan edi. Navbatdagi qahramonimiz “Joʻrayev Joʻra” fermer xoʻjaligi rahbari Sardod Abduraxmonov. Marunenko-Xon kanalidagi suv uning xoʻjaligi kanaldan 1-1.5 km uzoqlikda joylpshganligi sababli uning 60 ga ekin maydoniga yetib kelmasligidan nolir ekan, muammoga qanday yechim topganligini aytib berdi:
-Oʻzingiz yoʻlda koʻrganingizday, kanal bizgacha kichik ariq koʻrinishida oqib keladi. Shuning uchun, bu yil suv tejamkor texnologiyalarni 40 ga maydonga joriy etishni rejalashtirib, yer ostidan sugʻorish uchun suvni olishga xarakat qilmoqdamiz.
Fermer aynan biz tashrif buyurgan kun burgʻulash usuli yordamida 180 metr chuqurlikdan yer osti suvlarini tortib, uskunalarniing soʻnggi paxta maydonlariga tayyorlash ishlarini olib borayotgan ekan. Vaholanki, oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan yer osti suvlariga quduq burgʻilash va ulardan foydalanish boʻyicha moratoriy joriy etilgan.
-Xoʻjaligimiz Davlat xizmatlari markaziga ariza topshirganidan soʻng, “Oʻzgidrogeologiya” DUK xulosasiga asosan bizga isteʼmol uchun yaroqsiz, ammo sugʻorish uchun yaroqli boʻlgan suvdan foydalanish uchun ruxsat berildi, deydi fermer xoʻjaligi rahbari.
Afsuski, fermer menga ushbu ruhsatnomani koʻrsata olmadi.
ASK rahbari Adrian Nil sohada katta yutuqlar bilan birga kamchiliklarni ham sanab oʻtar ekan, iqlim oʻzgarishi sharoitida tarmoqlar oʻrtasida integratsiyalashuv jarayoni sust yoki umuman yoʻqligini afsuslik bilan tilga olgan edi. Ekolog Jamoat Birlashmasining Qishloq xoʻjaligi Vazirligi hamda Suv hoʻjaligi vazirliklariga yuborgan soʻrovidan soʻng, uning soʻzlarida “jon” borligiga oʻzimiz ham guvoh boʻldik. Xalqaro toifadagi mutaxassis gaplarining rostligini Suv va Qishloq xoʻjaligi vazirlaridan olingan maʼlumotlarni solishtirishda ham koʻrish mumkin:
Avazxon Xaydarov