Ijtimoiy tarmoqlarda samarqandlik fuqarolar yana bir bor mas’ul tashkilotlardan yordam so‘ramoqda: shahar ko‘chalarida itlarni tutishda qo‘llanilayotgan zo‘ravonlik usullari jamoatchilikni jiddiy xavotirga solmoqda.

Mahalliy faollar va hayvonlarga befarq bo‘lmagan odamlar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab murojaatlar bilan chiqishdi.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanmiz, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz, hatto ayanchli holatlarni aks ettiruvchi xabar va videolar tarqatilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Bu holat nafaqat yurakni ezadi, balki jamiyatimizda muhim axloqiy qadriyatlar yemirilayotganidan ham darak beradi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda 2,3 milliondan ziyod itlar va 46 mingdan ortiq mushuklar mavjud. Uy hayvonlari egalari tomonidan ularni rad etish, shuningdek, nazoratsiz ko‘payish natijasida qarovsiz hayvonlar soni yil sayin ortib bormoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aholi punktlarida it va mushuk boqish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar soni 2021-yilda 10,5 mingta bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 142,6 mingtaga oshgan.
Shuningdek, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar soni ham ortib bormoqda: 2020-yilda 105 ta, 2021-yilda 190 ta, 2022-yilda esa 325 tadan ortiq holat qayd etilgan.
Odamlarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlik allaqachon kundalik hayotimizning achchiq haqiqatiga aylangan bo‘lsa, endi bu kabi yovuz munosabatlar hayvonlarga ham qaratilmoqda. Ayniqsa, ularga nisbatan zo‘ravonlik qilayotganlarning aksariyati yoshlar ekani masalaning eng tashvishli jihatlaridan biridir.
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanman, jurnalist Nargis Qosimova har kuni ko‘chada yashovchi kuchuk va mushuklarni o‘zining oylik maoshidan boqib kelayotganini ko‘rib ta’sirlandim. Shuningdek, taniqli aktrisa Luiza Rasulova va xonanda Manzura ham hayvonlarga mehr ko‘rsatib, Toshkent viloyatidagi itlarni maxsus boqish maskanlariga doimiy moddiy yordam berib kelmoqda.
Paradoksni qarangki, bugun hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi kontentlar ham ko‘p uchramoqda. Xo‘sh, ularni tarqatayotgan va hayvonlarni qiynayotgan shaxslarga nisbatan qanday qonuniy jazo mavjud?
Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida biz “Ekolog” jamoat birlashmasi direktor o‘rinbosari Gulchehra Ergasheva bilan suhbatlashdik.
— Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni ularni g‘arazli yoki g‘ayriinsoniy maqsadlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish, BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoki ushbu huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs huzurida sodir etilgan bo‘lsa, yoxud hayvonlarning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga olib kelgan bo‘lsa, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Har bir jonzotga mehr ko‘rsatish insonni inson qilib turuvchi eng muhim fazilatlardan biridir. Bugun mamlakatimizda tabiatni asrash, ekologik muammolarni hal qilish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo hanuz davlat miqyosida qarovsiz qolgan hayvonlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatadigan va ularni asraydigan maxsus maskanlar yetarli darajada tashkil etilmagan.
Vaholanki, o‘zini hurmat qilgan har bir jamiyatda qarovsiz qolgan uy hayvonlarini parvarishlash uchun maxsus boshpanalar mavjud bo‘ladi.
Har bir uy hayvoni tabiatdagi barcha tirik jonzotlar singari mehrga muhtoj. Buni unutmaslik lozim!