Sayg‘oqlar qadim zamonlardan beri Markaziy Osiyo hududida yashab keladi. Ajdodlarimiz ushbu hayvonlar ularning xonadonini, yerlarini va Vatanini har qanday evilikdan asraydi degan e’tiqod bilan ularni doimo muhofaza qilishgan. Ammo XX asr oxiri va XXI asr boshlari Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston ekotizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan ushbu tinchliksevar hayvonlarning ommaviy qirib tashlanishi bilan yodda qoldi. Bugungi kunda respublika hududida ular deyarli qolmagan, «Sayg‘achiy» buyurtmaxonasi esa amalda bo‘shab qolgan. Sayg‘oqlar populyasiyasini tiklash mumkinmi?

Ushbu va boshqa savollarga Sayg‘oqlarni saqlash bo‘yicha Xalqaro alyans ijrochi kotibi Yelena Aleksandrovna Byikova javob berdi.
— Yelena Aleksandrovna, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda sayg‘oqlarning ommaviy qirilishi (o‘limi) haqida mish-mishlar yuribdi. Shunday holat 2015 yilda Qozog‘istonda qayd etilgan edi. Shuningdek, ularning go‘shti uchun brakonyerlar tomonidan otilayotgani haqida ham gap-so‘zlar bor. Bu mish-mishlar qanchalik asosli?
— Sayg‘oqlarning ommaviy o‘limi hayvonlar uchun katta fojia bo‘ldi. Bu holat 2015 yilning may oxiri – iyun boshlarida Markaziy Qozog‘iston hududida pasterella bakteriyasi tufayli kelib chiqqan edi. Ommaviy qirilish juda kutilmaganda va qisqa fursatda yuz berdi. Bu bakteriya kavsh qaytaruvchi hayvonlar organizmida doimiy yashaydi. Ammo olimlar orasida o‘sha davrda ushbu bakteriya nega sayg‘oqlar organizmida ommaviy ko‘payib ketgani bo‘yicha hanuzgacha yagona fikr yo‘q. Buning uchun patogen ko‘payishiga turtki bergan biror-bir stress-faktor sabab bo‘lgan bo‘lishi kerak. Kasallik tufayli sayg‘oqlar populyasiyasining 60 foizi nobud bo‘ldi. Bu holat aynan bolalash (tuqish) davridan keyin sodir bo‘ldi, u paytda urg‘ochilar juda holsizlangan edi. Shuningdek, ob-havo omillari, xususan yomg‘irlar ham bakteriyaning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Xayriyatki, O‘zbekistonda pasterellez kasalligi qayd etilmadi.
Shuningdek, chegaralararo Ural sayg‘oqlar populyasiyasi ham mavjud bo‘lib, u 2010–2011 yillarda pasterellez avj olishidan aziyat chekkan edi. Sayg‘oqlarning yana bir kenja turi bo‘lib, u Mo‘g‘uliston hududida yashaydi. 2016 yil oxiri va 2017 yil davomida Mo‘g‘uliston hududida sayg‘oqlar qirilib ketdi. Bunga mayda kavsh qaytaruvchi hayvonlar o‘lat kasalligi sabab bo‘ldi. Avval u yerda mayda shoxli molda o‘lat tarqaldi. Mo‘g‘ul cho‘ponlari uy hayvonlarini yovvoyi hayvonlardan ajratib ajratmadi va kasallik sayg‘oqlarga, tog‘ echkilariga hamda boshqa jonzotlarga o‘tdi. Yaqindagina Sayg‘oqlarni saqlash alyansi Mo‘g‘uliston sayg‘oqlari populyasiyasining 54 foizi yo‘qotilgani haqidagi statistikani qo‘lga kiritdi. Hozirgi vaqtda Mo‘g‘uliston va Qozog‘iston hukumatlari sayg‘oqlar kasalligiga qarshi kurash olib bormoqda. Har ikkala mamlakat hukumatlari zudlik bilan ekspertlar jamoasini yig‘di. Nobud bo‘lgan hayvonlarni ko‘mish, kasallik o‘chog‘ini bartaraf etish hamda hayvonlar o‘limi kuzatilgan joylarda aholi o‘zini qanday tutishi bo‘yicha profilaktika ishlarini olib borish kerak edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari, epidemiologlar, veterinarlar, zoologlar va boshqa kuchlar safarbar etildi. Hozirgi kunda cho‘ponlar bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Cho‘ponlar uy hayvonlarini o‘z vaqtida emlatmagani uchun o‘zlari aybdor bo‘lsa-da, aybni o‘zlariga emas, sayg‘oqlarga ag‘darib, ularni yaylovda uy hayvonlariga raqobatchi va kasallik manbai deb hisoblashadi (vaholanki, hammasi aksincha).
— 2002 yilda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) tomonidan ushbu tur «CR» (Kritik darajada yo‘qolib ketish xavfi ostida) kategoriyasiga kiritilgan edi. Bu qanday kategoriya? Sayg‘oqlar O‘zbekiston biologik xilma-xilligida qanday rol o‘ynaydi?
— Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi turlarning yo‘qolib ketish darajasini belgilaydigan tasniflash tizimini ishlab chiqqan. Ba’zi turlar jarlik yoqasida turibdi (yana bir qadam va ular yo‘qoladi), ba’zi turlar yo‘qolishga yaqin, ba’zilari zaif va yo‘qolish xavfi past bo‘lgan turlardir. Sayg‘oq yo‘qolish xavfi yuqori bo‘lgan tur hisoblanadi.
Tarixga nazar tashlasak, XIX asr oxirida sayg‘oqlarning yashash hududi (areali) bugungidek bir nechta ajratilgan populyasiyalarga bo‘linmagan edi. Ular juda ko‘p bo‘lgan. Tarixiy manbalarda aytilishicha, ko‘chish (migratsiya) davrida sayg‘oqlar hatto Toshkentgacha yetib kelgan. Ammo XX asrning 20-yillari boshida shoxlari uchun hayvonlarni ommaviy qirish boshlandi. Keyinchalik Vladimir Leninning maxsus dekreti chiqib, hayvonlarni otish taqiqlandi va sayg‘oqlar qat’iy muhofazaga olindi. 1950-yillar boshiga kelib ularning soni qayta tiklandi. Afsuski, XXI asr boshlariga kelib sayg‘oqlar soni yana keskin kamayib ketdi. Xshsh, sayg‘oqlar nega halok bo‘lmoqda? Asosan brakonyerlar qo‘lida! Chunki sayg‘oq shoxlari xalqaro qora bozorda juda qimmat baholanadi.
— Sobiq Ittifoq parchalanib ketgach, shoxlarini Xitoyga olib chiqib ketish maqsadida sayg‘oqlarni nazoratsiz ovlash boshlandi. Geo jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, 1990 yildan 2003–2006 yillargacha dunyodagi sayg‘oqlar soni 94–97 foizga qisqargan. Sayg‘oqlarning kelajagi haqidagi prognozlar qanchalik qorong‘i?
— XX asr o‘rtalarida O‘zbekistonda sayg‘oqlar juda ko‘p edi. Bu qadimiy, relikt hayvon. U bizning yarim cho‘l sharoitimizga juda yaxshi moslashgan. Ustyurt platosi — sayg‘oqlarning tabiiy areali bo‘lib, u yerda ushbu hayvonlarning ko‘chishi va ommaviy ko‘payishi kuzatilgan. Olimlarning aynan O‘zbekistonda sayg‘oqlarning ommaviy bolalashini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy ishlari bor. Ustyurtning O‘zbekiston qismi ushbu hayvonlarning eng yaxshi qishlash joyi hisoblanadi. Yuz minglab suruvlar Qozog‘istonning shimoliy hududlaridan kelib, bizda qishlar edi.
1990-yillar boshida, tartibsizliklar yuzaga kelganda, shoxlari uchun sayg‘oqlarni ommaviy otish boshlandi. Shoxlar Xitoyga sotilardi, u yerda an’anaviy Xitoy tabobatida foydalaniladi. Aytgancha, 1950-yillargacha sayg‘oq Xitoy hududida ham yashagan, ammo u yerda butunlay qirib tashlangan. Keyin Markaziy Qozog‘istonda deyarli yo‘q qilindi, biroz vaqt o‘tib Ustyurt sayg‘oqlariga ham navbat yetdi. An’anaviy ravishda bizda shoxlar hech qachon ishlatilmagan, odamlar faqat go‘shti uchun ov qilishgan. Ilgari sayg‘oq bosh suyagini xonadonni yomonlikdan asraydi degan e’tiqod bilan tumor sifatida devorga osib qo‘yishardi. Hozir mahalliy uylarda bunday tumorlarni ko‘rmaysiz, hammasini sotib yuborishgan. Sayg‘oqlarni ham ilgagidek uchratib bo‘lmaydi. Ularning soni yuz minglab ko‘rsatkichdan bir necha minggacha qisqarib ketdi.
Sayg‘oq 2008 yilda respublika Qizil kitobiga kiritilgan. O‘shanda hayvonning maqomi «zaif» deb baholangan edi. Hozirgi vaqtda Qizil kitobning yangi tahriri tayyorlanmoqda va unda sayg‘oqning maqomi oshiriladi, chunki ularning soni kamayishda davom etmoqda va maqomi «keskin xavf ostida» (kritik darajada) deb baholangan.
Qozog‘istonda hozirgi kunda eng katta sayg‘oqlar suruvi mavjud va u yerda haligacha Qizil kitobga kiritilmagan, chunki odamlar uni tezda tiklay olamiz deb ishonishadi. Haqiqatan ham, samarali tabiatni muhofaza qilish siyosati hisobiga u yerda sayg‘oqlar soni tiklana boshladi.
Sayg‘oq juda aqlli hayvon, mahalliy sharoitga yaxshi moslashgan. Qadimdan cho‘ponlar sayg‘oqlar yurgan yo‘llardan foydalanishgan, chunki ular ko‘chish uchun eng yaxshi joylarni tanlagan, suv havzalari va yaxshi yaylovlar qayerda joylashganini bilishgan. Sayg‘oq ekotizimni saqlash va tiklash uchun juda muhimdir. Uy hayvonlaridan farqli o‘laroq, sayg‘oq o‘simliklarning faqat ustki qismini yeydi, uy hayvonlari esa ko‘pincha o‘simlikni tomiri bilan yeb, payhon qiladi, bu esa yaylovlarning degradatsiyasiga (ishdan chiqishiga) olib keladi. O‘rta asrlarda Ustyurt hududida qulonlar, jayronlar va sayg‘oqlar yashagan bo‘lib, ular eng ko‘p tarqalgan jonzotlar edi. Xorazmshohlar davrida armiyani boqish uchun ushbu yovvoyi hayvonlarning go‘shti g‘amlangan. Katta ehtimol bilan, bu barqaror ovchilik bo‘lgan. Ammo XX asrdan boshlab, o‘qotar qurollar kashf etilgach, ovchilik ommaviy ravishda hayvonlarni o‘ldirishga aylandi va bu populyasiyalarning qayta tiklanish qobiliyatiga putur yetkazdi.
— Sayg‘oqlar ko‘chib yuruvchi hayvonlar. «Sayg‘achiy» qo‘riqxonasini (buyurtmaxonasini) tashkil etish qanchalik o‘zini oqlaydi? Buki ularning qaytib kelmaslik ehtimoli bor-ku?
— O‘zbekistonda «Sayg‘achiy» buyurtmaxonasi 1991 yilda Qoraqalpog‘iston hududida ochilgan. O‘sha paytda buyurtmaxona yuridik shaxs maqomiga ega emas edi, ya’ni u yerda hududni va u yerda yashaydigan hayvonlarni muhofaza qilish uchun shtat biriktrish nazarda tutilmagan. 2008 yildan boshlab buyurtmaxonani qayta tashkil etish bo‘yicha harakatlar boshlandi. Turli tashkilotlar tomonidan ko‘p sa’y-harakatlar qilindi, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining ushbu hududda bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha loyihasi amalga oshirildi. Vaziyat 2016 yilning avgust oyigacha kritik holatda qoldi. Avgust oyida nihoyat maqomni o‘zgartirish bo‘yicha qaror imzolandi. Hozirgi kunda ikkita dala bazasi qurildi, mashinalar, dala uskunasi xarid qilindi. Ishlash uchun hamma narsa tayyor, ammo bularning barchasi 2017 yilning may oyigacha chang bosib yotdi, o‘shanda nihoyat 11 kishidan iborat inspektorlar shtati shakllantirildi. Hudud juda katta, shtat esa juda kichik. Qayta tashkil etish ishlari ketayotgan bir vaqtda, tabiiyki, brakonyerlar uxlab o‘tirgani yo‘q va sayg‘oqlar hamda boshqa hayvonlarni — bo‘rilar, tilkilar, jayronlarni ovlashda davom etishdi. Oxirgi besh yil ichida sayg‘oqlar deyarli yo‘qolib ketdi. 2017 yilning may oyida biz Ustyurtda, Orolning qurigan tubida va Orol dengizi qurishi sababli yarim orolga aylangan sobiq Uyg‘onish (Vozrojdeniye) orolida sayg‘oqlarning faqat yakka-yolg‘iz izlarinigina topa oldik. Ammo qo‘shni mamlakatlarda bo‘lgani kabi, yaxshi muhofaza tashkil etilsa, sayg‘oqlar soni tiklanishi mumkin. Kerak bo‘lgan yagona narsa — noqonuniy ov hamda shox va go‘sht savdosi hollarini aniqlash va unga chek qo‘yish bo‘yicha haqiqatan ham samarali ishni yo‘lga qo‘yishdir.
— Yelena Aleksandrovna, sayg‘oqlarning avvalgi populyasiyasini tiklash mumkinmi?
— Mening prognozim optimistik. Bularning barchasi inson aybi bilan sodir bo‘ldi va inson barchasini tuzatishi mumkin. Shunchaki hayvonlar muhofazasini kuchaytirish kerak. Bu yo‘nalishda qat’iy choralar qo‘llash lozim. Davlat inspeksiyasi va muhofaza etiladigan hududlar inspeksiyasining shtat birliklarini ko‘paytirish kerak. Hayvonlarning iqlim o‘zgarishiga, ya’ni havo haroratining ko‘tarilishiga moslashishiga yordam berish uchun sayg‘oqlar va boshqa turlar uchun brakonyerlardan muhofaza qilingan sun’iy suv havzalarini barpo etish zarur.
Hozirgi kunda aholi o‘rtasida katta profilaktika ishlari olib borilmoqda. Bugun ko‘pchilik sayg‘oq O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilganini biladi. Hozirgi kunda hatto nobud bo‘lgan sayg‘oqlarning eski shoxlarini ham olib chiqib ketish taqiqlangan. Juda yuqori jarimalar belgilangan va fuqarolar yangi hamda eski shoxlar kontrabandasi uchun javobgarlikka tortiladi.
Ustyurt platosining barcha ekotizim komponentlarini muhofaza qilish kerak. Sayg‘oqlarni yo‘q qilish orqali inson noyob ekotizimning nozik zanjirini uzadi. Bu esa juda yomon. Sayg‘oqlarga o‘simliklar dunyosi hamda boshqa hayvon turlari, masalan, yirtqichlar — bo‘rilar, yirtqich qushlarning ahvoli bog‘liq.
Sayg‘oqlar populyasiyasini tiklashda yana bir muammo bor. Yuqorida aytib o‘tilganidek, sayg‘oqlar ko‘chib yuruvchi hayvonlardir. Ularni tiklash uchun ularning hayot siklidagi turli davrlarda eng maqbul bo‘lgan hududlar kerak. Agar yozda ular Qozog‘iston hududida yashasa, qishda O‘zbekistonga ko‘chib o‘tadi. Ammo 2012 yilda Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegarada devor (to‘siq) qurildi. Afsuski, chegaradosh devor qurilishi bo‘yicha davlatlararo shartnoma imzolanishida bu bioxilma-xillikka qanday ta’sir ko‘rsatishi hisobga olinmagan edi. O‘sha paytdagi O‘zbekiston Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan qo‘shni tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari bilan faol yozishmalar olib borildi. O‘zbekiston devor sayg‘oqlarning ko‘chishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida ogohlantirgan edi. Keyinchalik xalqaro va milliy tashkilotlarning katta mehnatlari natijasida sayg‘oqlar o‘ta olishi uchun devor konstruksiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Faqat 2016 yildagina 300 kilometrlik devor bo‘ylab har bir kilometrda maxsus koridorlar (yo‘laklar) tashkil etildi. Vaholanki, eng yaxshi yechim uni butunlay olib tashlash bo‘lardi. O‘zbekiston tomonidan sayg‘oqlar sonini muhofaza qilish kafolatlanadi, chunki allaqachon muhofaza etiladigan tabiiy hudud mavjud, ammo buni hamkorlikda qilish kerak.
Hozirgi kunda biz juda ko‘p ma’rifiy va profilaktik ishlarni olib bormoqdamiz. 1990-yillar boshida odamlar tirikchilik manbai bo‘lmagani uchun o‘z jonini saqlash maqsadida brakonyerlik bilan shug‘ullanishgan. Bugun vaziyat boshqacha. Brakonyerlik bilan jazo muqarrarligiga ishonmaydigan kishilar shug‘ullanmoqda. Shuning uchun yana bir bor takrorlayman, noqonuniy ov va shoxlar kontrabandasi ustidan nazoratni kuchaytirish kerak. Sayg‘oq — noqonuniy chegaralararo savdo ob’ekti. Uni muhofaza qilish uchun nafaqat ekologlar va tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari xodimlari, balki kuchishlatar tuzilmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ham jalb etilishi kerak. 2017 yilda Toshkent viloyatida 2 partiya sayg‘oq shoxlari chet elga olib chiqib ketilayotganda ushlab qolindi, Xorazmda ham sayg‘oq va jayron shoxlarini olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Kontrabandaning oldini olayotgan bojxona xodimlariga tasakkur! Ammo huquqni muhofaza qiluvchi organlar hayvonlarning turli turlarini va ularning tana qismlarini identifikatsiya qilish (aniqlash) bo‘yicha yetarli malakaga ega emaslar. Shuningdek, hayvonot dunyosi ob’ektlarini olib kirish va olib chiqish bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish qoidalarini bilishda ham malaka yetishmaydi. Shuning uchun bojxona postlarida ishlash uchun qo‘shimcha biolog shtat birligini tashkil etish taklifini kiritsa yaxshi bo‘lardi.
Suhbatlashdi: Nargis QOSIMOVA