Ekologik ekspertiza – xavfsiz rivojlanish asosi

Ekologik ekspertiza – xavfsiz rivojlanish asosi

So‘nggi yillarda atrof-muhitni asrash masalasi butun dunyoda dolzarb mavzulardan biriga aylangan. Sanoatning rivojlanishi, qurilishlarning ko‘payishi, tabiiy resurslardan foydalanish jarayonida tabiatga yetayotgan zarar tobora kuchayib bormoqda. Bu zarar keyinchalik inson salomatligi, havo sifati, suv resurslari va yer unumdorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu va shunga o‘xshash salbiy oqibatlarning oldini olish uchun har qanday xo‘jalik yoki texnik loyiha ishga tushishidan oldin uning atrof-muhitga qay darajada ta’sir qilishi aniqlanadi va bu jarayon ekologik ekspertiza deb ataladi.

Ekologik ekspertiza — bu atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har bir loyiha yoki faoliyatni ilmiy asoslangan holda tahlil qilish va baholash jarayonidir. Bu ekspertiza qandaydir faoliyat boshlanishidan oldin uning atrof-muhitga ta’sirini baholaydi, zarur hujjatlarni tekshiradi, ekologik xavflarni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi va ekologik qonunlarga rioya qilinishini ta’minlaydi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, bu jarayon to‘rt turda amalga oshiriladi: davlat, jamoat, xususiy va ilmiy ekologik ekspertiza.

Davlat ekologik ekspertizasi — bu hukumat tomonidan rasmiy tartibda olib boriladigan majburiy jarayondir. Uni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari amalga oshiradi. Jamoat ekologik ekspertizasi esa fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari yoki ekologik harakatlar tomonidan o‘z tashabbuslari asosida amalga oshiriladi. Xususiy ekologik ekspertiza — korxona yoki muassasalar tomonidan o‘z ichki tashabbusiga ko‘ra tashkil etiladi. Ilmiy ekologik ekspertiza esa ilmiy-tadqiqot institutlari yoki oliy ta’lim muassasalari tomonidan bajariladi.

2025-yil 24-fevralda qabul qilingan “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, ekologik ekspertiza faqat yangi loyihalargagina emas, balki mavjud ishlab chiqarish obyektlariga, chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalariga, tabiiy resurslardan foydalanish normalariga ham qo‘llaniladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yil davomida O‘zbekistonda 21 471 ta loyiha ekologik ekspertizadan o‘tkazilgan, shundan 18 883 tasi ijobiy xulosa olgan, 2 396 tasi qayta ishlashga yuborilgan va 162 ta loyiha rad etilgan. Dunyo tajribasiga nazar tashlansa, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Hindiston, Kanada, Braziliya va boshqa ko‘plab davlatlarda ekologik ekspertiza qonuniy va majburiy tartibga aylangan. Masalan, AQShda “Keystone XL” neft quvuri loyihasi va “Pebble Mine” koni atrof-muhitga zarar yetkazishi mumkin bo‘lganligi sababli ekspertiza natijasida bekor qilingan. Xuddi shunday, Yevropada “Stuttgart 21” temiryo‘l loyihasi qayta ko‘rib chiqilgan, Hindistonda esa “Vedanta boksit” koni loyihasi jamoatchilik noroziligi va ekologik xulosa asosida to‘xtatilgan.

Ekologik ekspertiza tabiatni himoya qilish uchun juda muhim. Har qanday loyiha avval atrof-muhitga qanday ta’sir qilishi aniqlanishi kerak. Bu jarayon orqali ekologiyamizga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning oldi olinadi. Ko‘pchilik uchun bu mavzu begona tuyulishi mumkin, lekin u har bir fuqaro uchun ahamiyatli. Tabiat bizning umumiy boyligimiz, uni asrash hammamizning vazifamiz.

Saidova Zebo