Davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida metodik qo‘llanmalar ishlab chiqish, fermerlar, dehqonlar va boshqa foydalanuvchilarga keng tarqatish bo‘yicha Agrobankka aniq topshiriqlar berilgan edi. Topshiriqlar ijrosi doirasida Agrobank tomonidan “Agrobooks” loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha doirasida dastlab qishloq xo‘jaligida hosildorlik va samaradorlikni keskin oshirish, ilg‘or texnologiyalar, ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish bo‘yicha Turkiya tajribasi asosida O‘zbekiston iqlimiga mos “100 kitob to‘plami” ishlab chiqildi.
“100 kitob to‘plami” barcha hududlardagi fermerlar, tadbirkorlar va dehqon xo‘jaliklariga 20 000 ta qo‘llanmalar to‘plami — 2 million dona kitob shaklida chop etildi va bepul tarqatildi. Keng foydalanuvchilarni qamrab olish maqsadida, elektron nusxasi bankning internet saytlariga joylashtirildi. Bugungi kunga qadar 140 mingdan ortiq foydalanuvchi tomonidan yuklab olingan.
Shuningdek, “Agrobooks” loyihasi doirasida “O‘simliklar himoyasi” sohasidagi metodik qo‘llanmalar xorijiy tajriba asosida tayyorlanib, o‘simliklarni himoya qilish va kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha kitoblar to‘plami ishlab chiqildi. Mazkur kitoblar to‘plami ham barcha hududlardagi fermerlar, tadbirkorlar va dehqon xo‘jaliklariga bepul tarqatildi va elektron shakllaridan foydalanish imkoniyatlari yaratilgan. Metodik qo‘llanmalarni ishlab chiqishda Agrobank qoshida ilmiy guruh tashkil etildi va 120 nafardan ortiq soha mutaxassislari, olimlar va o‘qituvchilar jalb qilindi.
Ushbu kitoblarni tayyorlash va chop etish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Agrobank tomonidan moliyalashtirildi. Agrobankning qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashdagi navbatdagi muhim tashabbusi — “Suv kitob” to‘plami taqdim etilmoqda. Ushbu metodik qo‘llanmalar to‘plami “Agrobooks” loyihasining davomi sifatida ishlab chiqildi.
To‘plam 30 ta metodik qo‘llanmadan iborat bo‘lib, fermerlar va mutaxassislar uchun suvdan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy qo‘llanma hisoblanadi. Loyiha Xitoy va Turkiya tajribasi asosida, 50 nafar mutaxassis ishtirokida ishlab chiqildi. “Suv tekin emas!” g‘oyasi asosida tayyorlangan kitoblar video, audio va elektron shaklda ham taqdim etiladi. To‘plam yil yakuniga qadar barcha fermer va dehqonlarga bepul tarqatiladi. Agrobank qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalarga bag‘ishlangan loyihalarni amalga oshirishda davom etadi.