Qizil Kitobdagi Bo‘z Echkiemar ustida vahshiylik: qonuniy chora ko‘rish vaqti keldi

Qizil Kitobdagi Bo‘z Echkiemar ustida vahshiylik: qonuniy chora ko‘rish vaqti keldi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Gayrat Gafurov” nomi ostida faoliyat yurituvchi shaxs tomonidan tarqatilgan vahshiy videoyozuv keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Qizil Kitobiga kiritilgan Bo‘z echkiemar og‘ziga nos solingan holda aks etgan bo‘lib, hayvonning halok bo‘lishi jarayoni videoga olingan va tarmoqda tarqatilgan. Bu kabi holatlar nafaqat axloqiy me’yorlarga zid, balki qonunbuzarlik sifatida ham baholanadi.

Fuqaroning shaxsini aniqlash uchun videoda ko‘rinib turgan 80 J 144 OA davlat raqamli avtomashina muhim dalil hisoblanadi. Mazkur mashinani aniqlash vaqti yetdi — qonunchilik doirasida huquqiy chora ko‘rish zarur.

Bo‘z echkiemar — noyob va himoyaga muhtoj turning o‘ldirilishi fojia emasmi?

Bo‘z echkiemar (lotincha: Varanus griseus) — O‘rta Osiyo faunasining eng yirik kaltakesaklaridan biri bo‘lib, u echkiemarlar oilasining yagona vakili hisoblanadi. Uning uzunligi dumi bilan birga 160 sm ga yetadi, og‘irligi esa 2,5 kg dan ortiq bo‘lishi mumkin. Mazkur turning O‘zbekiston Qizil Kitobiga, shuningdek, Xalqaro Qizil Ro‘yxatga kiritilgani — u global miqyosda yo‘qolib ketish xavfi ostida turganidan darak beradi.

Bo‘z echkiemar tabiatan kuchli, yirtqich, harakatchan va ehtiyotkor jonivor hisoblanadi. U qumli cho‘llarda, toshli adirlarda, tog‘ etaklarida va daryo bo‘ylaridagi jarliklarda yashaydi. Zarur bo‘lsa, past daraxtlarga ham chiqib, balandlikdan sakrashi mumkin.

U odam bilan to‘qnash kelganida o‘zini himoya qilish uchun tanasini shishirib, ovoz chiqaradi, tilini chiqaradi va tishlashga urinish bilan tahdid qiladi. Juda og‘riqli tishlashga e

ga bo‘lib, hatto katta odamning barmog‘ini tishlab uzib yuborishi mumkin.

Bo‘z echkiemarning ozuqasi ham xilma-xil: u hasharotlar, chayonlar, kaltakesaklar, ilonlar (shu jumladan zaharli turlari), qushlar, kemiruvchilar va tuxumlar bilan oziqlanadi. May oyida juftlashib, iyun–iyul oylarida 6 tadan 23 tagacha tuxum qo‘yadi.

Qonun ustuvor bo‘lishi kerak

Qizil Kitobga kiritilgan hayvonni shafqatsizlik bilan o‘ldirish va bu holatni ommaga tarqatish — qonunga zid harakatdir. Bu nafaqat ekologik jinoyat, balki yosh avlod ongida zo‘ravonlikni targ‘ib qilishga ham teng.

Tegishli huquq-tartibot organlari ushbu holat yuzasidan surishtiruv olib borishi, hayvonot dunyosiga qilingan bu tajovuzga nisbatan qat’iy chora ko‘rishi zarur. Chunki tabiat — bizniki e

mas, uni bizdan keyingi avlodlarga sog‘-salomat yetkazish insoniy burch hisoblanadi.