O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan Sea Breeze Uzbekistan loyihasi keng jamoatchilik muhokamasini keltirib chiqarmoqda. Loyihaga ko‘ra, Chorvoq ko‘li sohilida zamonaviy dam olish majmuasi qurilishi va uning ortidan yirik sarmoya kirishi ko‘zda tutilgan. Jamoatchilik mazkur qurilish nafaqat iqtisodiy foyda, balki atrof-muhitga salbiy ta’sir xavfini ham yuzaga keltirishidan xavotirda. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekistonning qator ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Ozarbayjonga tashrif tashkil etildi. Safar doirasida jurnalistlar Boku shahri yaqinida joylashgan va tadbirkor Emin Agalarovga tegishli bo‘lgan Sea Breeze Resort dam olish majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tashrifdan asosiy maqsad — mazkur majmuaning ekologik yondashuvlari, infratuzilmasi va atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish borasidagi tajribasini o‘rganish hamda uni O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan Sea Breeze Uzbekistan loyihasi bilan solishtirishdan iborat bo‘ldi.
Emin Agalarov: Chorvoq allaqachon xavf ostida
Loyiha asoschisi Emin Agalarov jurnalistlarga bergan interv’yusida Chorvoq bugungi kunda allaqachon ekologik xavf ostida ekanligini ta’kidladi. U yerda suv sifati yil sayin yomonlashib bormoqda. Bu holatning sabablari sifatida oqova suvlarni yig‘ish tizimining mavjud emasligi, mavjud tuzilmalarning samarasizligi va qurilishlardagi beqarorlik ekanligshini va bu borada o‘zbek ekologlari bilan fikrlashganini aytdi.
– Shu sabab, butun Chorvoq bo‘ylab umumiy kollektor qurish taklifini bermoqchiman. Bunday amaliyot Bokuda muvaffaqiyatli joriy etilgan. O‘zbekistonda loyiha doirasida barcha qurilishlar ekologik standartlarga muvofiq olib boriladi. Shuningdek, xalqaro ekologlardan iborat maslahat kengashi ham shakllantiriladi. Qurilishdan avval ekologik ekspertiza, davlat organlari bilan kelishuvlar va jamoatchilik eshituvlari tashkil etiladi. Zero, ekologik normalarga rioya qilmasdan bu loyihani amalga oshirish imkoni yo‘q – bu nafaqat biznes uchun, balki shaxsiy mas’uliyat masalasi hamdir. Sea Breeze Uzbekistan loyihasi tabiiy hududlarning asrashini inkor etmaydi, balki, aksincha, uni yaxshilashni maqsad qiladi. Hozirgi tabiiy holatdagi besh xil daraxt turiga qo‘shimcha ravishda, landshaft dizaynerlari va biologlar orqali o‘nlab yangi, mahalliy iqlimga mos o‘simlik va butalar joriy qilinadi, dedi E.Agalarov.
Chiqindilar bilan bog‘liq muammolarga to‘xtalar ekan, tashabbuskor bu masalani alohida nazoratda tutishini ta’kidladi:
-Qurilish chiqindilari maxsus kompaniyalar orqali yig‘iladi va utilizasiya qilinadi. Qurilishda aqlli texnologiyalar va quyosh panellari keng joriy etiladi. Birinchi bosqichda 45 ta bino quyosh batareyalari bilan jihozlanadi. Shaharchada barcha uylar «aqlli» boshqaruv tizimiga ulanadi. Loyiha «o‘zini o‘zi ta’minlaydigan yashil shahar» tamoyiliga asoslanadi – maktablar, shifoxonalar, bog‘chalar, dam olish maskanlari va ish o‘rinlari bir hududda joylashadi. Bu hudud faqat mavsumiy emas, doimiy yashash uchun mo‘ljallangan. Hozirda Ozarboyjondagi Sea Breeze loyihasida 7 ming doimiy ishchi va 15 mingga yaqin xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bevosita ishlamoqda. Ularning 1000 nafari mahalliy aholi va tarixan shu hududda istiqomat qilganlardir. Chorvoqda ham yangi ish o‘rinlari, mahalliy iqtisodiyotning rivojlanishi va sayyohlar oqimining oshishi ko‘zda tutilgan.
Jamoatchilikdagi asosiy savollardan biri – «plyajlar xususiylashtiriladimi?» degan xavotir. Emin Agalarovning ta’kidiga ko‘ra, “plyajlar ochiq va umumiy bo‘ladi. Bokudagi Sea Breezeda ham pulli va bepul plyajlar bir xil darajada xizmat ko‘rsatadi, Chorvoqda ham shunday bo‘ladi. 5 kilometrlik loyiha hududi butun Chorvoq sohilining faqat bir necha foizini tashkil etadi. Loyihaning umumiy qiymati taxminan 10 milliard dollar etib belgilangan. Dastlabki bosqichda 300 ming kv.m qurilish rejalashtirilgan bo‘lib, unga 400–450 million dollar sarflanadi. Foyda darajasi 30% atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Qo‘shimcha ravishda, bir yilda loyiha doirasida sotilgan ko‘chmas mulkdan olingan foydaning katta qismi – ekologiya, infratuzilma va jamoat obektlariga sarflanmoqda.
Sea Breeze Uzbekistan loyihasining ekologik xavflari
Ayni paytda Chorvoq hududi Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i ichida joylashgan. Chorvoq atrofidagi o‘rmon va tog‘ landshaftlari – bu mintaqa ekotizimining asosiy qismidir. 2023 yilda The Guardianda chop etilgan maqolada qayd etilganidek, Orolbo‘yi hududida amalga oshirilgan qurilishlar natijasida tabiiy yerlar 20% gacha qisqargan va bu holat tuproq namligining pasayishi hamda chang bo‘ronlarining ko‘payishiga olib kelgan. Chorvoqda ham shunday jarayon qaytarilishi mumkin. Avvalo qurilish uchun daraxtlarning kesilishi qushlar, sut emizuvchilar va hasharotlar uchun makonlar yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Yangi ko‘chatlar esa tabiiy o‘rmonning o‘rnini bir necha o‘n yillar davomida to‘ldira olmaydi. Bundan tashqari Chorvoq suv xavzasi – Toshkent viloyatining asosiy suv zaxiralaridan biri, shuningdek, turli baliq turlari (zog‘ora baliq, laqqa va h.k.) uchun yashash muhitidir. Qurilish vaqtida yuzaga keladigan yer qazish, sement, neft’ mahsulotlari, chiqindilar oqimi – suvdagi kislorod miqdoriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 2022 yilda O‘zbekiston Ekologik Harakati rasmiy saytida e’lon qilingan tahliliy maqolada ta’kidlanishicha, suv havzalari atrofida turizm faoliyati kuchayishi – suvdagi fosfatlar miqdorining oshishi, baliq populyasiyalarining qisqarishi va suv o‘simliklarining haddan tashqari o‘sishiga olib kelgan. Ammo Emin Agalarov jurnalistlarga qurilish boshlanishi va qurilishdan so‘ng suvning ifloslanish darajasini ekspertizadan o‘tkazib, amalga oshirilgan ekologik tadbirlar natijasida suv oldingidan ancha toza bo‘lishiga kafolat berdi.
Chorvoq tog‘ yetaklari va ko‘l sohillari ko‘chmanchi qushlar uchun dam olish nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi. Qurilish ishlari va turistik harakatning ortishi shovqin, yorug‘lik ifloslanishi va transport harakati tufayli qushlarning ko‘payishi va inalar qurishini buzishi mumkin.
Chorvoqda markazlashgan kanalizasiya tizimi mavjud emas. Bunday miqyosdagi majmua uchun yetarli darajada tozalash tizimi qurilmasa, suvning biologik ifloslanishi (bakteriyalar, viruslar, azot va fosfat moddalari ortishi) yuz beradi. MAzkur muammoga alohida to‘xtalgan Agalarov “hukumat loyiha amalga oshirilsa, kanalizasiya tizimini qurishga tayyorligini bildirdi”.
Qurilish paytida yuz beradigan mexanik aralashuv, texnika harakati, asfal’t yotqizilishi va yo‘l kengaytirish ishlari tuproq qatlamining shikastlanishiga, suv eroziyasining kuchayishiga sabab bo‘ladi. Bu esa ko‘l yotqizig‘iga mexanik zarralar tushishiga, suvning loyqaligining oshishiga olib keladi.
Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov nima deydi?
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov jurnalistlar bilan bo‘lgan suhbatda Sea Breeze Uzbekistan loyihasi yuzasidan qator muhim izohlar berdi. Vazir ta’kidlashicha, mamlakatda ekologik barqarorlik prinsiplariga asoslangan loyihalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Turizm sohasida hamkorlik qiluvchi investorlarning «Green Based Solutions» – ya’ni yashil yondashuvlarga sodiqlik namoyon etishi O‘zbekiston uchun muhim mezon hisoblanadi.
“Vazirlik, o‘z navbatida, ekologik standartlarga amal qilgan holda amalga oshiriladigan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Sea Breeze loyihasi tashabbuskori esa qurilishning barcha bosqichlarida xalqaro va mahalliy mutaxassislar tavsiyalariga amal qilishga tayyor ekanligini bildirdi”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Vazir, shuningdek, loyiha amalga oshishidan avval suv resurslariga ehtimoliy ta’sir, ekologik xavf-xatarlar va ularni bartaraf etish mexanizmlari bo‘yicha xalqaro darajadagi mutaxassislar xulosasi olinishi zarurligini ta’kidladi. Qurilish chiqindilari masalasi ham nazardan chetda qolmagan:
“Barcha chiqindilar markazlashgan holda olib chiqiladi va qayta ishlashhamda utilizasiya standartlariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi”, — deydi vazir.
Loyiha milliy manfaatlar nuqtai nazaridan muhim
Vazirning ta’kidlashicha, ushbu loyiha faqat tashqi sayyohlar uchun emas, balki O‘zbekiston fuqarolari uchun ham mo‘ljallangan. Unga ko‘ra, bugungi kunda yurtdoshlarimiz yiliga taxminan 2 milliard dollarni xorijda dam olishga sarflayapti. Agar yuqori sifatli turizm infratuzilmasi mamlakat ichida shakllansa, bu mablag‘lar mamlakatda qolishi va ichki iqtisodiyotga xizmat qilishi mumkin.
“Bu loyiha amalga oshsa, odamlar dam olish uchun pullarini chet elda emas, O‘zbekistonda sarflaydi. Shu orqali mamlakatimizda turizmning barqaror va diversifikasiyalashgan shakli yo‘lga qo‘yiladi”, – dedi u.
Ommaviylik tamoyili
Jamoatchilikda paydo bo‘layotgan “loyiha boylar uchun bo‘ladi, oddiy xalq bora olmaydi” degan xavotirlarga ham vazir ochiqlik kiritdi:
“Har qanday loyiha iqtisodiy barqaror bo‘lishi uchun albatta to‘lovga layoqatli mijozlar bo‘lishi kerak. Biroq bu faqat boylar uchun bo‘ladi, degani emas. Ommaviy turizm sektori ham nazarda tutilmoqda. Ham o‘qituvchi, ham shifokor yoki tibbiyot xodimi kelib dam ola oladigan ommabop segment yaratiladi. Faqat elitaga qaratib qurilgan loyiha naf bermaydi. Bu yerda hayot qaynashi kerak, shu bois iqtisodiy va ijtimoiy muvozanat saqlanadi”.
Shuningdek, vazir hududda pala-partish qurilishlar o‘rniga, bitta yirik, markazlashgan va nazorat qilinadigan majmua qurish orqali tabiiy muhitni yaxshiroq muhofaza qilish mumkinligini ta’kidladi.
Sea Breeze Uzbekistan loyihasi albatta investisiyaviy imkoniyat hisoblanadi. Biroq uni amalga oshirishda:
Mustaqil ekologik ekspertiza o‘tkazilishi, daraxtlar, baliqlar, qushlar, tuproq va suv xavfsizligi bo‘yicha xalqaro standartlar asosida muhandislik yechimlari ishlab chiqilishi hamda jamoatchilik nazoratini ta’minlash zarur.
Zero, iqtisodiy rivojlanish tabiat hisobidan bo‘lmasligi kerak.
Nargis Qosimova