Birinchi tanishuv Berlin hayvonot bog‘idan boshlandi

Birinchi tanishuv Berlin hayvonot bog‘idan boshlandi

Har yili hayvonot bog‘iga 2,6 millionga yaqin, kuniga 12 000 kishigacha tashrif buyuradi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligi tashabbusi bilan Toshkent, Farg‘ona, Termiz hayvonot bog‘lari, Zarafshon milliy tabiat bog‘i hamda “Ekolog” jamoat birlashmasi rahbarlari Germaniya hayvonot bog‘larini boshqarish tajribasi bilan tanishish, noyob hayvonlarni asrab-avaylash, ularni asirlikda ko‘paytirish, davolash usullarini o‘rganish va O‘zbekistonda foydalanish maqsadida Germaniyada bo‘ldilar.

Nemis tomondan mutaxassislarni hayvonot bog‘ini boshqarish bo‘yicha 30 yillik tajribaga ega taniqli nemis mutaxassisi – 1992 yildan 2021 yilgacha Yevropaning eng yaxshi hayvonot bog‘laridan biri – Rostok hayvonot bog‘i direktori lavozimida ishlagan Udo Nagel taklif qildi.

Uning rahbarligi davrida 2018 yilda Rostok o‘z toifasidagi eng yaxshi Yevropa hayvonot bog‘i deb topilgan (1 milliongacha tashrif buyuruvchilar). Bundan tashqari, hayvonot bog‘i bir necha bor «Oilaviy dam olish uchun eng yaxshi joy» sifatida sifat belgisini olgan 2021 yil 20 sentyabrda Udo Nagel Rostok universitetining faxriy professori unvoniga sazovor bo‘lgan.

Birinchi tanishuv Berlin hayvonot bog‘idan boshlandi. U Germaniyadagi eng qadimgi va eng mashhur hayvonot bog‘idir.

Foto: pikabu.ru

Bugungi kunda bog‘ o‘ziga xos ilmiy markazga aylangan. Sun’iy sharoitda kamdan-kam ko‘payadigan hayvonlarning noyob turlarida ham bu yerda nasl qoldirishadi. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak Berlin hayvonot bog‘i 1872 yilda tashkil etilib, uning faol rivojlanishi 19-asrning ikkinchi yarmida, yangi direktor Geynrix Bodinus investorlarni topishga muvaffaq bo‘lganda boshlangan.

Aynan shu davrda Berlin hayvonot bog‘ining dunyoga mashhur belgisiga aylangan yaponcha uslubdagi «fil darvozasi» nomini olgan Elefantentor qurilgan.

Yigirmanchi asrning boshlarida «Arslon darvozasi» qurildi. Hayvonot bog‘i uchun eng og‘ir va fojiali davr Ikkinchi jahon urushi edi. Urush boshida u yerda yashagan 4000 dan ortiq hayvonlardan faqat 91 tasi omon qolgan.

Bugungi kunda hayvonot bog‘ida 1 380 ga yaqin turli xil hayvonlar yashaydi. Hayvonlarning umumiy soni esa 20 ming 200 tani tashkil etadi. Ular uchun eng qulay sharoitlar yaratilib, tabiiy sharoitlarga yaqin sharoit yaratilgan. Hayvonlarni kuzatish uchun shaffof panjaralar qo‘yilgan.

Yovvoyi tabiat dunyosini qayta tiklash niyatida bir hududda yashovchi qushlar va hayvonlar bir joyda istiqomat qilib, bemalol bir-birlariga «mehmon»ga borishish uchun sharoit yaratilgan. Masalan, kiyiklar qushlar bilan, zebralar Gnu kiyigi bilan bemalol birga o‘tlab yurganini ko‘rish mumkin.

Berlindagi hayvonot bog‘ining g‘ururini Xitoydan olib kelingan ikkita panda tashkil etadi. Men Mein va Jiao Qing laqabli pandalar bu yerda yana 2 taga ko‘payishdi. Pandalar uchun
bu yerda belanchaklar, teshiklar va g‘orlar, tunnellardan iborat katta bog‘ qurilgan.
Mutaxassislarning aytishicha, bu zonaning qurilishi mahalliy hokimiyatga 10 million yevroga tushgan. Pandalar Berlin hayvonot bog‘ida 2027-yilgacha qoladi, shundan so‘ng ular o‘z vatanlariga qaytariladi. Chunki Xitoy hukumati pandalarni faqat ijaraga berishadi. Xitoyning o‘zida pandani o‘ldirgan odamni o‘lim jazosi kutadi.

Har yili hayvonot bog‘iga 2,6 millionga yaqin, kuniga 12 000 kishigacha tashrif buyuradi.

Nargis Qosimova,
Berlin.