Andijonda o‘simlik dunyosiga 317 050 000 so‘m miqdorida zarar yetkazildi

Andijonda o‘simlik dunyosiga 317 050 000 so‘m miqdorida zarar yetkazildi

Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Andijonda daraxt kesganlarga jinoyat ishi ochilibdi.

Andijon viloyat prokuraturasi, viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi hamda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat reyd tadbirlari davomida Asaka tumani, Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ko‘p yillik 6 tup “chinor” daraxtlari kesilganligi holati aniqlangan.

Surishtiruvlar davomida, mazkur chinor daraxtlari kesilishi bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli ruxsatnomalar olinmaganligi,  O‘zbekiston Respublikasi “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni talablarini qo‘pol ravishda buzilganligi va bu bilan o‘simlik dunyosiga 317 050 000 so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Feruzbek Sayfullayev