O‘zbekiston Qizil Kitobiga kiritilgan Rustamov gekkoni

O‘zbekiston Qizil Kitobiga kiritilgan Rustamov gekkoni

Vodiy qumlari va ularning tabiati bizning himoyamizga muxtoj!

Yozyavon va Oqqum qumlari anchadan beri ekolog va zoologlarning diqqatida: Yangittan tashkil etilayotgan baliq xo‘jaliklari va o‘zlashtirish sababli keskin qisqarib borayotgan qum tepalar ko‘plab noyob jonzotlarga uy. Ularning bazilari dunyoning boshqa biron bir nuqtasida uchramaydi, va afsuski bu yerda ham yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda.

Ana shulardan biri Rustamov gekkonidir. 1980-yillarda bir gektarda o‘rta hisobda 12-24 donagacha uchrar edi (Oqqum, Yozyovon cho‘llari). 1999 yilda Yozyovon tabiiy yodgorligi hududida 2,5 km oraliqda 39 ta hisobga olingan. Hozirda yashash joylarining aksariyatida yo‘q bo‘lib ketgan.

Mart-oktyabr’ oylarida tunlari faol hayot kechiradi. Kunduzi qumning nam qatlamigacha yetadigan iniga yashirinadi, o‘sha yerda qishlaydi. Juftlashishi aprel’ oyida sodir bo‘ladi. Yiliga 2 marta (iyun’-avgustda) 1-2 tadan tuxum qo‘yadi. Bolasi iyul’ oyining o‘rtasidan sentyabr’ boshigacha tuxumdan chiqadi va hayotining ikkinchi yilida jinsiy voyaga yetadi. Mayda hasharot va o‘rgimchaksimonlar bilan oziqlanadi.

Yozyovon tabiat yodgorligi hududida hozircha mavjud. Ammo cho‘lning o‘zlashtirilishi natijasida 4-5 yil ichida butunlay yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida. Saqlanib qolgan barcha lokal populyasiyalari ro‘yxatini tuzish, sonini hisobga olish va ular bo‘yicha uzoq muddatli monitoring tashkil qilish lozim. Shuningdek, Farg‘ona vodiysi hududida mikroqo‘riqxonalar tarmog‘ini tashkil etish, ushbu turni tutqunlikda ko‘paytirish va barqaror guruhlarini shakllantirish bo‘yicha uslubiyat ishlab chiqish maqsadga muvofiq.