Hududlar ekologik holatiga ko‘ra «toza», «o‘rta» va «zararli» zonalarga ajratiladi

Hududlar ekologik holatiga ko‘ra «toza», «o‘rta» va «zararli» zonalarga ajratiladi

2030 yilga qadar butun O‘zbekiston bo‘ylab «Ekologik transport» tizimi ishga tushadi. Avtomobillarga maxsus elektron stikerlar beriladi.
2024 yil iyundan O‘zbekistonda avtomobillaring havoga zararini kamaytirish bo‘yicha yangi tizim ishga tushadi. Vazilar Mahkamasining 2024 yil 29 martdagi «Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 166-sonli qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan boshlab barcha toifalardagi avtomototransport vositalaridan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlarga mosligini nazorat qilish bo‘yicha “Ekologik transport» tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Diagnostik tekshiruv natijalariga asosan transport vositalariga qalbakilashtirishdan himoyalangan va elektron belgiga ega stikerlar beriladi. Shunga ko‘ra, transport vositalari «yashil», «sariq» va «qizil» ranglar bilan belgilanadigan «toza», o‘rta» va «zararli» ekologik toifalarga bo‘linadi.

«Ekologik transport» tizimi doirasida hududlar ulardagi atmosfera havosi bilan bog‘liq real ekologik holatdan kelib chiqib, ilg‘or xorijiy tajriba va innovasion texnologiyalar asosida «yashil»,» sariq» va «qizil» ranglar bilan belgilanadigan «toza»,» o‘rta» va «zararli» ekologik zonalarga ajratib boriladi.

«Ekologik transport» tizimi quyidagi bosqichlarda joriy etiladi:

– birinchi bosqichda (2024–2026 yillarda) – Toshkent shahrida;

– ikkinchi bosqichda (2026–2028 yillarda) – Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda, zaruratga ko‘ra, alohida ekologik zonalarda (sayyohlik markazi, tabiat qo‘riqxonasi, sog‘lomlashtirish va dam olish maskani va boshqalar);

– uchinchi bosqichda (2028–2030 yillarda) – boshqa barcha hududlarda.

Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan transport vositalariga nisbatan ekologik kompensasiya to‘lovlarini joriy etish yoxud ulardan tegishli ekologik zonalar hududida foydalanishni cheklash yoki taqiqlash choralari ko‘riladi.

Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan transport vositalaridan ekologik zonalar hududida foydalanish tartibiga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilanadi.

Jarima mablag‘lari esa mamlakatning ekologik holatini yaxshilashga va atrof-muhitni muhofaza qilishga maqsadli yo‘naltiriladi.

Hududlardagi ekologik zonalar chegaralarini belgilash hamda ularni o‘zgartirish tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari tomonidan Ekologiya vazirligi taklifiga asosan amalga oshiriladi.