Malikov Shoxrux (barcha ism-shariflar oʼzgartirilgan) daraxtlarni tun qorongʼusida kessam, hamma shirin uyquda boʼlib, qilgan nomaqbul ishimni hech kim sezmaydi, bozorga olib borib moʻmaygina daromad qilaman, deb o’ylab o’ziga jinoiy harakatlarini amalga oshirish uchun sherik izlaydi. Shoxruxga sherik ham bir zumda topila qoladi. Unga xayrixoh sheriklari bilan reja tuzishadi. Shoxruxning jinoiy sheriklari Usmonov Rayim, Narimonov Maqsud, Yunusov Jalil (Barcha ism-shariflar oʻzgartirilgan) bilan birga 2023 yil 5 dekabr kuni Toshkent viloyati Oʼrta Chirchiq tumani Mashʼal MFY hududida joylashgan «Maʼrufxon» fermer xoʼjaligiga qarashli dala maydoniga borib, oʼzlari bilan olib kelgan motorli arra va boshqa ish qurollari yordamida jami narxi 247.180.000 soʼmlik 5 tup koʼp yillik sharq chinori daraxtlarini tag qismidan shu yerning oʼzida qonunga xilof ravishda kesib olishadi.
5 tup chinor daraxtlarini boʼlaklarga boʼlib, oʼzlari yollagan Kamaz rusumli Davlat raqam belgisi 30 G 640 HA boʼlgan yuk mashinasiga joylab, Toshkent shahri hududida joylashgan xalq tili bilan aytganda “Taxta bozori”ga sotish maqsadida yoʼl olishadi.Moʼmay pul topish orzusidagilar Ichki ishlar xodimlari tomonidan yoʼlda toʼxtatiladi. Gumondorlar 5 tup noqonuniy tarzda chinor daraxtlarini kesilishi natijasida oʼsimlik dunyosiga jami 247.180.000 soʼm moddiy zarar yetkazilgani aniqlandi.
Jinoyatchilarning qilgan ishlari uchun ularga sud xukm oʼqidi. Malikov Shoxruxga Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 198-moddasi, 2-qismi bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Uning jinoiy sheriklariga ham JKning tegishli moddalariga asosan ozodlikdan maxrum etish jazosi tayinlandi.
Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Matbuot xizmati
Hurmatli fuqarolar, daraxtlarni noqonuniy kesish va unga shikast yetkazish qonunda belgilangan chora koʼrilishiga sabab boʼlishini unutmang.
☘️ @ekologuz
@eklguz_bot orqali biz bilan bog’laning