HECH BIR JONZOT BEJIZ YARATILMAGAN

HECH BIR JONZOT BEJIZ YARATILMAGAN

Ochig‘ini aytaman, aynan Nargis Qosimovaning seminarida ishtirok etgunimga qadar ilon va kaltakesakni juda yomon ko‘rardim. Ayniqsa, sovuq va beso‘naqay echkiemarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q edi. Hozir esa yomon ko‘rganim uchun uyalayapman. Hatto, ularni beozor jonzot deb bilib, tabiatdagi o‘rnini o‘rganib, ulardan minnatdor bo‘layapman. To‘g‘ri, katta echkiemarni yaqindan ko‘rmaganman. Faqat, bolaligimda amakilarimga ergashib, mol qo‘ylarni dalaga olib chiqqanimizda uzunligi 50-60 santimetrdagi echkiemarlarni bir ikki ko‘rganman.O‘sha payti ular menga juda katta va vahshiy bo‘lib  ko‘ringan. Ilon va kaltakesaklarga esa juda ko‘p duch kelganman.

Har yili bahor, yoz faslida hovlimizdan bitta yoki ikkita ilon chiqadi. Kulrang chipor ilonni “zaharli”  deb boshini yanchganmiz. “Tushda ko‘rsang ganj, o‘ngda ko‘rsang yanch!” deb oqlardilar ilonning o‘ldirilishini momom rahmatlik. Sariq chipor ilonni o‘zimizcha “uy iloni” deb o‘ylab, onam ilon chiqqan joyga un separkan: “Men sening bolalaringga tegmayman, sen ham mening bolalarimga tegma!” derdilar pichirlab.

Kaltakesak bilan bog‘liq mifologik qarashlar bor edi bolaligimda.Kech tushishi bilan qayerlardadir kaltakesakning chiqillashini eshitsak, og‘zimizni mahkam yopardik. “ Kaltakesak tishingni ko‘rsa, bitta qolmay ishing tushib qoladi! ” deyishgan bizga. Chiqqilayverib tinmasa, o‘sha kaltakesakni topib, birorta oyoq kiyim bilan urib o‘ldirardik, dumidan  qayta o‘sib chiqmasligi uchun obdon majaqlardik. Ana shunday bo‘lgan bizda bu jonzotlarga munosabat! Voy bu jonivorlar turgan bitgani foydali ekan-ku! Beozorligini aytmaysizmi? Nahotki shuni shu paytga qadar bilmagan bo‘lsak?! Bitta seminarda olgan bilimlarimizni, ma’lumotlarimiz shunchalar ko‘pki, agar ular vaqtida maktab darsliklariga  mukammal qilib kiritilganda bu jonivorlar bugun noyob turga aylanib qolmasmidi!?

Bilasizmi, echkiemarning  boshqa jonzotlarda uchramaydigan xususiyatlari menga juda yoqdi.U bir ko‘rgan odamini yuzidan darhol tanir ekan. Yana u uy sharoitida, yoki hayvonot bog‘ida saqlanganda aslo ko‘paymas ekan! O‘zining keng dalayu dashtidan boshqa joyga hech qachon mehr bermas ekan! Odamni ko‘rishi bilan zing‘illab qochadi. Agar ta’qib qilaversangiz, ovoz chiqarib qichqiradi. Shunda ham ortidan qolmasangiz tishlashi mumkin.  Yodingizda bo‘lsin, u hech qachon birinchi bo‘lib odamga     tashlanmaydi! Tabiatdagi zararkunanda kemiruvchilar bilan oziqlanib            , tozalaydi. Sichqon va kalamushlar eng ko‘p kasallik tashuvchi hisoblanadi. Ochiq qolgan nonning bir cheti kemirilgan bo‘lsa  “Tegma, sichqon teggan” degan gapni eshitgansiz. Bejizga emas. Ayniqsa, vabo kasalligi tarqatuvchilari aynan sichqon va kalamushlar hisoblanadi. Sichqonning iniga mushuk kirolmaydi.Ammo, ilon kirib dodini beradi. 64 xil sudralib yuruvchilarni o‘z ichiga oladigan gerpetologiya fani har bir sudralib yuruvchilarning o‘ziga xos  foydali tomonlarini ko‘rsatib,  O‘zbekistonga xos bo‘lgan noyob turlarni saqlab qolish yo‘lida ilmiy izlanish va targ‘ibot ishlarini olib borishmoqda. Xususan, yurtimizda ko‘p uchraydigan 21 turdagi ilonlarning atiga 5 ta turi zaharli hisoblanadi.Zaharning farmatsevtika sanoatida ahamiyati katta va uning o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi! Ko‘rdingizmi, bir kunlik seminardan qancha ma’lumot oldim. Zalni to‘ldirib o‘tirgan,  cho‘l tumani mahallalaridan kelgan mehmonlarning yuz ko‘zidan mavzuga qiziqish va ishtiyoq ko‘rinib turibdi:

-Echkiemar, kaltakesak, ilonlar tabiatdagi muvozanatni saqlash uchun yaratilgan.Har birining vazifasi bor. Ba’zi “soxta tabiblar”  falon kasalga davo  bo‘ladi, deb ilonlarga qiron keltirmoqda.Ko‘lvor ilon, deb boshqa ilonlarni ham tutib sotishmoqda.Tibbiyot ilon go‘shining davo emasligini isbotlagan. “Rosa terladim.Endi yaxshi bo‘lib ketaman!” deb ba’zilar juda ixlos qilishadi. Aslida organizm hech qachon ilon go‘shtini qabul qilmagan.Yangi go‘sht  iste’moli odamni terlatadi.Bu shifobaxshlik bilan bog‘liq emas! Biz bugun juda ko‘p ma’lumot oldik.  Ekologik savodxonligimiz yo‘qligini tushundik. Butun mahalladoshlarimizga eko bilimlarimizni yetkazamiz. Ekofaollarni mahallamizga taklif qilamiz,-deydi seminar ishtirokchilaridan biri, Mirzacho‘l tumani, Gulzor MFY faoli Obidjon Komilov.

Seminarda  otasi, onasi bilan  ishtirok etgan 10 yoshli Fazliddin Farhodovning tabiatga, ekologiyaga  e’tiborsiz  emasligi tahsinga loyiq.

-Men echkiemarning kamayib ketayotganini bilmasdim.Nega  menga bu haqda maktabda  aytishmadi?- deydi Fazliddin xafa bo‘lib.-Ularning tabiatda o‘z o‘rni bor.Hatto kaltakesaklar ham tunda turli hasharotlarni tutib yeydi va tabiatga foyda keltiradi.Seminarda ana shular haqida bilib oldim. Menga bu seminar juda yoqdi.

Xullas, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti, kichik ilmiy xodimi, gerpetolog Timur Abduraupov, “Ekolog” jamoat birlashmasining rahbari, ekolog.uz saytining muharriri, filologiya fanlari doktori, professor Nargis Qosimova minnatdorman!

“O‘zbekistonda bo‘z echkemarni muhofaza qilish bo‘yicha mahalliy aholining xabardorlik darajasini oshirish” mavzusidagi trening ana shunday taassurotlar bilan menda va boshqalarda bu jonivorlarga nisbatan mehr uyg‘otdi! Endi men echkiemarni ham, ilonlarni ham, kaltakesakni ham sovuq jonzot deb emas, hatto, beozor jonzotlar deb bilaman va ularni asrab-avaylashga hissa qo‘shaman!

Sayyora Bo‘ronova,

Jizzax viloyat teleradiokompaniyasi muharriri