O‘zbekistonda faqat Surxondaryoda istiqomat qiladigan, o‘ta noyob tur bo‘lgan, Xalqlar va Qizil kitobga kiritilgan targ‘il sirtlonning (do‘lta) vahshiylarcha urib o‘ldirilishi haqida yozgan edik . Bugun esa taxminan may oylarida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida o‘ldirilgan sirtlon haqida xabar kelib tushdi.
Surxondaryo hududida yashaydigan targ‘il sirtlon (do‘lta) Afrikadagi qarindoshidan farq qiladi. U ancha yirik va yoli bor. Go‘sht, o‘laksa, meva, hattoki och qolsa o‘simliklar bilan ham oziqlanadi. So‘nggi yillari ularning yashash hududini odamlar tomonidan bosib olib, o‘zlashtirilishi, yaylovzorga aylantirilib, chorvaning ko‘plab boqilishi natijasida ularning soni juda kam qolib, butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida.
Ekolog.uz har yili targ‘il sirtlonlarning cho‘ponlar, mahalliy aholi, brakonerlar tomonidan o‘ldirilishi haqida bong uradi. Ammo, afsuski, jonivorni o‘ldirgan shaxslar topilgan taqdirda ham ular jazodan qutilib qolmoqda.
Zero, O‘zbekistonning barcha flora va faunasi qazilma boyliklar singari davlatimiz boyligidir. Fikrimizcha, sanoqli qolgan mazkur jonivorlarning turli sabablar bilan o‘ldirilishi mamlakatimizga qarshi qilinayotgan jinoyatdir.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 07 dekabrdagi 649 -sonli qarori bilan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlarni yo‘q qilganlik uchun undiriladigan jarimalar miqdori 10 baravarga, o‘simliklarni o‘sishdan to‘xtash darajasida shikastlantirish yoki yo‘q qilganlik uchun 5 baravarga oshirilgan edi.
O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qoplon, targ‘il sirtlon, ilvirs kabi hayvonlar noqonuniy ovlagani uchun O‘zbekiston fuqarolari 3 mlrd 150 mln so‘m, chet el fuqarolari esa 400 ming dollar tabiatga yetkazilgan zararni to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.
Fikrimizcha, bu ham kam, barmoq bilan sanoqli qolgan mazkur hayvon va o‘simlik turlarini saqlab qolish uchun qamoq jazosi belgilanishi va o‘ta og‘ir jinoyat turiga kiritilishi shart.
Targ‘il sirtlon yashaydigan hudud esa Tabiat milliy bog‘idan qo‘riqxonaga aylantirilishi, suratdagi kimsa esa jazoga tortilishi lozim. Zero, shu paytgacha targ‘il sirtlonlarni o‘ldirgan fuqarolar jazodan qochib kelmoqda edi. Mazkur shaxs albatta topilib, jazoga tortiladi, degan umiddamiz.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuraturaning Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologik partiyasi, Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi deputatlari hamkorligida mazkur masalaga jiddiy yondashish zarurdir.