O‘zbekistonda biznes egalarining ekologik mas’uliyati daraxtlar taqdiri kimning qo‘lida?

O‘zbekistonda biznes egalarining ekologik mas’uliyati daraxtlar taqdiri kimning qo‘lida?

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ko‘plab rasmiy yig‘inlar va davra suhbatlarida biznes subyektlarining Ekologik Korporativ Ijtimoiy Mas’uliyat (EKIM) darajasini oshirish zarurligi ta’kidlab kelinmoqda. Biroq amaliyotga nazar tashlansa, tadbirkorlar o‘rtasida ekologik ong va javobgarlik darajasi hali ham qoniqarli emas.

Bu holat ayniqsa Toshkent shahrining markaziy hududlarida yaqqol sezilmoqda. Masalan, Yakkasaroy tumani, Bog‘bo‘ston ko‘chasida kuzatilayotgan holatlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Ayni manzilda yillar davomida ko‘kka bo‘y cho‘zgan daraxtlarning taqdiri hozirda savol ostida qolmoqda.

Daraxtlar – bu faqatgina yashillik emas. Ular havoni tozalaydi, shovqinni kamaytiradi, yozda soya, qishda esa shamoldan himoya beradi. Eng muhimi, ular umumxalq mulki sanaladi. Shunday bo‘lsa-da, ayrim tadbirkorlar tomonidan bu boylikka beparvolik bilan qaralayotgani, turli qurilish va rekonstruksiya bahonasida daraxtlar kesilayotgani achinarli hol.

Ekologik korporativ ijtimoiy mas’uliyat – bu shunchaki so‘z emas, balki biznes yuritishda ekologik me’yorlarga amal qilish, yashil makonlarni asrash, resurslardan oqilona foydalanish kabi yondashuvlarni o‘z ichiga oladi. Bugun EKIM’ni chuqur tushungan tadbirkor – ertangi barqaror va jamoatchilik e’tiboriga sazovor biznes asoschisi bo‘ladi.