Berlin hayvonot bog‘ida 4 ta katta panda yashaydi. Urg‘ochi Meng Men va erkak Jiao Qingvu 2017 yilda Berlinga keltirilgan. Ularning samolyotini Shenefeld aeroportida Berlin meri Maykl Myullerning shaxsan o‘zi kutib oldi. Pandalarga hatto diplomatik kanallar orqali “yashash uchun ruxsatnoma” ham berildi.
Pandalar avval ham Berlin hayvonot bog‘ida bo‘lishgan. Mutaxassislar avvalgi juftlik – Bao Bao va Yan Yandan nasl ko‘rishga umid qilishgan edi. Ammo Yan Yan homilador bo‘lmadi. Yan Yan 22 yoshida yurak etishmovchiligidan vafot etdi. Uning sherigi esa dunyodagi eng keksa bambuk ayiqig‘i sifatida qayd etilib, 34 yoshida 2012 yili vafot etdi.
2016 yilda Hayvonot bog‘i hududida 1898 yilda qurilgan Xitoy pavilonining o‘rnida pandalar uchun yangi uy qurishga qaror qilindi. Unga Xitoyning Sichuan provinsiyasi landshaftlarini asos qilib olindi. Yangi pavil’onning umumiy maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq. Uning hududida yashil maydonlar, sun’iy sharshara, g‘orlar va faol o‘yinlar uchun boshqa qurilmalar mavjud.
Yovvoyi tabiatda pandalar yolg‘izlikni afzal ko‘radi, shuning uchun Jiao Qing va Meng Men alohida saqlanib, faqat qo‘shilish vaqtida birlashtiriladi. Ularning hayotini ommaga ko‘rsatish uchun xattoki Berlin hayvonot bog‘i veb-saytida ingliz va nemis tillarida panda blogi ochildi. Pavilyon qurilishiga 10 million yevro sarflandi. Bitta yirik panda kuniga 30 kg gacha bambuk iste’mol qiladi. Ular uchun 35 turdagi bambuk sotib olinadi. Ammo eng katta miqdordagi pul hayvonlarning ijarasi uchun to‘lanadi . Xitoy uzoq vaqtdan beri o‘zining mashhur oq-qora ayiqlarini xorijiy mamlakatlarga faqat ijaraga beradi. Va undan tushgan mablag‘ning katta qismini pandalarni qo‘llab-quvvatlash va saqlash jamg‘armasiga beradi. Berlin hayvonot bog‘i pandalarni 2027 yilgacha ijaraga olgani uchun, har yili Xitoyga 920 ming yevro to‘laydi.Xitoyning asosiy milliy ramzi bo‘lgan pandalarni ijaraga berish orqali xalqaro munosabatlarni mustahkamlash usuli «panda diplomatiyasi»nomini oldi. Angela Merkelning bambuk ayiqlarini ijaraga olish masalasi bilan shaxsan shug’ullangani ajablanarli emas. U 2015 yilda Xitoy bilan kelishuvga erishilganini e’lon qildi. 2019 yilda esa pandalar Men Szyan va Men Yuan ismli egizaklarni dunyoga keltirdi. Bu Germaniya hayvonot bog’lari tarixida birinchi marta sodir bo’ldi. Mazkur voqea munosabati bilan Hayvonot bog’i xodimlarini hattoki Berlin meri Maykl Myuller alohida tabrikladi.
Tug’ilganda har birining vazni atigi 186 va 136 gramm bo‘lgan pandachalar, 2023 yilda 5 yoshga to‘ldi va ularning og‘irligi hozir ular 5 yoshda va vazni 65 kg dan oshadi. Hozir yovvoyi tabiatda ikki mingga yaqin gigant pandalar mavjud. Xitoyda ularni muhofaza qilish uchun o‘nlab qo‘riqxonalar tashkil etilgan. Yoqimli ayiqlar faqat Xitoy yaqin siyosiy aloqalarni o’rnatmoqchi bo’lgan davlatlarga beriladi.
Panda 3000 yil oldin Xitoyda birinchi marta tilga olinganiga qaramay, ilmiy Gʻarb dunyosi bu hayvon borligi haqida faqat 1869 yilda, frantsuz missioneri, zoologi va tabiatshunosi Armand Devidning Xitoyga sayohatidan so‘ng bilib oldi. Afsuski, G’arb dunyosi uchun kashfiyot panda uchun halokatga olib keldi. Beozor ayiqlar tiriklayin ushlanib, hayvonot bog’lari uchun Xitoydan olib ketilishi kuchaydi. Pandaning oq -qora terisi uchun 200 ming dollargacha pul to’lana boshlangach, ular ovchilar o‘qiga duchor bo‘lishdi. Panda qirg‘ini boshlandi.
Xitoyda pandalarni noqonuniy ovlagan, o‘ldirgan, sotib olgan, yoki sotgan har bir kishiga 10 yildan ortiq qamoq jazosi beriladi, shuningdek, jarimaga tortilishi yoki mulki musodara qilinishi mumkin.
Bugungi kunda panda WWF (Butunjahon yovvoyi tabiat fondi) ramzi bo’lib, uning eskizi rassom Jerald Uotterson tomonidan chizilgan va 1961 yilda Piter Skott tomonidan Fondga taklif qilingan. U Butunjahon yovvoyi tabiat fondining asoschilaridan biri edi.
Xitoy panda tasviridan hamma joyda foydalanishi ajablanarli emas, chunki panda mamlakatning ramzi hisoblanadi. Birinchidan, Xitoy yovvoyi tabiatda pandalarni uchratish mumkin bo’lgan yagona mamlakatdir. Panda xitoyliklar uchun bag’rikenglik, do’stlik va o’zaro hamkorlik ramzidir. Uning oq-qora rangi Xitoy falsafasining » in – yang » timsolini o‘zida mujassamlashtirib, «Yang» engil , iliq, faollikni anglatsa, «in» qorong’u, passiv va hissiylik belgisidir. Ammo ular birgalikda hayotimizning mazmunini anglatadi.
Nargis Qosimova,
Germaniya, Berlin.