Iqlim o‘zgarishi nima? Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari nimalarga olib kelishi mumkin? Iqlim o‘zgarishiga moslashish zarurmi? Mazkur masalani hal qilishda jurnalistlar, blogerlar qanday rol’ o‘ynashadi? Ushbu va boshqa savollarga bugun Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashabbusi bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida “Iqlim o‘zgarishi va barqaror kelajakning shakllanishida media va ta’limning o‘rni” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati davomida muhokama etildi.
Iqlim o‘zgarishi oqibatlari O‘zbekiston aholisi farovonligiga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. 2030 yilga kelib, mamlakat bo‘ylab shahar va qishloqlarda kamida 8 million kishi iqlim o‘zgarishi xavfi juda yuqori bo‘lgan hududlarda istiqomat qilishi kutilmoqda. CCDR hisob-kitoblariga ko‘ra, agar iqlim o‘zgarishiga moslashish choralari ko‘rilmasa, 2050 yilga borib milliy iqtisodiyot hajmi iqlim o‘zgarishidan zarar ko‘rmagan holatdagi ko‘rsatkichdan 10 foizga kichikroq bo‘ladi. Bu aholi bandligi va uy xo‘jaliklari daromadining sezilarli darajada qisqarishiga olib keladi.
2060 yilga borib iqtisodiyotni karbonsizlantirish (karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish) rejalari O‘zbekistonda issiqxona gazlari chiqindilarining qariyb 75 foizini tashkil etuvchi energetika sohasiga alohida e’tibor qaratishni talab qiladi. Qazib olinadigan yoqilg‘i turlariga qaramlik ham mamlakatda erta o‘lim va kasalliklarga hissa qo‘shadigan 10 ta asosiy omillar ro‘yxatiga kiruvchi havo ifloslanishiga hissa qo‘shadi.
Muammoning yechimi ekologik muammolarni sifatli yoritish, iqlim o‘zgarishi oqibatlari va unga moslashish yo‘llarini mutaxassislar yordamida aholiga yetkazish, aholining ekologik ongini shakllantirishda ko‘rinadi.
Davra suhbati davomida mazkur muammolar ko‘tarilib, ta’lim tizimiga ham iqlim o‘zgarishi borasida kurslar yoki ochiq darslarni o‘tilishini ta’minlash borasida muxokama etildi.