Toshkent shahar inspektorlari maxsus kiyimsiz ishlayaptimi?

Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ekoinspektorlarining maxsus kiyimlarsiz faoliyat olib borayotgani mas’uliyat va samaradorlikka salbiy ta’sir qilmoqda. Ekoinspektorlarning maxsus kiyimsiz tekshiruv o‘tkazishi ularni ko‘pchilik orasida tanib olishni qiyinlashtirib, ular olib borayotgan ishlarning jamoatchilik tomonidan jiddiy qabul qilinishiga soya solmoqda. Shahar bo‘ylab ekologik tekshiruvlarni o‘tkazadigan bu mutaxassislar, o‘z faoliyatini maxsus kiyimlarsiz davom ettirayotgani e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Aholidan bizga kelib tushayotgan e’tirozlar qanchalik to‘g‘ri ekanligini o‘rganish uchun Toshkent shahar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining Telegramdagi rasmiy sahifasida kuzatuv o‘tkazdik. Afsuslar bo‘lsinki, bizga kelib tushayotgan e’tirozlar o‘z tasdig‘ini topdi. Rasmiy sahifada berilgan ma’lumotlarga ilova qilingan suratlarning barchasi bir xil, u suratlar orasida qaysi shaxs inspektor qaysi biri oddiy fuqaro ajratish qiyin.

Maxsus kiyim — bu inspektorlarning o‘ziga xos ramzi bo‘lib, ularni ekologik muhofaza uchun mas’ul bo‘lgan vakillar sifatida ajratib ko‘rsatadi. Maxsus kiyim nafaqat xavfsizlik uchun zarur, balki u inspektorning identifikatsiya qilinishi uchun ham muhim hisoblanadi. Jamoatchilik orasida tanib olinmaslik ham ishonchni pasaytiradi, ham ekoinspektorlarning vakolatini zaiflashtiradi. Axir, rasmiy belgilangan maxsus kiyim ularga faqat ishonch emas, balki huquqiy kuch ham beradi.

Maxsus kiyimlar inspektorlarning mas’uliyatini yanada oshirish bilan birga, ularning ekologik nazoratni yanada samarali amalga oshirishlariga ko‘mak beradi. Shuningdek, bu amaliyot boshqa tashkilotlar va fuqarolar uchun ham ularga nisbatan hurmatni mustahkamlaydi. Shu sababdan ekoinspektorlarning ish faoliyati uchun mos maxsus kiyim va jihozlar bilan ta’minlanishi dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 18.09.2018-yildagi 737-son «O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimi xodimlarining formali kiyimi va farqlash belgilari namunalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonunga asosan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimi xodimlarining formali kiyimi va farqlash belgilari namunalari tasdiqlangan edi. Ammo qo‘mita vazirlikka aylangach, xodimlarning maxsus formali kiyimlari masalasi, javobi yo‘q savoldek qolib ketdi. Qo‘mita davrida ham xodimlar o‘zlari maxsus kiyimlarni tiktirib kiyib yurishar edi. Bu holatlar haqida kanalimizda ko‘p marotaba yozilgan.

Biz Toshkent shahar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi rahbarini bu muammoga e’tibor qaratishini so‘raymiz.