Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi oʻsimliklar hamda hayvonlardan foydalanish tartibi o‘zgartirilmoqda

Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi oʻsimliklar hamda hayvonlardan foydalanish tartibi o‘zgartirilmoqda
2024-yilning 29-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun imzolandi. Unga ko‘ra, bir qator qonunlarga Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi oʻsimliklar hamda yovvoyi hayvonlar turlarini tabiiy muhitdan ajratib olishni cheklashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Yangi qonun bilan 1992-yil 9-dekabrdagi “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga, 1994-yil 22-sentabrdagi Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga, 1997-yil 26-dekabrdagi “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunga, 1997-yil 26-dekabrdagi “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunga, 2004-yil 3-dekabrdagi “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Qonunga, 2020-yil 8-iyuldagi “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonun quyidagicha o‘zgartirildi:
17-modda:
— Kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimlik turlarini saqlab qolish va muhofaza qilish uchun ularning oʻsish muhiti boʻlgan joylarda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etilishi mumkin.
31-modda esa quyidagi mazmundagi ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlar bilan toʻldirildi:
— Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklar turlaridan ushbu turdagi oʻsimliklarni saqlash, muhofaza qilish, takror koʻpaytirish va tiklash boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida ularni tabiiy muhitdan ajratib olgan holda foydalanilishi mumkin. Bu oʻsimliklar turlarining urugʻlari, koʻchatlari hamda nihollari pitomniklarda va plantatsiyalarda yetishtirilib, tabiiy muhitga ekilganidan keyin uch yil oʻtmasdan avval ularning urugʻlarini yigʻish yoki hosilini olish taqiqlanadi.
— Qizil kitobdagi kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi oʻsimliklarning ayrim turlarini va ularning qismlarini tabiiy muhitdan ajratib olishga doir ruxsatnomalarni berish cheklanishi mumkin. Ushbu cheklovlarning asoslari, yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarning turlari hamda ularning qismlari, cheklovlarning amal qilish muddati Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan kiritiladigan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qonunning 37-modda uchinchi qismi esa quyidagicha o‘zgartirildi:
— Tabiiy omillar yoki oʻsimliklar zararkunandalari, kasalliklari taʼsirida zararlangan, quriyotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, insonning hayoti va sogʻligʻi, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan davlat oʻrmon fondi tarkibiga kirmaydigan daraxtlar hamda butalarni kesish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida haq toʻlanmasdan amalga oshiriladi.
Ushbu qonunning 42-moddasi matni quyidagicha tahrir qilindi:
— Yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarni boshqa joylarga koʻchirishga, shuningdek, ularni duragaylashga belgilangan tartibda Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda Ekologiya vazirligining qaroriga koʻra ilmiy hamda xoʻjalik maqsadlarida yoʻl qoʻyiladi.

“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonun quyidagicha o‘zgartirildi va tahrir qilindi:
19-moddaning birinchi qismi:
— Kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlar turlarini maxsus yaratilgan sharoitlarda koʻpaytirish va keyinchalik tabiiy yashash muhitiga qoʻyib yuborish maqsadida; ilmiy va nazorat ishlarini amalga oshirish uchun; qonunchilikka muvofiq alohida zarur boʻlgan hollarda tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olgan holda va Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Ekologiya vazirligi tomonidan beriladigan ruxsatnoma boʻyicha yoʻl qoʻyiladi.
19-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirildi:
— Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvonlarning ayrim turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga doir ruxsatnomalarni berish cheklanishi mumkin. Cheklov asoslari, hayvonlarning turlari, cheklovlarning amal qilish muddati Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda Ekologiya vazirligi tomonidan kiritiladigan takliflar asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi
29-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagicha tahrir qilindi:
— Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma yovvoyi hayvonlarni tutishga doir tasdiqlangan kvotalar doirasida Ekologiya vazirligi tomonidan beriladi. Kvotalar hayvonot dunyosi obyektlarini davlat tomonidan hisobga olish va ulardan foydalanish hajmlarini hisobga olish maʼlumotlari, Fanlar akademiyasining xulosasi asosida Ekologiya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Pitomniklarda, hovuz xoʻjaliklarida yetishtirilgan va ularning hududidagi yovvoyi hayvonlarni tutish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

“Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 32-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari quyidagicha tahrir qilindi:
— Ovchilik xoʻjaligini yuritish huquqi yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan ov qilish joylarini berish toʻgʻrisidagi shartnoma, agar ov qilish joylari oʻrmon fondi yerlarida joylashgan boʻlsa, Ekologiya vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi bilan yoki, agar ov qilish joylari oʻrmon fondi tarkibiga kirmaydigan yerlarda joylashgan boʻlsa, Ekologiya vazirligi bilan imzolangan kundan eʼtiboran yuzaga keladi.
— Ovchilik xoʻjaligini ovchilar jamoat birlashmalari tomonidan yuritish texnik-iqtisodiy asosnoma hamda, agar ov qilish joylari davlat oʻrmon fondi uchastkalarida joylashgan boʻlsa, Ekologiya vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi bilan yoki, agar ov qilish joylari davlat oʻrmon fondi tarkibiga kirmaydigan uchastkalarda joylashgan boʻlsa, Ekologiya vazirligi bilan tuzilgan ov qilish joylarini berish toʻgʻrisidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Qonunga yana quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi:
— Tabiiy, texnogen va antropogen omillardan zarar koʻrgan hayvonlarni reabilitatsiya qilish hamda keyinchalik tabiatga chiqarib yuborish maqsadida tabiiy muhitdan majburiy tarzda ajratib olish Ekologiya vazirligi bilan maxsus kelishuvga koʻra ularni tutganlik uchun haq toʻlamagan holda amalga oshiriladi.
— Pitomniklarda yetishtirilgan, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan (uchinchi va keyingi avlod) hayvonlardan ovchi yovvoyi qushlarning mashqini oʻtkazish uchun yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirda foydalanishga yoʻl qoʻyilib, bundan avval Ekologiya vazirligiga foydalaniladigan hayvonning soni va turlari, mashq oʻtkazish joyi va muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, halqalar, mikrochiplar identifikatsiya raqamlarining hamda boshqa identifikatsiya belgilarining roʻyxati taqdim etiladi.
— Oʻrmon, qishloq va ovchilik xoʻjaliklari zararkunandalarining, inson va hayvonlar xavfli kasalliklarini tarqatuvchilarning roʻyxati Fanlar akademiyasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, ovchilar jamoat birlashmalari bilan kelishilgan holda Ekologiya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Ushbu Qonun ekologiya sohasidagi davlat boshqaruvining samarali tashkil etilishini taʼminlashga, Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklar hamda yovvoyi hayvonlar turlarining soni koʻpaytirilishiga, ularning oʻsish va yashash muhiti sharoitlari yaxshilanishiga, shuningdek kommunal xizmat koʻrsatish sohasida huquqni qoʻllash amaliyotining bir xilligi taʼminlanishiga xizmat qiladi.