Cho‘llanish|2

Yozyovon cho'llari yo'qolmoqda. Bunga kim aybdor?

Farg'ona vodiysi (Andijon, Namangan, Farg'ona viloyatlari) qadimiy, o'ziga xos tabiiy hudud bo'lib, uning noyob o'simlik va hayvonot dunyosi mavjud. Shu bilan birgalikda bu yerda aholi juda zich joylashgan. Aynan vodiyning qoq markazida noyob qum barxanlari mavjud. Mazkur hududda 1991 yili tashkil etilgan qo'riqlanadigan hudud Yozyovon cho'llari (1820,4 ga) va Mingbuloq (1000 ga) tabiat yodgorliklari joylashgan. Bu yerda dunyoning hech bir burchagida uchramaydigan o'nlab o'ziga xos, ilmiy til bilan aytganda endemik o'simliklar, besh turdagi endemik hasharot va besh turdagi endemik sudralib yuruvchilar istiqomat qiladi. Ammo mutaxassislarning fikriga ko'ra, ular 4-5 yilning ichida umuman yo'q bo'lib ketishi mumkin. Nega deysizmi?

Yozyovon cho'llari yo'qolmoqda. Bunga kim aybdor?
  • Bugun Yozyovon hududi 13 ta bir biridan o'zlashtirilgan yerlar bilan ajralgan qismga bo'linib, 0,46 kv. km. dan 58.66 kv.km.gacha maydonga ega. O'tgan yillarda mazkur hududda hukumat tomonidan baliqchilik rivojlantirish qo'llab-quvvatlanishi oqibatida qumli hududning aksariyat qismi baliq xo'jaliklariga berildi. Hozirda dalalar orasida saqlab qolgan va bir biridan uzilgan qum barxanlari buzilgan populyatsiya aloqalarini o'zida aks etadi. Bundan tashqari dalalarni so'g'orilishi va ko'plab baliq xo'daliklarning barpo etilishi ham gidrologik rejimni buzilishiga olib kelib, sho'rxok maydonlarning paydo bo'lishi va qumliklarning yo'qolishiga sabab bo'lmoqda, deydi O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Zoologiya institutining teriologi (sutemuzuvchilarni o'rganuvchi zoologiya fanining bir bo'limi) Mariya Gritsina.

-Yozyovon qum barxanlarida 5 ta endemik sudralib yuruvchilar yashashadi. Bu Shtrauxa yumoloqboshi (Phrynocephalus strauchi Nikolsky, 1899), Saidaliyev taqir yumaloqboshi (Phrynocephalus helioscopus saidalievi Sattorov, 1981) Farg'ona qum kaltakesagi (Eremias scripta pherganensis Szczerbak et Washetko, 1973), zirhli gekkon (Alsophylax loricatus Strauch, 1887) va Rustamovning stsinksimon gekkonidir (Teratoscincus rustamowii Szczerbak, 1979). Ushbu kaltakesak turlari dunyoning boshqa biror joyida uchramaydi. Bundan tashqari bu yerda 50 turdan ko'proq noyob hasharotlar, kulrang echkiemar, ilonlarning bir nechta turlari mavjud. Ularning deyarli barchasi O'zbekiston Qizil Kitobiga kiritilgan. Mazkur turlar faqatgina o'zlarining belgilangan hududlardagina yashashashi va bir-biri bilan aralashib ketmaydi. Bu jihatni ham o'rganish kerak, deydi Roman Nazarov, Rossiya Fanlar Akademiyasi, Moskva davlat universiteti Zoologiya muzeyi ilmiy xodimi. -Shunga qaramay Farg'ona vodiysida Yozyovon tabiiy yodgorligidan tashqari birorta o'simlik va hayvonot dunyosini muhofaza etadigan qo'riqxona yoki uning muqobili yo'q. Afsuski, bu yerda baliqchilikni rivojlantirish aynan ana shu turlarning yaqin 5 yil ichida yo'q bo'lib ketishiga sabab bo'ladi. O'ylamanki, xukumat aholining ijtimoiy holatini yaxshilash borasidagi qaror qabul qilishdan oldin, albatta joyning flora va faunasini o'rganish, ularni yo'q qilmasdan, tabiatni asrab qolish borasidagi maqbul qaror qabul qilishi lozim. Chunki birgina kulrang echkiemarni olsak, Yozyovon cho'llarida bu sudralib yuruvchi deyarli qolmadi. Birinchidan uning tabiiy yashash hududining o'zlashtirish natijasida qisqarishi, ikkinchidan odamlarning "Echkiemar turli kasalliklarga davo" deya asossiz sabablar bilan uni o'ldirib, yeb qo'yishlari sabab bo'lmoqda.

Fazodan qaraganda oxirgi 38 yil, ya'ni 1984 yildan boshlab bugungi kunga qadar Yozyovon cho'llarining inson tomonidan tegilmagan 10/1 qismi qolganligini ko'rish mumkin. Hudud 235 kv.km.dan 23,2 kv.kmgacha qisqargan. Eng yiriklari — Mingbuloq va Yozyovonlar 1984 yilda 58,5 km², 2020 yilda esa atigi 14,6 km² (yoki 1460 ga)ga egadir. 1995 yili Farg'ona viloyati xokimligi tomonidan Yozyovon tabiat yodgorligini Farg'ona o'rmon xo'jaligiga o'tkazgan edi.

Noyob qum barxanlari va ularda yashovchi hayvonot va o'simlik dunyosining birinchi kushandalari fermerlardir. Farg'ona viloyati Yozyovon tumani, Namangan viloyati Pop tumanlari xokimligi tomonidan bu yerlar fermerlarga sholi ekish va baliqchilikni rivojlantirish uchun bo'lib berilmoqda. Ular esa o'z faoliyati bilan balki noyob oxirgi kaltakesak, yoki hasharotni yo'q qilayotganidan xabari ham yo'q. Bu yerdagi jonivorlar Qizil Kitobga kiritilganmi yoki yo'qmi, aftidan ular uchun baribir yoki ayni muhim masaladan fermerlarning xabari, ma'lumoti yo'q. Tabiiy, fermer uchun asosiy maqsad daromad olish. Fermerlarga yerlarni bo'lib berish chog'ida xokimiyat vakillari ham ayni masalaga alohida e'tibor berishmagan ko'rinadi.

Yozyovon tabiatining yana bir kushandasi qum kareridir. 2020 yili Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi «Yozyovonmaxsussuvqurilish» korxonasiga sanoat ehtiyojlari uchun 30,88 ming kubometr qum olishga ruxsat bergan edi. Davlat ekologiya qo'mitasining 2020 yil 22 apreldagi xatiga asosan Vazirlar Mahkamasiga dastlabki xulosa kiritilgan. Xulosada «Kon uchastkasida qolgan qum zahirasini Davlat geologiya qo'mitasi, O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi va «Yozyovonmaxsussuvqurilish» DUK ishtirokida joyiga chiqib o'rgangan. O'rganish jarayonida Tabiat yodgorligidagi o'simlik dunyosining 188 turkumga oid bo'lgan 302 xildagi o'simlik turi shu jumladan 5 turdagi daraxtlar, 24 turdagi butalar va 10 turdagi chala butalar, 98 turdagi ko'p yillik o'tlar, 165 turdagi bir yillik o'tlar, Yodgorlik hududidagi o'simliklarning 91 turi shifobaxsh 81 turi esa begona o'tlarni tashkil qilishi aniqlangan.

Ishchi guruhining xulosasiga asosan qum zahiralarini o'zlashtirish natijasida O'zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan ko'plab hayvonot va o'simlik dunyosining yo'qolib ketishiga yoki kamayib ketishiga hamda mazkur hududda yer osti sizot suvlari ko'tarilishiga sabab bo'lishi mumkinligini inobatga olgan holda ushbu hududda qazish ishlarini olib bormaslik maqsadga muvofiq, deb topilgan.

Qo'mitaning xabariga ko'ra, "2020 yil 15 maydan alohida ishchi guruh tuzib "Yozyovon cho'llari" tabiat yodgorligi hududida qum qazib olishga yo'l qo'ymaslik yuzasidan tabiat yodgorligi hududi qat'iy nazoratga olingan". Farg'ona suv ombori qurib tugatilib, allaqachon suv bilan to'ldirilgan ham.

Ammo «Yozyovonmaxsussuvqurilish» esa qumni qazib olishda davom etmoqda. 2022 yil 20 iyulda muddati tugaydigan litsenziyani esa uzaytirish qiyin emas. Yozyovon qum barxanlari va u yerda yashayotgan jonivor va o'simliklar karerda ishlayotgan ekskavatorlarning cho'michi ostida asta-sekinlik bilan yo'q bo'layotganligiga guvoh bo'ldik. Dahshat...

Qo'qon shahridan 19 km. uzoqlikda Farg'ona viloyatining Dang'ara tumanida Katta turk qishlog'i joylashgan. Qishloqning deyarli har bir xonadonning hovlisida deyarli qum barxani mavjud bo'lib, ularda endemik sudralib yuruvchilar yashamoqda. Qishloq aholisidan "Uyingizga kaltakesak kirib qolsa, nima qilasizlar" deb so'raganimizda aksariyat "o'ldiramiz" deb, javob berishdi.

Ular bu kaltakesaklarning dunyoning biror burchagida uchramasligi va O'zbekiston Qizil Kitobiga kiritilganidan xabari ham yo'q. Bundan tashqari tomorqa yerlarni kengaytirish uchun har yili barxanlar asta sekinlik bilan tekislanib, suv chiqarilib, joyiga qishloq xo'jaligi mahsulotlari ekilmoqda.

Yozyovon cho'llarini saqlab qolish uchun nima qilish kerak?

Ayni paytda Yozyovon cho'llarida Critical Ecosystem Partnership Fund (CEPF) — yo'qolib ketayotgan ekotizimlarni saqlash hamkorlik jamg'armasi, Yovvoyi tabiatni asrash xalqaro fondi (WWF) ning "Markaziy Osiyo tog'li hududlarida bioxilmaxillikning asosiy hududlarini saqlash Dasturi" doirasida Rossiya Federatsiyasining Mixail Zukov Jamg'armasi hamkorligida O'zbekiston FA Zoologiya instituti va Rossiya Federatsiyasi FA olimlari tomonidan «Farg'ona vodiysi hududida asosiy tabiiy majmualarni saqlash» bo'yicha 2 yillik loyihasini amalga oshirishmoqda. Maqsad - Farg'ona vodiysida davlat tomonidan muhofaza etiladigan hududni tashkil etish. Olimlar tomonidan Pop adirlari, Mingbuloq, Yozyovon, Qayroqum, Sirdaryo daryosining qirg'oqbo'ylari, Farg'ona viloyatining bir qismida o'simlik va hayvonot turlarining sanog'i o'tkazilgan. Shuningdek Yozyovon cho'llarida kaltakesakning mutlaqo yangi turi Alsophylax sp. gekkoni aniqlangan. WWF-RUSSIA va CEPF loyihasi koordinatori Aleksandr Grigoryantsning fikricha, bu zoologiya yo'nalishida juda katta tarixiy voqea bo'lib, uning aynan aholi zich joylashgan hududda topilishi ham quvontiradi ham qayg'uga soladi, chunki uning soni hali aniq bo'lmay, so'nggi gekkonni aholi o'ylab o'tirmay o'ldirib qo'ya qolishi mumkin.

Xalilulla Sherimbetov, O'zR Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi Muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar boshqarmasining boshlig'i:

-Muhofazaga olinadigan hudud maqomini berish uchun o'sha hudud bir nechta kriteriyalarga javob berishi kerak. Bular: u yer inson faoliyati aralashmagan yoki kam aralashgan nisbatan katta hudud bo'lishi, mazkur hududda O'zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonot va o'simlik turlarining mavjudligi, inson faoliyati bilan o'zgartirilmagan tabiiy landshaftning mavjudligi, hududning mumkin qadar aholi punktlaridan uzoqda joylashganligi va boshqalar. Qo'riqlanishi taklif etilayotgan hududlar alohida uchastkalardan iborat bo'lib Farg'ona va Namangan viloyatlarida joylashgan. Mazkur hududlarni qamrab olgan yagona Milliy tabiat bog'i tashkil etish mumkin. Ammo buning uchun aniq, asoslangan ilmiy xulosalar zarur. Chunki qo'riqlanadigan hududni tashkil etish ma'lum bir xarajatlar bilan bog'liqdir.

Xulosa shuki, Yozyovon cho'llari va uning o'simlik va hayvonot dunyosini zudlik bilan muhofazaga olish zarur. Bir qarashda ko'pchilikka ko'zga ko'rinmas kaltakesak va hasharotlar, cho'l o'simliklari inson uchun ahamiyatsizdek tuyulishi mumkin. Ammo ularning yashab qolishi biozanjir halqlarining uzilmasligi, kelajak avlod uchun Yozyovon tabiatini saqlab qolish uchun ham muhimdir.

Nargis Qosimova