Bo‘stonliq degan nom tilga olinganda, ko‘z oldimizda avvalo moviy Chorvoq suv ombori, osmono‘par tog‘lar, zilol buloqlar va betakror tabiat manzaralari gavdalanadi. Bu go‘sha nafaqat sayyohlar, balki tabiatni sevuvchi minglab insonlarning ham sevimli maskanidir. Ammo ana shu go‘zallikning ortida uni asrab-avaylash, kelajak avlodlarga butunligicha yetkazish uchun tunu kun mehnat qilayotgan fidoyi insonlar bor. Afsuski, ularning zahmati ko‘pincha ko‘zga tashlanmaydi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi tashabbusi bilan Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligiga uyushtirilgan press-tur aynan ana shu fidoyi insonlarning mashaqqatli mehnati, o‘rmonlarni muhofaza qilish va ko‘paytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

1947-yilda tashkil etilgan Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi jamoasi bizni samimiy kutib oldi. Yo‘l davomida O‘rmon agentligi matbuot kotibi xo‘jalik faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

Bugungi kunda xo‘jalikning umumiy yer maydoni qariyb 380 ming gektarni tashkil etadi. Shundan 80 ming gektardan ortig‘i o‘rmon bilan qoplangan. Madaniy o‘rmonlar qariyb 3 ming 800 gektar, tutashmagan o‘rmonlar 3 ming 880 gektar, ko‘chatxona va niholxonalar esa 55 gektardan ortiq maydonni egallaydi. Xo‘jalik Chotqol, Pskom, Sijjak, Sargardon, Xumson, Oqbuloq, Chakak, Burchmulla, Qorong‘uto‘qay, Aygaing va Jo‘rakbau bo‘limlarini o‘z ichiga oladi.

Bu yerda uchta yirik ko‘chatxona — Chakak, Yusufxona va Ozodbosh ko‘chatxonalari faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, har bir bo‘limning o‘ziga tegishli ko‘chatxonalari ham mavjud. Oq qayin, lola daraxti, dub, bodom, yasin, klyon, qayrag‘och va sadaqayrag‘och ko‘chatlari shu yerda yetishtiriladi. Ayniqsa, Toshkent shahri va Toshkent viloyatini ko‘chat bilan ta’minlashda ushbu xo‘jalikning hissasi katta.

Yong‘inning oldini olish o‘rmonni o‘chirishdan osonroq

Tog‘ yonbag‘irlari bo‘ylab harakatlanar ekanmiz, xodimlarning qo‘llarida o‘roq bilan qurigan o‘tlarni tozalayotganiga guvoh bo‘ldik. Avvaliga oddiydek tuyulgan bu ish aslida o‘rmon xavfsizligining eng muhim bo‘g‘inlaridan biri ekan.

Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi bosh o‘rmonbegisi Mo‘minmirza Rahimovning aytishicha, qurigan o‘tlar daraxtlar orasidan muntazam o‘rib olinadi. Bu ishning asosiy maqsadi — yong‘inlarning oldini olish. O‘rilgan o‘tlar xo‘jalik chorvalariga yem sifatida beriladi, ortgan qismi esa qish mavsumiga zaxira qilinadi.

Yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlar faqat shu bilan cheklanmaydi. Har yili 14 kilometr yangi yong‘inga qarshi yo‘llar barpo etiladi, 590 kilometr mavjud yo‘llar ta’mirlanadi, 10 gektardan ortiq yangi mineral himoya polosalari tashkil etiladi. Bundan tashqari, har yili yangi yong‘inga qarshi texnika va asbob-uskunalar xarid qilinadi.

Bir shisha ham o‘rmonni kulga aylantirishi mumkin

Suhbat davomida o‘rmon yong‘inlarining sabablari haqida ham so‘radik. Mutaxassisning aytishicha, ko‘pchilik o‘ylagandek yong‘in faqat olov yoqish oqibatida emas, oddiy beparvolik sababli ham yuzaga keladi. Qurigan o‘tlarning vaqtida tozalanmasligi, tashlab ketilgan shisha va plastik idishlar kuchli quyosh nuri ta'sirida lupa vazifasini bajarishi natijasida yong‘in kelib chiqishi mumkin. Shuningdek, chaqmoq urishi ham tabiiy yong‘inlarning sabablaridan biri hisoblanadi.

Bir qarashda oddiy chiqindi bo‘lib ko‘ringan shisha idish minglab gektar o‘rmon taqdirini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligi kishini chuqur o‘ylantiradi.

O‘rmonga kirish mumkin, ammo mas'uliyat bilan

Ko‘pchilikni qiziqtiradigan savollardan biri — o‘rmon hududiga kirish mumkinmi?

Mo‘minmirza Rahimovning ta'kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 290-son qaroriga asosan o‘rmon hududlariga kiruvchi sayyohlardan belgilangan tartibda yig‘im undiriladi. Bugungi kunda xo‘jalik hududida 14 ta turistik maskan tashkil etilgan. Har bir tashrif buyuruvchiga tabiatni asrash, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetkazmaslik hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat'iy amal qilish bo‘yicha ogohlantirish beriladi.

Yong‘inlarga qarshi zamonaviy texnologiyalar ham kirib kelmoqda

Suhbat davomida dronlardan foydalanish masalasiga ham to‘xtaldik. Rahimovning aytishicha, bugungi kunda dronlardan foydalanish bo‘yicha ruxsat olish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. U Turkiya tajribasini misol qilib keltirar ekan, u yerda o‘rmonlarni kuzatish uchun dronlar, maxsus yong‘in o‘chiruvchi avtomobillar va hatto vertolyotlardan foydalanilishini ta'kidladi.

— Tog‘li hududlarda yong‘inni o‘chirish uchun ba'zan bir necha soat piyoda yurishga to‘g‘ri keladi. Bunday vaziyatda vertolyot eng samarali yechim hisoblanadi, — deydi u. Shuningdek, u o‘tgan yili kuzatilgan uchta yirik yong‘inni bartaraf etishda Mudofaa vazirligi katta yordam berganini va bu xizmat uchun hech qanday mablag‘ undirilmaganini alohida minnatdorlik bilan esladi.

O‘rmon — yovvoyi tabiatning uyi

Suhbatning eng qiziqarli qismi, albatta, o‘rmondagi hayvonot olami haqida bo‘ldi.

Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida ayiq, to‘ng‘iz, Sibir tog‘ echkisi, bo‘ri, chiyabo‘ri, turli ilonlar, toshbaqalar va boshqa yovvoyi hayvonlar uchraydi. Shu sababli o‘rmon nazoratchilari muntazam ravishda malaka oshirib boradi. Ular ilon chaqishi yoki yovvoyi hayvonlar hujumiga duch kelganda qanday harakat qilishni yaxshi bilishadi. Xo‘jalikda tibbiyot xodimi faoliyat yuritadi va zarur dori-darmonlar bilan ta'minlangan. Ov mavsumida esa belgilangan tartib asosida mutaxassislar ishtirokida ov tadbirlari ham tashkil etiladi.

O‘rmonni asrash — barchamizning vazifamiz

Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligiga uyushtirilgan ushbu press-tur davomida bir haqiqatni yana bir bor angladik, o‘rmon faqat daraxtlardan iborat hudud emas. U minglab tirik organizmlar yashaydigan, iqlimni muvozanatda ushlab turadigan, suv manbalarini asraydigan va inson hayoti uchun bebaho boylik hisoblanadi. Bu boylikni asrash esa faqat o‘rmon xodimlarining emas, balki har birimizning burchimizdir. Tabiatga tashlangan bitta chiqindi, yoqilgan bitta gulxan yoki beparvolik bilan tashlab ketilgan shisha idish butun boshli o‘rmon taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Bo‘stonliqning betakror tabiati ortida tunu kun xizmat qilayotgan insonlarning mehnatini ko‘rgach, ularning fidoyiligiga beixtiyor hurmat uyg‘onadi. Zero, ular nafaqat bugungi o‘rmonni, balki kelajak avlodga qoladigan yashil merosni ham asrab kelmoqda.

Feruzbek Sayfullayev