Tel-Aviv–Yafo shahriga qilgan sayohatim davomida meni ayniqsa bir jihat qiziqtirdi. Yo‘l qurilishi va boshqa infratuzilma ishlari olib borilayotgan hududlarda ham daraxtlar alohida himoyaga olingan. Hatto xonadonini ta’mirlayotgan ayrim fuqarolar ham uyining oldidagi daraxtlarni qurilish ishlaridan himoya qilayotganini ko‘rdim.
Shundan so‘ng Isroilda daraxtlarga shikast yetkazish yoki ularni kesish qanday tartibga solinishi bilan qiziqdim.
Munitsipalitet — shaharni boshqaruvchi mahalliy davlat organi, ya’ni mahalliy hokimiyat hisoblanadi. Tel-Aviv–Yafo munitsipaliteti shahardagi daraxtlarni parvarish qilish, ularni asrash, shikastlanishining oldini olish va kesilishiga yo‘l qo‘ymaslik masalalariga jiddiy e’tibor qaratadi.

Qurilish paytida ham daraxtlar himoyada
Tel-Aviv–Yafo munitsipaliteti qurilish va rivojlantirish loyihalarini ko‘rib chiqishda, avvalo, mavjud daraxtlarni saqlab qolishning barcha mumkin bo‘lgan variantlarini o‘rganadi. Agar daraxtni saqlab qolishning imkoni bo‘lsa, loyiha doirasida u maxsus talablar asosida himoya qilinadi. Bunday jarayonlarda daraxtlarning holati va ularni himoya qilish ishlari tegishli mutaxassis, jumladan, agronom nazorati ostida amalga oshiriladi.
Bu jihat menga O‘zbekistondagi ayrim qurilish jarayonlarini ham eslatdi. Afsuski, bizda ba’zan qurilish maydonidagi daraxtni saqlab qolish imkoniyatlarini izlashdan ko‘ra, undan tezroq qutulish yoki uni kesib tashlash rejalashtiriladi.
Xo‘sh, Isroilda daraxtni shunchaki kesib yuborish mumkinmi?
Yo‘q.
Isroil qonunchiligida himoyalangan yoki yetuk daraxtlarni tegishli ruxsatsiz kesish taqiqlangan. Rasmiy hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, ruxsatsiz daraxt kesish jinoiy huquqbuzarlik hisoblanadi. Tel-Aviv–Yafo munitsipaliteti ham daraxtni kesishdan oldin tegishli ruxsat olish talab etilishini belgilagan.
Bundan tashqari, qurilish jarayonida daraxtlarga zarar yetkazish ham taqiqlangan.
Bitta daraxt uchun minglab shekel jarima
Isroil parlamenti — Knesset huzuridagi professional tadqiqot va tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, daraxtlarni ruxsatsiz kesgan yoki ularga shikast yetkazgan jismoniy shaxs uchun 7 500 shekel, korxona uchun esa 15 000 shekel miqdorida jarima belgilangan.
Bundan tashqari, holatga qarab jinoiy ish qo‘zg‘atilishi va boshqa huquqiy choralar ham qo‘llanishi mumkin.
Muhim jihati shundaki, ushbu jarima har bir daraxt uchun alohida qo‘llanilishi mumkin.
7 500 shekelni o‘zbek so‘miga hisoblaganimda, taxminan 29,2 million so‘m, 15 000 shekel esa 58,4 million so‘mga to‘g‘ri keladi.
Demak, Isroilda bitta daraxtni ruxsatsiz kesish yoki unga jiddiy zarar yetkazish fuqaro uchun qariyb 30 million so‘mlik, korxona uchun esa 60 million so‘mga yaqin jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.
Bu, albatta, daraxtlarning shahar hayotidagi ahamiyati qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Qurilish ruxsatnomasi daraxtni kesish huquqini bermaydi
Yana bir muhim jihat bor: qurilish uchun berilgan ruxsatnomaning o‘zi daraxtni avtomatik ravishda kesish huquqini bermaydi.
Agar qurilish loyihasini amalga oshirish jarayonida daraxtni kesish yoki boshqa joyga ko‘chirish zarur bo‘lsa, buning uchun alohida tartib mavjud. Tegishli o‘rmon xodimi — Forest Officer tomonidan belgilangan tartib asosida ruxsat olinishi kerak.
Daraxtlar xususiy hududlarda ham himoyalangan. Ya’ni daraxt fuqaroning shaxsiy hovlisida yoki xususiy qurilish maydonida joylashgan bo‘lsa ham, uni istalgan vaqtda o‘zboshimchalik bilan kesish yoki shikastlash mumkin emas.
Bu yondashuv daraxtni faqat davlatga tegishli hududdagi obyekt sifatida emas, balki jamiyat va shahar uchun muhim ekologik boylik sifatida ko‘rishga asoslangan.
Tel-Avivda qurilish loyihasida daraxtlar alohida ko‘rib chiqiladi
Tel-Avivdagi qurilish ruxsatnomalarini ko‘rib chiqish jarayonida daraxtlarga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Shahar litsenziyalash tizimining “Bog‘lar va landshaft” yo‘nalishi qurilish uchastkasi va uning atrofidagi daraxtlarni, daraxtlarni ko‘chirish yoki olib tashlash zaruratini, shuningdek, mavjud daraxtlarni qurilish jarayonida himoya qilish choralarini ko‘rib chiqadi.
Isroilning o‘rmonlar to‘g‘risidagi qonunchiligiga ko‘ra, ko‘plab daraxt turlari himoyalangan. Rasmiy hukumat ma’lumotlarida 68 turdagi daraxt himoyalangan ekani ko‘rsatilgan.
Agar daraxtni kesish yoki boshqa joyga ko‘chirish zarur bo‘lsa, tegishli Forest Officer tomonidan ruxsat berilishi kerak.
Kesilgan daraxtning o‘rnini qanday qoplashadi?
Isroil tajribasidagi yana bir muhim jihat — kompensatsiya mexanizmi.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, agar daraxtni kesishga ruxsat berilsa, loyiha egasi kesilgan daraxtning qiymatiga teng hajm va sifatdagi daraxtlarni ekishi kerak.
Ya’ni bu yerda maqsad shunchaki “bitta daraxt kesildi — o‘rniga bitta daraxt ekildi” degan yondashuv bilan cheklanmaydi. Asosiy maqsad — yo‘qotilgan daraxtning ekologik qiymatini imkon qadar qoplash.
Bu juda muhim yondashuv. Chunki katta va yetuk daraxt bilan yangi ekilgan niholning ekologik qiymati bir xil emas. Yetuk daraxt yillar davomida shakllanadi, havoni tozalaydi, soyani ta’minlaydi, shahar haroratini pasaytiradi, changni ushlab qoladi va biologik xilma-xillik uchun yashash muhitini yaratadi.




Daraxt — shunchaki yashillik emas
Ayrim nashrlar ma’lumotlariga ko‘ra, Tel-Aviv shahrining jamoat hududlarida taxminan 150 mingta daraxt mavjud. Shunga yaqin miqdordagi daraxtlar xususiy hududlarda ham o‘sadi.
Shahar daraxtlarni shunchaki ko‘chalarni bezab turuvchi yashil element sifatida emas, balki shahar infratuzilmasining muhim qismi sifatida ko‘radi.
Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, issiq to‘lqinlar va shaharlarning tobora qizib borayotgan bir paytda daraxtlarning ahamiyati yanada ortmoqda. Daraxtlar soyani ta’minlaydi, havoni tozalashga yordam beradi, shahar issiqlik oroli effektini kamaytiradi va aholining yashash muhitini yaxshilaydi.
Tel-Avivdagi yondashuvdan olinadigan eng muhim saboq shuki, daraxtni kesish — qurilish jarayonidagi oddiy texnik masala emas. Daraxtni saqlab qolishning barcha imkoniyatlari avval ko‘rib chiqilishi, faqat zarurat bo‘lsa, belgilangan tartibda ruxsat olinishi va yo‘qotilgan ekologik qiymat qoplanishi kerak.
Menimcha, O‘zbekistonda ham qurilish va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda shu tamoyilga ko‘proq e’tibor qaratishimiz kerak.
Chunki daraxtni kesish oson. Ammo uning o‘rnida xuddi shunday katta, sog‘lom va ekologik jihatdan qimmatli daraxt paydo bo‘lishi uchun yillar, hatto o‘nlab yillar kerak bo‘ladi.


