Dunyo bo‘yicha har yili taxminan $25 \cdot 10^9\text{ tonna}$ chiqindi hosil bo‘ladi. Bu ko‘p jihatdan bugungi kunda dunyoda turli sanoat, mudofaa, maishiy, ilmiy va boshqa maqsadlar uchun 60 ta kimyoviy element hamda o‘nlab turdagi tabiiy foydali qazilmalardan foydalanilayotgani bilan bog‘liq. Rivojlangan mamlakatlarda (AQSh, Yaponiya, Germaniya va boshqalar) aholi jon boshiga foydali qazilmalarni iste’mol qilish yillik 15–20 tonnani tashkil etadi, dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa kishi boshiga yiliga 8 tonnaga yetdi, ya’ni bir asr davomida 4 baravardan ziyodga oshdi.

Jizzax viloyati O‘zbekistonning markaziy qismida, Sirdaryo va Zarafshon daryolari oralig‘ida joylashgan. Viloyat hududi maydoni — 20 500 km². Iqlimi kontinental, qurg‘oqchil, yazi issiq va qishi mo‘tadil sovuq. Shimolda Qozog‘iston Respublikasi va Sirdaryo viloyati bilan, janubi-sharqda Tojikiston Respublikasi bilan, g‘arbda Navoiy va Samarqand viloyatlari bilan chegaradosh. Viloyat 12 ta ma’muriy tuman (shahar va tumanlar)ga bo‘lingan. Hozirgi kunda hududda 1 million 300 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.
— Hozirgi kunda Vazirlar Mahkamasining 315-sonli qarori talabiga muvofiq, chiqindi muammolari bilan sanitariya-tozalash ishlariga ixtisoslashgan korxonalar hamda shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari shug‘ullanishi kerak, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi viloyat boshqarmasining Yer, suv resurslarini muhofaza qilish va chiqindilarni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Bunyod Egamov. — Ammo talablarning bajarilmasligi, ya’ni chiqindilarning o‘z vaqtida olib chiqib ketilmasligi viloyat shahar va tumanlarida juda ko‘plab noqonuniy chiqindixonalarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2916-sonli qarori bilan «Toza hudud» DUKlar tashkil etilmoqda. Ular maishiy chiqindilarni yig‘ish shoxobchalaridan poligonlarga olib chiqish va oqova o‘ralarini tozalash bilan shug‘ullanadi. Hozirda Jizzaxda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlovchi 5 ta kichik korxona ro‘yxatga olingan. Lekin ularning birortasi ham hozircha ishlamayapti. Viloyatda makulaturani (chiqindi qog‘ozni) qayta ishlaydigan korxonalar yo‘q. Aholidan ikkilamchi qog‘oz chiqindilari yig‘ib olingach, tadbirkorlar uni qayta ishlash uchun Toshkentga olib boradilar. Hozircha ko‘mir kukunidan ko‘mir briketlari ishlab chiqaradigan «Jizzax Avantaj plyus» MChJ faoliyat ko‘rsatmoqda. Ishlab chiqarishdan chiqqan barcha kimyoviy chiqindilar «Jizzaxagrokimyo» AJ tomonidan Forish tumani Egizbuloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan maxsus poligonga olib boriladi. Maydoni 5 gektar bo‘lgan ushbu poligon aholi yashash punktidan 6 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hozirda u yerda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Poligonga olib chiqilayotgan qattiq maishiy chiqindilar morfoloigyasini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, bular maishiy chiqindilardir. Afsuski, viloyatda qattiq va elektron maishiy chiqindilarni qayta ishlaydigan korxona yo‘q. Ushbu o‘tkir va dolzarb muammoni hal etish uchun Jizzax viloyati hokimi tomonidan Prezidentning yuqorida tilga olingan Qarori asosida 2017-yil 6-mayda 227-sonli qaror qabul qilindi va unda chiqindilarni saralash hamda qayta ishlash korxonasini qurish «Temurbek elegant» MChJga yuklatildi. Loyihaga ko‘ra, korxona yillik 70 ming tonna qattiq maishiy chiqindini qayta ishlaydi.
Loyiha doirasida, shuningdek, chiqindilarni olib chiqib ketish va yo‘q qilish uchun 49 ta texnika, 170 ta chiqindi yig‘ish konteynerini xarid qilish rejalashtirilgan. Ammo korxona qurilishi qachon boshlanishi hozircha noma’lum. Hozirgi kunda Jizzax shahridagi barcha chiqindilar shahardan 24 kilometr uzoqlikda joylashgan qattiq maishiy chiqindilar poligoniga olib borib ko‘milmoqda. Ko‘pincha issiq havo va boshqa sabablar tufayli poligonda chiqindilar yonib ketadi va undan chiqqan noxush hidli tutun shamol yo‘nalishiga qarab yaqin atrofdagi uylar ustini qoplaydi.
Shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimi Abduvali Nurmatovning so‘zlariga ko‘ra, poligonda chiqindilar saralanmaydi.
Abduvali Nurmatov:
— Bizning asosiy vazifamiz poligon atrofini toza tutish va bu yerga chiqindi olib kelayotgan texnikalarga yo‘l ko‘rsatishdan iborat. Aksariyat hollarda chiqindilar issiqdan, shuningdek, choyxona va umumiy ovqatlanish joylaridan chiqindilar bilan birga olib kelinadigan ko‘mirlardan yonib ketadi.
Qurilish materiallari ishlab chiqarish viloyat sanoat ishlab chiqarishining yetakchi tarmog‘i hisoblanadi. Shuningdek, plastmassa buyumlar tayyorlash va paxtani tozalash ishlab chiqarishlari mavjud, baliqni qayta ishlash zavodi faoliyat ko‘rsatmoqda. Viloyatda tarkibida qo‘rg‘oshin, ruh, temir bo‘lgan polimetall ruda, shuningdek, ohak tayyorlash uchun xomashyo va ohaktosh qazib olinadigan ko‘plab konlar mavjud. Ularning barchasi ozmuncha chiqindi chiqarmaydi.
Hozirgi kunda Jizzax shahrida 34 ta mahalla mavjud bo‘lib, ularda 168,2 ming kishi istiqomat qiladi. Shahardan har kuni taxminan 80 tonna chiqindi olib chiqib ketiladi. Ya’ni, Jizzaxning har bir uyi/turg‘uni bir kunda 1 kg 200 gramm chiqindi tashlaydi. Chiqindilarni olib chiqib ketish bilan ikkita tashkilot shug‘ullanadi. Bular — «Mahsusservis» MChJ va Jizzax shahar obodonlashtirish boshqarmasi. Biroq raqobat mavjudligiga qaramay, mikrohududlarda o‘z vaqtida olib chiqib ketilmagan chiqindilar, shuningdek, mahallalarning ichki yo‘llari yoqasidagi chiqindi solingan selofan xaltalar haligacha shaharning yangilangan qiyofasini xunuklashtirib turibdi.
— Biz shahrimizdagi 20 ta mahalla bilan, «Mahsusservis» MChJ esa 14 ta mahalla bilan chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha shartnoma imzolaganmiz, — deydi shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Otajonov. — Chiqindi tashuvchi mashinalar ertalab signal berish orqali aholini kelganidan ogoh etadi. Barcha chiqindilar buldozer yordamida qattiq maishiy chiqindilar poligoniga ko‘miladi. Jizzaxda har bir mahalla hududida bor-yo‘g‘i 34 ta konteyner o‘rnatilgan, shuningdek, mahalla qo‘mitasi raisiga mahalla hududini toza tutish haqida aholini ogohlantiruvchi xat yuborilgan. Ammo ko‘rilayotgan barcha choralarga qaramay, fuqarolar chiqindini konteynergacha olib bormay tashlab ketadigan yoki yo‘l yoqalarida, ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari (podezd) oldida qoldiradigan holatlar uchrab turibdi. Bunday ko‘ngilsiz holatlarni bartaraf etish uchun biz aholi o‘rtasida muntazam tushuntirish ishlarini olib bormoqdamiz.
Shunga qaramay, haligacha shaharning ba’zi mahallalarida chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqib ketilmayapti. Mahalla obodonlashtirish boshqarmasiga tegishlimi yoki «Mahsusservis» MChJgami — bu aholini qiziqtirmaydi. Ularni faqat bir savol tashvishlantiradi: chiqindilarni olib chiqib ketish muammasi qachon hal bo‘ladi?
Jizzax shahrining «Navoiy» mahallasida yashovchi Lenure Adilshayevaning fikricha, chiqindi yig‘uvchi mashinalar aksariyat hollarda aholining asosiy qismi ishda bo‘lgan vaqtda keladi. Shuning uchun uyda yig‘ilib qolgan chiqindilarni nafaqachilar yoki ishlamay uyda o‘tirganlar olib chiqishga ulguradi. Ammo uyda hammasi ishlasa-chi? Unda qanday yo‘l tutish kerak? Biz ushbu savol bilan shahar obodonlashtirish boshqarmasiga bir necha bor murojaat qildik, ammo hozircha masala yechimsiz qolmoqda, deydi L.Adilshayeva.
— Bizning mahallada bir kunda juda ko‘p chiqindi yig‘ilib qoladi, — deydi «Navro‘z» mahallasida yashovchi Ra’no Abdullayeva. — Ertalab barcha chiqindilarni maxsus mashinalar olib ketadi, shunga qaramay, ko‘pchilik kechasi chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlab ketadi. Shahrimiz oxirgi ikki yilda chiroy ochdi, go‘zal bo‘ldi. Obodonlashtirish boshqarmasi hamma joyga gullar ekdi. Lekin fuqarolarimiz ushbu go‘zallikni saqlashga, shaharni toza tutishga, gullarni sug‘orishga mas’ullarga yordam berishmayapti. Axir bularning barchasi o‘zimiz, farzandlarimiz uchun qilinyapti-ku. Bularning barchasi fuqarolarimizda ekologik madaniyat yetishmasligini ko‘rsatadi.
Chiqindi atrof-muhitni bulg‘ashi va turli yuqumli kasalliklarning tarqalishiga xizmat qilishini hamma biladi. Viloyatda 2017-yil 16-yanvar holatiga ko‘ra, bor-yo‘g‘i 293 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi, 554 ta chiqindi yig‘ish konteyneri mavjud. Lekin 1 million 300 mingdan ortiq aholi yashaydigan Jizzax viloyati uchun bu juda oz. Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi Jizzax viloyat boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hudud uchun yana 2255 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi va 889 ta konteyner kerak. Bu tuman markazlari va aholi yashash punktlarini toza tutishga hamda chiqindilar yig‘ilib qolishi sababli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning oldini olishga yordam beradi.
— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yildagi qaroriga muvofiq, har bir chiqindi yig‘ish maydonchasi sanitariya me’yorlari talablariga muvofiq saqlanishi kerak. Lekin ko‘pincha buning aksini ko‘ramiz, chiqindilar ariqlarga, yo‘l yoqalariga tashlanadi. Bu ko me'yorga to'g'ri kelmaydi va salomatlik uchun xavflidir, — deydi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi Jizzax viloyat boshqarmasining sanitariya va gigiyena bo‘limi mudiri Tal’at Boboyev. — Chunki chiqindida turli kasalliklarni keltirib chiqaradigan patogen mikroblar juda ko‘p. Mikroblarni asosan pashshalar tarqatadi. Bundan tashqari, yotib qolgan chiqindi noxush hid taratadi va nafas yo‘llari kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Barcha yuqumli kasalliklarning manbai chiqindi deb bo‘lmaydi. Lekin u eng xavfli kasalliklardan biri — gepatitni keltirib chiqaradi. Asosan chiqindixonalardan uzoq bo‘lmagan joyda o‘ynaydigan bolalar ko‘pincha qo‘llarini yuvmasdan taom, non, mevalarni ushlaydilar. Shuning uchun, ayniqsa yoz mavsumida Markazning har bir xodimi mahallalarda, o‘quv yurtlarida aholi bilan tushuntirish ishlarini olib boradi. Bizda nazorat guruhi tuzilgan. Ular har bir uyni o‘rganadi, sanitariya tugunlarining holatini tekshiradi. Bundan tashqari, markazimizning asosiy vazifasi laboratoriya tekshiruvlari orqali umumiy ovqatlanish shoxobchalarining sanitariya-gigiyena holatini nazorat qilishdan iborat.
Jizzax viloyatining yana bir muammosi — oqova suvlarni tozalash inshootining yo‘qligi. 12 ta tuman va 1 ta viloyat bo‘ysunuvidagi shaharga ega bo‘lgan butun viloyat bo‘yicha bor-yo‘g‘i bitta ishlayotgan oqova suvlarni tozalash inshooti kamlik qilishi aniq. Afsuski, ushbu inshoot ham jiddiy ta’mirga muhtoj. Ba’zi joylarda oqova suvlar tozalanmasdan tabiatga oqizilmoqda, bu esa ekologik inqirozni yanada keskinlashtirmoqda.
— Tumanlarda dastlabki ishlov berilgan oqova suvlar oqiziladigan biohavzalar mavjud, — suhbatimizni davom ettiradi Tal’at Boboyev. — Jizzax viloyati hududida kimyoviy chiqindilar chiqaradigan bir nechta korxona bor. Har bir korxonada dastlabki tozalash inshooti mavjud. Yana bir muammo — aholi chiqindiga tashlangan bo‘sh baklashkalarni yig‘ib olib, ulardan sut va qatiq mahsulotlarini sotishda idish sifatida foydalanishidir.
Albatta, faqat oqova suvlarni dastlabki qayta ishlash bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi, axir oqova suvlar atrof-muhit uchun beziyon bo‘lishi uchun ular tozalashning bir necha bosqichidan o me'yorda o'tishi kerak.
Bugun Jizzax shahri ulkan qurilish maydoniga aylangan. Yangi turar joylar qad rostlamoqda, hududlar obodonlashtirilmoqda. Lekin shahar bo‘ylab sayr qilar ekansiz, na markazda, na chekka hududlarda birorta ham chiqindi qutisini (urna) ko‘rmaysiz.
— Hozirda jamoat joylariga chiqindi qutilarini o‘rnatish va ularni saralash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, — deydi Bahodir Otajonov. — Hozirgi kunda ularni xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz.
Aholining ekologik madaniyati ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar orqali shakllanadi. Shaharliklarning ko‘pchiligi konfet va muzqaymoq qog‘ozlarini, pusta (pishta) po‘choqlarini, sigaret qoldiqlarini chiqindi qutisiga tashlash uchun sumkasida olib yurmaydi. Ushbu mayda chiqindilarning barchasini bugun ariqlarda, trotuarlarda, maysazorlarda ko‘rish mumkin. Tuman markazlari va qishloqlarni aytmaganda, butun shaharda chiqindi qutilarining yo‘qligi obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining og‘ir mehnati qadrlanmasligiga olib kelmoqda.
Viloyatda kundan-kunga qattiq maishiy va elektron chiqindilarni olib chiqib ketish, utilizatsiya qilish masalasi dolzarblashib bormoqda. Jizzax viloyati hokimligi oldida turgan vazifa oson emas. Tezlik bilan chiqindini qayta ishlaydigan minizavodlar, oqova suvlarni tozalash inshootlarini qurish, jamoat joylarida chiqindi qutilarini o‘rnatish, chiqindi yig‘ish uchun qo‘shimcha konteynerlar xarid qilish zarur. Ushbu masalaning hal etilishi nafaqat aholi salomatligini mustahkamlaydi, balki Jizzaxning ming yillik tarixga ega bo‘lgan betakror tabiatini asrab qolish imkonini beradi.
Nargis QOSIMOVA