Navoiy viloyatidagi To‘dako‘l suv ombori atrofida yuz bergan bir holat jamoatchilik uchun muhim savolni o‘rtaga qo‘ydi: suv ombori va uning sohilbo‘yi hududlaridan foydalanish huquqi kimga tegishli va fuqarolardan suv bo‘yidan o‘tganliklari uchun pul talab qilish qanchalik qonuniy?

Voqea guvohlarining aytishicha, suv ombori tomon o‘tayotgan bir guruh fuqarolar oldini bir shaxs to‘sib, ulardan hududdan o‘tganliklari uchun pul talab qilgan.

— «Mening hududimdan o‘tyapsizlar, pul to‘laysizlar», — degan u.

Fuqarolar esa undan hududga egalik yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatishni, yer uchastkasi qaysi asosda berilgani va uning huquqiy maqomi haqida ma’lumot berishni so‘ragan.


Biroq savollarga hujjat bilan javob berish o‘rniga baland ovozdagi e’tirozlar davom etgan.

E’tiborli jihati shundaki, voqea sodir bo‘lgan joyda uning xususiy hudud ekanini ko‘rsatuvchi, kimga tegishliligi yoki kirish tartibini belgilaydigan aniq axborot belgilarini ko‘rish qiyin bo‘lgan. Aksincha, hududda chiqindilar to‘plangani kuzatilgan.

Fuqarolarning ta’kidlashicha, ular mazkur hududda dam olmagan, cho‘milmagan va hech qanday pullik xizmatdan foydalanmagan. Ular faqat hudud orqali suv ombori tomon o‘tib, sohil bo‘yida suratga tushgan.

Bu holatni oddiy shaxsiy nizo sifatida emas, balki suv obyektlaridan foydalanish va sohilbo‘yi hududlarining huquqiy maqomi nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish muhim.

Suv — umummilliy boylik

2025-yil 30-iyulda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi suv resurslaridan foydalanish sohasida muhim huquqiy qoidalarni belgiladi.

Kodeksga ko‘ra, suv — umummilliy boylik bo‘lib, undan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish davlat tomonidan kafolatlanadi.

Bu norma suv obyektlaridan foydalanishda faqat iqtisodiy manfaat emas, balki jamoat manfaati ham hisobga olinishi kerakligini anglatadi.

Suv kodeksida suvdan umumiy foydalanish instituti ham nazarda tutilgan. Uning doirasida fuqarolarning suvdan ayrim ehtiyojlar uchun umumiy tartibda foydalanishi, jumladan cho‘milish, sport va havaskorlik maqsadlarida foydalanish kabi holatlar belgilangan.

Shu yerda muhim savol tug‘iladi: agar qonun suvdan umumiy foydalanishni nazarda tutsa, fuqaroning suv obyektiga yetib borishi qanday ta’minlanadi?

Suvdan foydalanish huquqini qonunda belgilab, unga olib boruvchi yo‘llarni amalda to‘sib qo‘yish mumkinmi?

Sohilbo‘yi hududlari ham alohida huquqiy maqomga ega

Masalaning yana bir muhim jihati — sohilbo‘yi hududlari.

Suv obyektining o‘zi va uning atrofidagi yer uchastkasi bir xil huquqiy maqomga ega bo‘lmasligi mumkin. Muayyan yer uchastkasi tadbirkorlik subyektiga ijara yoki boshqa qonuniy asosda berilgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Biroq bunday holatning o‘zi tadbirkorga suv obyektidan foydalanish, umumiy foydalanishdagi hududlarni to‘sib qo‘yish yoki fuqarolarning qonuniy huquqlarini cheklash uchun avtomatik ravishda huquq bermaydi.

Shu sababli har bir holatda yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning turi, uning chegaralari, kadastr hujjatlari, ijara yoki boshqa foydalanish asoslari aniqlanishi kerak. Agar hudud haqiqatan ham tadbirkorga berilgan bo‘lsa, buning huquqiy asosi bo‘lishi shart. Ammo «Bu mening hududim» degan og‘zaki bayonotning o‘zi yerga bo‘lgan huquqni isbotlamaydi.

Xizmat uchun haq olish va hududdan o‘tish uchun haq talab qilish — ikki xil masala

Tadbirkorlik subyekti dam olish maskani tashkil etgan bo‘lishi va muayyan xizmatlarni pullik asosda ko‘rsatishi mumkin.

Masalan, shezlong, dush, ovqatlanish, avtotransport vositalari uchun xizmat, sport inshootlari yoki boshqa infratuzilma uchun haq belgilanishi mumkin.

Biroq xizmatdan foydalanmagan fuqarodan faqat hudud orqali o‘tganligi uchun pul talab qilishning huquqiy asosi alohida ko‘rsatilishi kerak.

Aynan To‘dako‘ldagi holat bo‘yicha ham jamoatchilikni qiziqtirayotgan asosiy masala shu:

Fuqarolardan nima uchun pul talab qilindi?

Bu pul qaysi xizmat uchun? Uning narxi qayerda ko‘rsatilgan? Qaysi hujjat asosida ushbu hududga kirish yoki undan o‘tish cheklangan?

Fuqarolarga suv omboriga olib boruvchi muqobil ochiq yo‘lak ajratilganmi? Bu savollarga rasmiy javob berish zarur.

«Xususiy hudud» degan yozuvning o‘zi yetarli emas

Amaliyotda suv bo‘yidagi ayrim hududlarda «Xususiy hudud», «Kirish taqiqlanadi» yoki «Faqat pullik» kabi yozuvlar uchraydi.

Biroq bunday yozuvning mavjudligi o‘z-o‘zidan hududning huquqiy maqomini belgilab bermaydi.

Hududning huquqiy maqomi kadastr ma’lumotlari, yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlar, ijara shartnomasi, shaharsozlik va boshqa tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak.

Shuning uchun To‘dako‘l atrofidagi mazkur hudud bo‘yicha birinchi navbatda hujjatlar o‘rganilishi lozim.

Yana bir muammo — ekologik holat

Masalaning yana bir og‘riqli tomoni — hududning sanitariya va ekologik holati.

Agar bu joy aholi dam olishi uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, uning chiqindilar bilan ifloslangani jiddiy savollarni keltirib chiqaradi.

Tadbirkorlik faoliyatidan daromad olish bilan bir qatorda atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish, sanitariya va obodonlashtirish talablariga rioya qilish majburiyati ham mavjud.


Agar bir hududda odamlardan dam olish uchun pul olinayotgan bo‘lsa-yu, bir vaqtning o‘zida u yer chiqindilar bilan to‘lib yotsa, bu holat ham vakolatli organlar tomonidan o‘rganilishi kerak.

To‘dako‘l misolida umumiy muammo

To‘dako‘ldagi ushbu voqea aslida bitta shaxs bilan bog‘liq nizodan kengroq masalani ko‘rsatmoqda.

Aydarko‘l, Chorvoq, To‘dako‘l va boshqa suv havzalari atrofida aholining tabiat qo‘ynida dam olish imkoniyatlari, ochiq sohillar va umumiy foydalanishdagi hududlar masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

Aholi uchun qonuniy, ochiq, xavfsiz, toza va munosib dam olish joylari qancha?


Qaysi sohillar umumiy foydalanish uchun ochiq? Qaysi hududlar qonuniy ravishda tadbirkorlik subyektlariga berilgan?

Tadbirkorlik hududi bilan umumiy foydalanishdagi hudud o‘rtasidagi chegara qayerdan o‘tadi?

Eng muhimi — oddiy fuqaro suv bo‘yiga borishi uchun har safar pul to‘lashi shartmi?

Bu savollar nafaqat Navoiy viloyati, balki mamlakatdagi barcha suv obyektlari atrofidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan qayta ko‘rib chiqish zaruratini ko‘rsatadi.

Masalaga rasmiy oydinlik kiritilishi kerak

Shu munosabat bilan mas’ul davlat organlaridan To‘dako‘l suv ombori atrofidagi mazkur hududni o‘rganish va jamoatchilikka ochiq axborot berishni so‘raymiz.

Jumladan:

— mazkur yer uchastkasi kimga va qaysi hujjat asosida berilgani;

— uning kadastr chegaralari;

— yerdan foydalanish huquqining turi va muddati;

— ushbu hududda qanday tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat berilgani;

— fuqarolardan hududdan o‘tganligi uchun haq talab qilishning huquqiy asosi mavjud yoki mavjud emasligi;

— suv obyekti va sohilbo‘yi hududidan umumiy foydalanish imkoniyati qanday ta’minlangani;

— hududning sanitariya va ekologik holati;

— aholi uchun ochiq va xavfsiz sohilga olib boruvchi yo‘laklar mavjudligi

yuzasidan rasmiy ma’lumot berilishi maqsadga muvofiq.

Suv — faqat puli borlarning mulki emas

Tadbirkorlikni rivojlantirish kerak. Xususiy investitsiya va zamonaviy dam olish maskanlari ham kerak.

Ammo tadbirkorlik huquqi bilan jamoat manfaati o‘rtasida muvozanat bo‘lishi shart.

Suv — umummilliy boylik.


Sohil — faqat daromad olish manbai emas, balki insonning tabiat bilan muloqot qiladigan makoni hamdir.

Shuning uchun bugun To‘dako‘lda paydo bo‘lgan savolga javob berish vaqti keldi:

«Mening hududim!» degan shaxsiy da’vo qayerda tugaydi va fuqaroning qonuniy huquqi qayerdan boshlanadi?

Bu savolga baqiriq bilan emas, qonun va hujjatlar bilan javob berilishi kerak.                                                                                                                                                                                                                                   Nargis Qosimova