Ohangaron tumani, Evalyak qishlog‘i aholisi tomonidan kanalimizga muntazam ravishda ekologik muammolar haqida murojaatlar kelmoqda. Fuqarolarning ta’kidlashicha, qishloqda har kuni ertalab, kunduzi va kechqurun chiqindilar yoqiladi. Bu esa nafas olishni qiyinlashtirib, atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Murojaat muallifi bir necha bor foto va videomateriallar yuborganini, biroq mas’ullar tomonidan hech qanday choralar ko‘rilmayotganini bildirgan. Uning aytishicha, chiqindi yong‘inlari maktab va bog‘cha yaqinida sodir bo‘layotgani, shunga qaramay, na mahalla xizmatlari (JEK), na uchastka noziri bu holatga e’tibor qaratayotgani yo‘q.
Aholi vakillari: “Har kuni chiqindi yoqiladi, nafas olishning iloji yo‘q. Bir necha bor murojaat qildim, lekin hech qanday chora ko‘rilmadi. Balki Prezident portaliga yozish kerakdir? Hech bo‘lmasa bir marta reyd o‘tkazing!” deya norozi fikrlarini bildirmoqda.
Qayd etilishicha, ayni paytda ham qishloqdagi chiqindi tashlash joyi yonida kun bo‘yi chiqindi yong‘ini davom etmoqda, bu esa aholining hayoti va sog‘lig‘iga bevosita xavf tug‘diradi.
Mazkur murojaat asosida tegishli tashkilotlar tomonidan tezkor choralar ko‘rilishi, chiqindilarni yoqishga yo‘l qo‘ymaslik, qoidabuzarlarga nisbatan amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlik choralarini qo‘llash zarur.