Quyi Chirchiqda 86 dona noqonuniy baliq ovlangani aniqlandi

Quyi Chirchiqda 86 dona noqonuniy baliq ovlangani aniqlandi

Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan noqonuniy baliq ovlanishini oldini olish maqsadida Quyi Chirchiq tumani hududida tungi ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.

Reyd davomida tumanning Qo‘rg‘oncha MFY hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining oqim bo‘ylab chap qirg‘og‘ida elektr qarmoq yordamida noqonuniy usulda baliq ovlayotgan holat aniqlangan. Davlat inspektorlari tezkorlik bilan holatga aniqlik kiritib, huquqbuzarlikni Quyi Chirchiq tumani Qo‘rg‘oncha mahallasida yashovchi fuqarolar Sh.A. va A.I. lar tomonidan sodir etilganini aniqlashgan. Huquqbuzarlarga tegishli narsalar ko‘zdan kechirilganda 1 dona elektr qarmoq, 1 dona rezina qayiq, 1 dona akkumulyator va 86 bosh har xil turdagi baliqlar(shundan 80 bosh tovon balig‘i, 2 bosh zog‘ora balig‘i, 4 bosh oq balig‘i) hamda 1 dona suv kalamushi (ondatra) borligi aniqlandi.

Mazkur holatda “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 34 hamda 35-modda talablari buzilgan hisoblanadi. Holat yuzasidan tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanganda 28 628 000 so‘mni tashkil etgan. Fuqarolarga nisbatan MJtKning 90-moddasi 4-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib tegishli tartibda hujjatlar sud organlariga yuboriladi.

“Daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan baliqlar davlat inspektorlari tomonidan Chinoz tumanida joylashgan 4-sonli maktab internatiga olib borib topshirildi”, deydi Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati.