Bioxilma-xillik|22

Yo‘rg‘a tuvaloq: mish-mishlar ortidagi haqiqat

So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda “arab shayxlari O‘zbekistonga kelib, noyob qushlarni ovlayapti”, “nega ularga mumkin-u, mahalliy aholiga taqiqlar qo‘yiladi?” degan gaplar tez-tez tarqalmoqda. Ammo haqiqat har doim ham internetdagi shov-shuvlarga mos kelavermaydi. Shu savollarga javob topish maqsadida ekolog.uz jamoasi Navoiy viloyati Karmana tumaniga yo‘l oldi.

Yo‘rg‘a tuvaloq: mish-mishlar ortidagi haqiqat

So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda “arab shayxlari O‘zbekistonga kelib, noyob qushlarni ovlayapti”, “nega ularga mumkin-u, mahalliy aholiga taqiqlar qo‘yiladi?” degan gaplar tez-tez tarqalmoqda. Ammo haqiqat har doim ham internetdagi shov-shuvlarga mos kelavermaydi. Shu savollarga javob topish maqsadida ekolog.uz jamoasi Navoiy viloyati Karmana tumaniga yo‘l oldi.

Chunki aynan shu hududda, cho‘lning qoq markazida, Navoiy shahridan qariyb 50 kilometr uzoqlikda, cho‘l bag‘rida 300 gektarlik ulkan hududni egallagan Amirliklarning yo‘rg‘a tuvaloqlarni asrash markazi joylashgan. Sahroning qoq markazida barpo etilgan ushbu maskan bugun noyob qushlarni saqlash, ko‘paytirish va ularni yovvoyi tabiatga qaytarish bo‘yicha mintaqadagi eng yirik ekologik markazlardan biriga aylangan. 


Cho‘l yo‘llari uzoq. Jazirama havoda ufqdagi sarob ko‘z oldingizda goh ko‘l, goh oqar suv manzarasini gavdalantiradi. Ana shunday sukunat bag‘rida paydo bo‘lgan markaz binolarini dastlab odam sarob deb o‘ylashi mumkin. Ammo yaqinlashganingiz sari bu yerda haqiqiy hayot qaynayotganini ko‘rasiz: ilmiy laboratoriyalar, parvarish hududlari, maxsus volyerlar va noyob qushlarni asrash uchun yaratilgan murakkab tizim. 

Bu yerda asosiy e’tibor O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan yo‘rg‘a tuvaloqlarni saqlash va ko‘paytirishga qaratilgan. Mutaxassislarning aytishicha, ushbu noyob qush nafaqat cho‘l ekotizimining tabiiy muvozanatini saqlashda muhim rol o‘ynaydi, balki mintaqaning tarixiy va tabiiy merosining ham ajralmas qismi hisoblanadi. 

Markazda qushlar uchun tabiiy muhitga maksimal darajada yaqinlashtirilgan sharoit yaratilgan. Muntazam veterinariya nazorati olib boriladi, zamonaviy ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi, genetik tahlillar asosida sog‘lom naslchilik ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Har bir jo‘ja deyarli individual nazorat ostida ulg‘ayadi.

Markaz menejeri Rustam To‘xtamurodovning ta’kidlashicha, bugungi kunda markaz faoliyatining eng ustuvor yo‘nalishi aynan yo‘rg‘a tuvaloqlar sonini ko‘paytirish hisoblanadi. 

2008-yilda Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti va Dubay amiri Shayx Muhammad ibn Roshid Al-Maktum tashabbusi bilan tashkil etilgan edi. Bizning asosiy maqsadimiz noyob tuvaloqlarni shunchaki saqlab qolish emas, balki ularni ko‘paytirib, kelajak avlodlarga yetkazishdir. Har bir qush uchun alohida parvarish, maxsus oziqlantirish va ilmiy kuzatuv yo‘lga qo‘yilgan, — deydi u.

Mutaxassislar fikricha, bu tashabbus faqat biologik xilma-xillikni asrash bilan cheklanmaydi. Markaz ekoturizmni rivojlantirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish va yosh avlodning ekologik tafakkurini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. 

Ammo qo‘lda parvarish qilinib katta qilingan qushlar keyinchalik yovvoyi tabiatga moslasha oladimi? Markaz vakillarining aytishicha, uchirilayotgan qushlar tabiiy muhitdagi tuvaloqlardan deyarli farq qilmaydi. Maxsus moslashtirish tizimi orqali ular ochiq tabiatga tayyorlanadi.  

— Biz uchirayotgan qushlar tabiatga moslashishga qodir. Yo‘qotishlar asosan uzoq migratsiya jarayonlarida sodir bo‘lishi mumkin, — deya izoh beradi Rustam To‘xtamurodov

Cho‘l o‘rtasidagi ushbu markazni ko‘rib, ijtimoiy tarmoqlardagi shov-shuvlar bilan real manzara o‘rtasida katta farq borligini anglaysiz. Bu yerda gap ov haqida emas, aksincha, yo‘qolib borayotgan noyob turni saqlab qolish uchun olib borilayotgan uzoq va murakkab mehnat haqida ketmoqda. 

Cho‘l bag‘rida barpo etilgan markaz bugun nafaqat noyob qushlarni asrash maskani, balki ilmiy tajriba va xalqaro hamkorlik maydoniga ham aylangan. Bu yerda ishlayotgan mutaxassislarning aksariyati xorijda malaka oshirib qaytgan bo‘lib, ular xalqaro tajriba asosida faoliyat yuritmoqda. 

— Mutaxassislarimiz xorijda tajriba oshirib kelishgan va biz aynan ularning bilimlari asosida ishlaymiz. Shu sababli tabiatga qo‘yib yuborilgan qushlar yovvoyi muhitdagi tuvaloqlardan ajralib qolmaydi, — deydi markaz vakillari. Suhbat davomida markaz menejeri Rustam To‘xtamurodov jamoatchilik orasida eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biri  arab shayxlarining O‘zbekistonda yo‘rg‘a tuvaloqlarni ovlashi bilan bog‘liq savollarga ham javob berdi. 

— Birlashgan Arab Amirliklari shahzodalari va shayxlari har yili oktabr oylarida ov mavsumi uchun kelishadi. Bu jarayon hukumatning maxsus ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi. Bir oy davom etadigan mavsumda ularga xizmat ko‘rsatish uchun ko‘plab mahalliy aholi ish bilan ta’minlanadi, — deydi u. To‘xtamurodovning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqaladigan “shayxlar noyob qushlarni qirib yubormoqda” degan gaplar ko‘pincha biryoqlama qarashlardan iborat. 

— Shuni alohida aytmoqchimanki, shahzodalar markaz faoliyatini to‘liq moliyalashtirib, O‘zbekistonda yo‘rg‘a tuvaloqlar sonini ko‘paytirishga katta hissa qo‘shmoqda. Bundan tashqari, har bir ovlanadigan yo‘rg‘a tuvaloq uchun davlatga qariyb 60 million so‘m miqdorida boj to‘lanadi. Ov esa faqat maxsus o‘rgatilgan burgutlar yordamida amalga oshiriladi, — deydi markaz rahbari. 

Aslida yo‘rg‘a tuvaloq oddiy qush emas. U Markaziy Osiyo cho‘llarining ramziga aylangan noyob turning vakili hisoblanadi. 

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, yo‘rg‘a tuvaloq (Chlamydotis undulata) tuvaloqlar oilasiga mansub noyob qush turi bo‘lib, vazni 1,1 kilogrammdan 2,4 kilogrammgacha yetadi. Uning eng ajralib turuvchi belgisi bo‘ynidagi uzun patlardan iborat “yoqa”sidir. Qumrang patlari va qanotlaridagi qoramtir chiziqlar qushni cho‘l manzarasida deyarli ko‘rinmas qilib qo‘yadi. Bu esa uni yirtqichlardan himoya qiluvchi tabiiy niqob vazifasini bajaradi. 

Yo‘rg‘a tuvaloq yerda soatiga 35–40 kilometr tezlikda yugura oladi. U Shimoliy Afrika, Arabiston yarimoroli, Markaziy Osiyo va Qozog‘iston cho‘llarida tarqalgan bo‘lib, O‘zbekistonda asosan Qizilqum va ochiq dasht hududlarida uchraydi. Qushning soni keskin kamayib ketgani sababli u O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Bugun esa uni saqlab qolish uchun cho‘l o‘rtasida butun boshli ilmiy markaz faoliyat yuritmoqda. Balki shuning uchundir uzoqdan sarobdek ko‘ringan bu maskan aslida yo‘qolib borayotgan hayotni saqlab qolish umidining o‘zidir. 

Navoiy viloyatidagi “Yo‘rg‘a tuvaloqlarni asrash markazi” bugun nafaqat noyob qushlarni asrash maskani, balki inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qilayotgan o‘ziga xos tajriba maktabiga ham aylangan. Bu yerda tabiatni muhofaza qilish va mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash bir-biri bilan uzviy bog‘langan.

Markazda bugungi kunda 50 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi. Ularning barchasi Karmana tumaniga tutash qishloqlarda yashovchi mahalliy aholi vakillari. Markaz rahbariyati fikricha, aynan shu yondashuv eng samarali yo‘ldir.

— Aslida, yo‘rg‘a tuvaloqlarni ko‘paytirishdan asosiy maqsadimiz tabiatga o‘z hissamizni qo‘shishdir. Shu bilan birga, yana bir muhim vazifani oldimizga qo‘yganmiz — mahalliy aholini malakali mutaxassis qilib tayyorlash. Chunki chetdan kelgan odam mahalliy aholi kabi qalbdan mehr berib ishlamaydi, — deydi Rustam To‘xtamurodov.

Uning ta’kidlashicha, markaz oddiy ishlab chiqarish korxonasi emas.

— Biz zavod yoki fabrika emasmiz. Biz tirik jonlar bilan ishlaydigan nodavlat notijorat tashkilotmiz. Bu yerda insonning kayfiyati, munosabati va mehribonligi ham juda katta ahamiyatga ega, — deydi u.

Markaz atrofidagi qishloq aholisi ish bilan ta’minlangani esa hududdagi ijtimoiy muhitga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ishchilar uchun ingliz tili va kompyuter savodxonligi kurslari tashkil etilgan. Natijada ular nafaqat yangi kasb egallamoqda, balki zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ham ega bo‘lib bormoqda.

— Biz uchun xodim faqat ishlab, maosh olib uyiga qaytadigan odam bo‘lib qolmasligi kerak. Har yili o‘n nafargacha xodimni xorijiy amaliyotlarga yuboramiz. Bu safarlar yarim sayohat, yarim malaka oshirish shaklida o‘tadi. Ular yangi tajriba, yangi qarash va bilimlar bilan qaytishadi. Bizning asosiy maqsadimiz  zamonaviy fikrlaydigan mutaxassislarni shakllantirish, — deydi To‘xtamurodov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashriflar oddiy dam olish emas, balki tajriba almashish va ilmiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan. Xodimlar Qozog‘iston hamda Birlashgan Arab Amirliklaridagi yo‘rg‘a tuvaloqlarni ko‘paytirish markazlarida bo‘lib, xorijiy mutaxassislar faoliyati bilan yaqindan tanishadi.

Cho‘l bag‘ridagi ushbu markazni kuzatar ekansiz, bu yerda faqat noyob qushlar emas, balki yangi avlod mutaxassislari ham voyaga yetayotganini his qilasiz. Balki tabiatni asrash aynan shundan  odamlarning ongini, dunyoqarashini va mas’uliyatini o‘zgartirishdan boshlanar.

Odatda ko‘plab ish beruvchilar xodimdan faqat ish vaqtida unum olishni o‘ylaydi. Ammo Navoiy cho‘lining qoq markazida joylashgan “Yo‘rg‘a tuvaloqlarni asrash markazi” mutlaqo boshqacha yo‘lni tanlagan. Bu yerda inson mehnati bilan birga uning hayoti, kayfiyati va kelajagi ham qadrlanadi.

Markazda xodimlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Har kuni maxsus avtobuslar ularni qo‘shni qishloqlardan ishga olib keladi va kechqurun uylariga qaytaradi. Nonushta va tushlik tashkil etilgan. Eng muhimi esa  bu yerda odamlar o‘zini oddiy ishchi emas, katta bir jamoaning muhim a’zosi sifatida his qiladi.

Urug‘lantirish bo‘limida faoliyat yuritayotgan Nazokat Axmedovaning aytishicha, markaz ko‘plab qishloq aholisi uchun barqaror hayot manbaiga aylangan.

— Bu yerda ko‘plab qishloqdoshlarimiz ishlaydi. Oxirgi yillarda hech kim xorijga ish izlab ketgani yo‘q. Chunki bu yerdagi sharoitni boshqa joyda topish qiyin. Ishlashning asosiy talablaridan biri  ingliz tilini va mashina haydashni o‘rganish. Eng qizig‘i, buning barchasini ish jarayonining o‘zida o‘rganamiz. Maoshlar ham vaqtida beriladi. Shu sababli hech kim bu joyni tark etishni istamaydi, — deydi u.

Bu gaplar ortida oddiy statistikadan ko‘ra kattaroq haqiqat yotibdi: cho‘l bag‘rida odamlarning hayoti o‘zgarayotgan edi.

Fahriddin Hamdamov ham ana shunday insonlardan biri. Bugun u Amirliklarning “Yo‘rg‘a tuvaloqlarni asrash markazi”da faoliyat yuritadi. Ammo uning hayoti doim ham bugungidek bo‘lmagan.

U avval fermer xo‘jaligida ishlagan, bug‘doy o‘rgan, mol boqgan, daladagi og‘ir mehnatni boshidan o‘tkazgan. O‘sha paytlarda daromadi barqaror emasdi. Bugun esa vaziyat butunlay boshqacha.

— Hozir ishimizning sharoiti yaxshi, maoshimiz oilamiz ehtiyojiga yetadi. Eng muhimi — mehnatimiz qadrlanadi, — deydi Fahriddin.

Uning oilasi to‘rt kishidan iborat. Ukasi Shahriddin Hamdamov ham shu sohada faoliyat yuritib, ayni paytda Dubayda qush parvarishi bilan shug‘ullanmoqda. Uni ham markazning o‘zi xorijga yuborgan. U yerda olti yildan buyon ishlaydi va yaqinda 54 kunlik ta’tilga qaytib ketgan.

Fahriddinning o‘zi esa ingliz tilini aynan ish jarayonida, xorijlik mutaxassislar bilan muloqot davomida o‘rgangan.

— Endi bolalarim ham ingliz tiliga qiziqmoqda. Ayniqsa katta qizim. Nasib qilsa, ularni kurslarga berib, yanada chuqurroq o‘qitmoqchiman, — deydi u mamnun tabassum bilan.

Fahriddin Hamdamovning hikoyasi shuni ko‘rsatadiki, mehnatsevarlik va imkoniyat birlashsa, oddiy qishloq odami ham o‘z hayotini tubdan o‘zgartira oladi.

Markaz hududi esa alohida e’tiborni tortadi. Cho‘l o‘rtasida joylashganiga qaramay, bu yerda yashillik yaratishga katta ahamiyat berilgan. Hudud hashar yo‘li bilan obodonlashtirilgan. Asosan qurg‘oqchilikka chidamli daraxt va ko‘chatlar ekilgan.

Natijada cho‘lning jazirama bag‘rida xodimlar uchun soya-salqin, dam olish va samarali ishlashga mos yashil maskan paydo bo‘lgan.

Markaz rahbariyatining aytishicha, bu tashabbus davlatimiz rahbari ilgari surayotgan “Yashil siyosat” g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, odamlar daraxtning qadrini faqat kitobdan emas, amalda his qilmoqda.

Cho‘l o‘rtasida qad rostlagan bu maskan bugun faqat noyob qushlarni emas, insonlarning umidi, bilimi va ertangi kuniga bo‘lgan ishonchini ham parvarish qilayotgandek taassurot qoldiradi.

Voyaga yetgan yo‘rg‘a tuvaloqlarni tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborish jarayonini kuzatish uchun tong sahar, soat beshda yo‘lga chiqdik. Cho‘l hali tunning salqin nafasi bilan yashab turgan pallada markaz hududida g‘ayrioddiy hayajon sezilardi. Mutaxassislar qushlarni ehtiyotkorlik bilan maxsus qafaslarga joylashtirib, transport vositalariga ortishardi. Har bir harakatda mas’uliyat va mehr sezilib turardi.

Oldindan tanlangan cho‘l hududiga yetib kelganimizda esa quyosh allaqachon ufqdan bosh ko‘tarib, sahroni zarhal nurlarga burkab ulgurgan edi. Cheksiz qum bag‘rida bir necha soniyaga sukut cho‘kdi. Go‘yo tabiatning o‘zi ham bu lahzani kutayotgandek edi.

Shundan so‘ng qafaslar birin-ketin ochildi.

Bir muddat ikkilanib turgan yo‘rg‘a tuvaloqlar keyin qanotlarini yozib, sahro sari yugurib ketdi. Ayrimlari esa qisqa parvoz qilib, uzoqdagi qum tepaliklari tomon singib ketdi. O‘sha lahzada inson qo‘li bilan parvarish qilingan noyob jonzotlarning yana yovvoyi tabiat bag‘riga qaytayotganini ko‘rish har qanday tomoshabinni befarq qoldirmaydi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Navoiy viloyati boshqarmasi hamda “Falcon Hunting Solutions” MCHJ hamkorligida Nurota, Navbahor, Karmana va Konimex tumanlarining cho‘l hududlariga jami 1100 ta yo‘rg‘a tuvaloq qo‘yib yuborildi. Qushlarning har birining oyog‘iga maxsus identifikatsion halqalar taqilgan. Har o‘nta qushdan biriga esa kichik kuzatuv datchiklari o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali qushlarning migratsiya yo‘nalishlari va yashab qolish ko‘rsatkichlari monitoring qilinadi.

Mutaxassislarning aytishicha, tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborilgan tuvaloqlarning qariyb 30 foizi qishlash uchun Eron, Afg‘oniston va Iroq tomonga uchib ketish jarayonida ovlanadi va ortga qaytmaydi. Ammo shunga qaramay, olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekistonda yo‘rg‘a tuvaloqlar soni so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshgan.

2012-yildan buyon bugungi kungacha markaz tomonidan 14 mingdan ortiq yo‘rg‘a tuvaloq yovvoyi tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborilgan. Bu raqam oddiy statistika emas — cho‘l ekotizimini saqlab qolish yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan va tizimli mehnat natijasidir. Har bir qo‘yib yuborilgan qush ortida yillar davom etgan ilmiy izlanishlar, parvarish, veterinariya nazorati va mutaxassislarning fidokorona mehnati turibdi.

Bugun Qizilqum osmonida yana yo‘rg‘a tuvaloqlar parvoz qilayotgan bo‘lsa, bu aynan ana shunday markazlarning uzoq yillik sa’y-harakatlari samarasidir. Eng muhimi, bu tashabbuslar yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan noyob turning kelajagiga umid uyg‘otmoqda.

Bu kabi tadbirlar oddiy ekologik aksiya emas. Bu  cho‘l ekotizimini saqlab qolish, yo‘qolib borayotgan turni himoya qilish va tabiat bilan inson o‘rtasidagi nozik muvozanatni tiklash yo‘lidagi katta harakatning bir qismi.

Cho‘l uzra parvoz qilayotgan yo‘rg‘a tuvaloqlarni kuzatar ekansiz, bir haqiqatni anglaysiz: tabiatni asrash faqat qonun yoki jarimalar bilan emas, mehr, ilm va uzoq yillik mehnat bilan amalga oshadi.

        Nargis Qosimova

So'nggi yangiliklar