Bioxilma-xillik|51

Adolat qayerda? Shirin shahrida “quturgan” deb o‘ldirilgan it yoki tizimdagi muammo?

Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyati Shirin shahrida tasvirga olinganligi aytilayotgan videolavha keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Adolat qayerda? Shirin shahrida “quturgan” deb o‘ldirilgan it yoki tizimdagi muammo?
Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyati Shirin shahrida tasvirga olinganligi aytilayotgan videolavha keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Shirin shahar hokimligi Axborot xizmati tomonidan rasmiy bayonot berildi. Holat yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlar natijasida, mazkur voqea 2025 yilning 18-oktyabr' kuni shahar Obodonlashtirish boshqarmasining "Qarovsiz hayvonlarni tutish va saqlash bo‘limi" xodimlari tomonidan amalga oshirilganligi aniqlandi. Mutasaddilar tomonidan bildirilishicha, videoda aks ettirilgan kuch ishlatilishi — itda quturish alomatlari mavjudligi hamda fuqarolarga ehtimoliy zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida qo‘llanilgan. Shu bilan birgalikda, holat yuzasidan qo‘shimcha xizmat tekshiruvi tayinlangan bo‘lib, barcha harakatlarga amaldagi qonunchilik talablari asosida huquqiy baho beriladi. Qonun talablariga zid har qanday holat yuzasidan tegishli choralar ko‘riladi, deb rasmiy axborot bergan. Ammo videoga diqqat bilan qarasangiz bechora it qo‘rqqanidan uyning tagiga yashirinishga harakat qilayapti. Shirin shahar hokimligi qutirgan va qutirmagan itning farqiga bormaydi, shekilli. Qutirgan itlarda sababsiz agressivlik, odamlar yoki boshqa hayvonlardan qochmaslik, tinmay bezovtalik, joyida tura olmaslik, buyumlarni, devor yoki yerni tishlashga urinish, odamlarga tashlanish kabi xulq-atvor o‘zgarishlari kuzatiladi. Shuningdek, og‘izdan ko‘piksimon so‘lak oqishi, yutish qiyinlashishi, yurishda muvozanat yo‘qolishi, qaltirash yoki falajlik belgilari, suv icholmaslik yoki suvga yaqinlashganda bezovtalik (gidrofobiya), shuningdek hurish ovozining o‘zgarishi va g‘alati tovushlar chiqarishi mumkin. Odatda quturgan itlarda kuchli qo‘rquvdan ko‘ra nazoratsiz agressiya va nevrologik belgilar ko‘proq uchraydi. Aslida esa jamiyatni itni vahshiylarcha kaltaklab o‘ldirayotgan "qutirgan" obodonlashtirish xodimlaridan himoya qilish kerak. Nega O‘zbekistonda zoohimoyachilarga chora ko‘riladi-yu, vahshiylarcha hayvonlarni o‘ldirayotgan "otlovka" xodimlariga chora ko‘rilmaydi. O‘zbekistonda qonun hammaga barobar emasmi?

So'nggi yangiliklar