Mo‘ynoq tumanining hududi yildan yilga kengayayotganining asosiy sababi bitta, u ham bo‘lsa Orol dengizining tobora ortga chekinayotganligidir. Rasmiy ravishda Mo‘ynoqning hududi 37,9 ming km². Ammo ikki-uch yildan so‘ng bu raqamlar yana o‘zgarsa ajab emas. Mo‘ynoqda hozir 30 ming 900 nafar aholi bo‘lib, shundan 15 mingdan ko‘prog‘i yoshlardir. Yurtboshimizning Mo‘ynoq tumani borasida qabul qilgan qaroridan so‘ng tumanda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Birgina o‘tgan yili 1000 dan ortiq ish o‘rinlari yaratildi.
Tuman hokimi Saylaubay Daniyarovning aytishicha, ayni paytda hokimiyat aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, mineral tuzlar ishlab chiqarish, issiqxonalar qurish, chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha ishlar ketmoqda. Tumanda 3 mingga yaqin bola bog‘chaga boradi. Ammo bu yetarli emas. Sheriklik asosida 10 ta maktabgacha ta’lim muassasasini ochib, qo‘shimcha 450 ta bolani qamrab olish uchun imkoniyat qidirilmoqda. Eng asosiysi, Mo‘ynoq tumanidagi Uchsoy qishlog‘i “Obod qishloq” dasturiga kirgan. Hozirgacha budjet hisobidan 101 ta oilaning uylari ta’mirlangan.
Mo‘ynoq tumani markazidan atigi bir kilometr uzoqlikda kemalar qabristoni joylashgan. Chunki Jayhun (Amudaryo) bugun Orolgacha yetib kelmayapti. Uning suvlari Mo‘ynoq tumani markazi atrofini o‘rab turgan 30 dan ortiq ko‘llarnigina to‘ldirmoqda, xolos. Shu sababli aholi asosan baliqchilik bilan band. Tobora chekinayotgan dengiz o‘z o‘rnini maydoni 5 mln kv.metrdan ortiq bo‘lgan Orolqum nomini olgan sahroga bo‘shatib bermoqda. Sahro odamlarni ham o‘z domiga tortmaslik, ko‘chib yuruvchi qum-tuz bo‘ronlari ko‘tarilmaslik uchun har yili dengizdan “bo‘shagan” yerlarga saksovul urug‘i sepiladi. “Hokim buva”ning aytishicha, birgina o‘tgan yili 500 mln so‘mlik saksovul ekish ishlari olib borilgan. Tumanda qishloq xo‘jaligi ham rivojlanib, aholi asosan kunjut, mosh, bug‘doy, poliz ekinlarini ekishmoqda.
— Men Mo‘ynoqda tug‘ilib, o‘sdim, deydi Oktyabr Duspanov. 1990-yillarda qovun-tarvuz mo‘l bo‘lardi. Esimda, maktabimizdagi bir bola otasi bilan tarvuz yetishtirib, bitta tarvuzga o‘z ismini, manzilini o‘yib yozgan. Tarvuz esa Rossiyaga eksport qilingan. Ma’lum vaqt o‘tgach, Rossiyadan unga: “Biz sen yetishtirgan tarvuzni yedik, rosa shirin ekan. Rahmat senga”, deb xat kelgan edi. Keyinchalik Orolning ortga chekinishi sababli yerlarni ham tuz qoplay boshladi. Mo‘ynoq xalqi poliz ekinlarini ekmay qo‘ydi. Hozir Amudaryo suvlari tufayli yana dehqonchilik boshlanganidan xursandman.
Bugun Orol dengizi tarixga aylanib borayotir. Bu yerda hayot qaynagan davrlarni namoyish etish maqsadida ochilishi kutilayotgan Mo‘ynoq tarixi muzeyi bizni eksponatlarga boyligi, o‘ta did bilan zamonaviy tarzda jihozlanganligi bilan hayratlantirdi. Nafaqat Orol va kemalar qabristoni, balki muzey ham Mo‘ynoqda turizm rivojiga o‘z hissasini qo‘shishiga amin bo‘ldik.
Sudochye ko‘li flamingolar vatanimi?
Orolbo‘yi hududining eng mashhur ko‘llaridan biri Sudochye, qoraqalpoq tilida «Suwı dushshı» (Suvi chuchuk) deb ataladi. Chunki 1970-yillargacha ko‘lning suvi chuchuk bo‘lgan va baliqchilik rivojlangan. Sudochye ko‘li Amudaryo deltasida joylashgan bo‘lib, uning Ravshan va Priyemuzoq irmoqlari ko‘lni suvga to‘ldirib turgan. Ammo Amudaryoning suvi qishloq xo‘jaligiga ko‘plab olinishi ko‘l suvining kamayishi va kichik ko‘llarga bo‘linishiga olib keldi. Orol dengizi qurimagunicha uning bir qismi Sudochye ko‘liga qo‘shilib, asosan baliqlarning urchish joyi bo‘lgan. 1980-yillarda ko‘lda bir yilda 2000 tonnagacha baliq ushlangan. Ayni paytda ko‘l Oroldan 85 km uzoqlikda qolgan. Shunga qaramay, u hamon mahalliy xalqni baliq bilan boqmoqda.
Eng quvonarlisi, bu yerga flamingolarning qaytishidir. Eng quvonarlisi, mana bir necha yillardan beri bu yerga may oylarining boshida flamingolarning uchib kelishidir. Mahalliy baliqchilarning aytishicha, flamingolar bu yerda in qurib, bola ochishadi. Demak, flamingolar vatani O‘zbekiston, deya bemalol aytish mumkin. Chunki hoh inson bo‘lsin, hoh jonzot, u qayerda tug‘ilsa, o‘sha yer uning vatanidir.
Global ekologik jamg‘armaning “Sudochye suv-botqoq hududlarining ekologik monitoringi” loyihasi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, migratsiya mavsumida ko‘lda 230 turga yaqin qushlar yig‘iladi. Shulardan 40 mingga yaqini yozda shu yerda yashaydi. 2014-yilning may oyida ornitologlar bu yerda 7000 ga yaqin pushti flamingolarni ko‘rishgan. Afsuski, Sudochye ko‘liga safarimiz chog‘ida biz ularni uchratmadik. Ammo tabiatning kushandasi bo‘lgan inson ana shu go‘zallikdan bahra olish o‘rniga yo‘qolib borayotgan Sudochye hayvonot dunyosini ham yo‘q qilish arafasida. Noqonuniy ov, taqiqlangan joylarda baliq to‘rlarini tashlash oqibatida Sudochyeda istiqomat qiladigan qushlar sonining kamayishiga sabab bo‘layotir.
Staroverlar nega Orolbo‘yiga ko‘chirilgan edi?
Sudochye ko‘lining atrofida buzilgan uylar, nuragan baliqni qayta ishlash zavodi va staroverlarning (xristian dini oqimi namoyandalari) qabristoniga duch keldik.
Archeolog Oktyabr Duspanovning aytishicha, Ural kazaklarining bir qismi 1875–1877-yillarda Chor Rossiya imperatori Aleksandr II ning farmoniga binoan Qoraqalpog‘iston, aniqrog‘i Orolbo‘yiga surgun qilingan. Kazaklar 1875-yildan Kazalinskdan, avval Pervonachalnoye ovuli, keyin Petroaleksandrovsk (hozirgi To‘rtko‘l), Chimboy, Qo‘ng‘irot, Nukusga ko‘chiriladi. Yangi joyga kazaklar tezda moslashib, Amudaryo deltasida baliq ovi, ov bilan shug‘ullanishadi. Hattoki hujjatlarda qayd etilishicha, baliq ovini to‘liq monopolallashtirishgan. Navigatsiyani o‘rganib, staroverlar Mo‘ynoqdan Chorjougacha baliq, un, kerosin, shakar bilan savdo-sotiqni yo‘lga qo‘yishgan.
1920-yilda bolsheviklar Xivada ham o‘z hokimiyatini o‘rnatgach, kollektivlashtirish boshlanadi. Bunga qarshi kazaklar qo‘zg‘olon ko‘tarib, Chimboy respublikasi tashkil etilganligini e’lon qilishadi. Ammo 1930-yillarda amalga oshirilgan terrorchilik harakati ham kazaklarning matonatini sindirmaydi. Sovet Ittifoqi davrida ham ular o‘z e’tiqodlarini saqlab qoldilar.
Orol chekinishi bilan kazaklar ham 100 yil davomida yashab, obod qilgan joylarini tashlab keta boshlashdi. Boquvchisini yo‘qotgan qoraqalpoq, o‘zbek, uyg‘ur, tatar, rus millatiga mansub xalqlar qatori kazaklarning bir qismi ham O‘zbekistonning suvli hududlariga, qolganlari o‘z yurtlari Uralga ko‘chib keta boshladi. Faqatgina sanoqli staroverlargina Nukusda muqim yashab qoldilar. Chunki ular Qoraqalpog‘istonni o‘z Vatanlari deb bilishgan edi.
Orol dengizidan Nukusga qarama-qarshi hislar qurshovida qaytdim. Minglab odamlarga hayot bag‘ishlagan dengiz endi deyarli yo‘q. Uning qolgan qismi ham Orolni qutqarish maqsadida tuzilgan jamg‘armalar, ajratilgan mablag‘larga qaramay qurib bormoqda.
Ma’lumot uchun:
1993-yili BMT va Markaziy Osiyoning besh davlati tomonidan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tashkil etilgan. Mazkur Jamg‘armaning asosiy vazifasi — ekologik halokatning atrof-muhitga, muhimi, mintaqa aholisi hayotiga salbiy ta’sirini kamaytirish, Orol dengizi havzasi hududidagi biologik xilma-xillikni saqlab qolishdan iborat. 2008-yil dekabrdan buyon Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi BMT Bosh assambleyasi va sessiyalari kuzatuvchisi, degan maqomga ega bo‘ldi. Jamg‘arma Ijroiya qo‘mitasi Toshkent, Olmaota, Bishkek, Dushanbe, Toshhovuz, Qizil-O‘rda va Nukus shaharlarida o‘z bo‘limlariga ega. Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi, Davlatlararo barqaror rivojlantirish komissiyasi, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi GEF agentligi Jamg‘arma tuzilmasi tarkibiga kiradi.
Balki ana shu mablag‘larni yig‘ilishlar, seminarlar, uchrashuvlar uchun ketkazmay, balki suvni tejash, Orolbo‘yi tabiatini, o‘ziga xos o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash uchun sarflash maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Albatta, qisman bunday ishlar qilindi. Xususan, Amudaryo daryosi qirg‘oqlari bo‘ylab yangi tipdagi qo‘riqlanadigan hudud – “Quyi Amudaryo biosfera rezervati” tashkil etildi. O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan va BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan “Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yida ekotizimlar halokatining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqildi.
Ammo dengizning “xafagarchiligi” hamon tarqagani yo‘q. U chekinmoqda. Hanuz o me’moriga tikilgan, qaytishini intizorlik bilan kutib, har kuni Allohdan so‘rayotgan insonlar nolasiga e’tibor bermay, ketmoqda. Chunki odamlar uni juda… juda xafa qilishdi. Endi esa dengizdan uzr so‘rash emas, balki hanuz odamlarni boqayotgan Orolning qolganini asrash kerak.