Baurjon Sugurov butun umrini Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida joylashgan Qubla-Ustyurt posyolkasida o‘tkazgan. Magistral gaz quvurida ishlayotgan u so‘nggi paytlarda oilasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahriga ko‘chib o‘tish haqida tobora ko‘proq o‘ylamoqda. Buning sababi bitta: 1964-yilda magistral gaz quvuri qurilishi davrida barpo etilgan posyolka bugungi kunda unutilgan va chekka aholi manzilini eslatadi.

— Men shu yerda tug‘ilib-o‘sganman, oila qurganman, ikki farzandni tarbiyalayapman. Hozir posyolkada qariyb 50 ta oila yashaydi. Bitta maktab va bitta qishloq vrachlik punkti bor, unda ham hamshira yarim stavkada ishlaydi. Kimdir og‘ir kasal bo‘lib qolsa, uni tuman markaziga olib borishga majburmiz. Sovet davrida tuman markazi va Nukus bilan aloqa kichik samolyot orqali amalga oshirilardi. Ammo hozir uchish-qo‘nish yo‘lagi tashlandiq holga kelgan, 1995-yildan buyon samolyot qatnamaydi. Men Qoraqalpog‘iston rahbariyatidan hech bo‘lmasa tuman markazigacha yo‘l qurib berishlarini so‘rayman.
Posyolkada bolalar bog‘chasi yo‘q. Ta’lim olish uchun boshqa shaharlarga ketgan yoshlar esa qaytib kelmayapti. Yo‘lning yo‘qligi aholi punktining infratuzilmasini rivojlantirishga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda.
Maydoni jihatidan Qo‘ng‘irot tumani Qoraqalpog‘istondagi eng yirik tuman bo‘lib, 7 million 600 ming gektarni tashkil etadi. Uning katta qismi Orol dengizining qurigan tubi va Ustyurt platosidan iborat. 1970-yillargacha Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari aholisi asosan baliqchilik bilan shug‘ullangan. Dengiz chekingach esa ko‘pchilik o‘z kasbi va faoliyat turini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.
Qubla-Ustyurt posyolkasida ota-onasi va ukasi bilan yashovchi olti yoshli Chingiz yaqinda maktabga boradi. U kelajakda kosmonavt bo‘lishni orzu qiladi va onasi hamda ukasini bu posyolkadan uzoqqa olib ketishni xohlaydi.
Qo‘ng‘irot tumani hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Kamalovning so‘zlariga ko‘ra, tumanda turli millat vakillaridan iborat 126 ming 800 nafar aholi yashaydi. Aholining 70 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Odamlar asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanib, paxta, sholi, sabzavot va poliz ekinlari yetishtiradi. Tuproqning katta qismi sho‘rlanganligi sababli suvni tejovchi texnologiyalarga bosqichma-bosqich o‘tilmoqda.
Ko‘pchilik o‘z yashash joylarini tark etgan bir paytda Manzura Erniyazova Mo‘ynoq tumanidan ko‘chib ketishga shoshilmadi. O‘ng qo‘li va oyog‘idan ayrilishiga sabab bo‘lgan fojiaviy hodisaga qaramay, u qolib, minglab insonlarni daromad manbaidan mahrum qilgan tabiat sinovlariga qarshi kurashishga qaror qildi.
— Qo‘lim va oyog‘imdan ayrilganimda qattiq ruhiy tushkunlikka tushgan edim, hatto o‘z jonimga qasd qilish haqida ham o‘ylaganman. Ammo farzandim uchun yashashga qaror qildim. Avval Mikrokreditbankdan 600 ming so‘m kredit olib sigir sotib oldim. Sut va sut mahsulotlarini sotib qarzimni uzdim. Qolgan pulga tikuv mashinasi oldim. Albatta, chap qo‘l bilan tikish juda qiyin edi, ammo asta-sekin o‘rganib oldim. Nogiron bo‘lib qolganimdan keyin tikuvchilik bilan shug‘ullana boshladim, holbuki ilgari bu ishni qilmaganman. Mijozlar paydo bo‘la boshladi. Otam uyimiz yonida kichik ustaxona qurib berdi. Buyurtmalar ko‘paygach, ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan qo‘shnim Muhabbatxonni yordamga chaqirdim. O‘sha yillarda Mo‘ynoqqa BMT Taraqqiyot dasturi vakili Aizada Nurimbetova kelib, faoliyatimni ko‘rib bir nechta tikuv mashinasini sovg‘a qildi. Keyinchalik AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi grantini yutib oldim va 12 800 dollar mablag‘ oldim. Bu esa faoliyatimni kengaytirish imkonini berdi. Bugun tikuv seximizda 15 nafar qiz ishlaydi. Milliy kiyimlar, sumkalar va hamyonlar tikamiz. Mahsulotlarning bir qismini sayyohlarga sotamiz, bir qismini esa Nukusga yuboramiz.
Maydoni jihatidan Mo‘ynoq tumani Qoraqalpog‘istondagi ikkinchi yirik hudud hisoblanadi. Tumanning rasmiy maydoni 37,9 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi. Biroq Orol dengizining qurishi natijasida hudud maydoni so‘nggi o‘n yilliklarda sezilarli darajada kengayib bormoqda. Dengiz chekingach, Mo‘ynoq tumanining 75 ming aholisidan ko‘pchiligi asrlar davomida yashab kelgan joylarini tark etgan. Hozir bu yerda 30 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Mo‘ynoq tumani hokimi Saylaubay Daniyarovning ta’kidlashicha, aholini ish bilan ta’minlash maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qurigan dengiz tubidan mineral tuzlarni qazib olish, issiqxonalar qurish, chorvachilik va baliqchilikni rivojlantirish ishlari olib borilmoqda. Tumandagi eng yirik ovullardan biri bo‘lgan Uchsay “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. So‘nggi oylar davomida 101 ta oilaning uyi ta’mirlandi, yo‘llar obodonlashtirilmoqda. Aholiga tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar berilmoqda.
Mo‘ynoq yaqinida mashhur “Kemalar qabristoni” joylashgan. Bir vaqtlar Orol dengizini suv bilan ta’minlagan Amudaryoning so‘nggi tomchilari bugun tuman markazi atrofidagi sun’iy suv havzalarini to‘ldirmoqda. Bu yerda avvalgidek o‘ndan ortiq baliq turi yetishtirilmoqda, suv havzalari atrofida esa poliz ekinlari ekilmoqda.
Tarix fanlari nomzodi, arxeolog Oktabr Duspanov shunday deydi:
— Men Mo‘ynoqda tug‘ilib-o‘sganman. 1990-yillargacha bu Qoraqalpog‘istonning eng zich aholi yashaydigan tumanlaridan biri edi. Baliqni qayta ishlash zavodi faoliyat yuritardi, bu yerda 30 dan ortiq millat vakillari ahil yashardi. Ammo 1970-yillarning oxirida dengiz bir kechada uch kilometrga chekinib ketdi. Odamlarning yig‘laganini, dengiz ortidan yugurganini va uning qaytishini so‘rab duo qilganini hanuz eslayman. Qoraqalpog‘istonda uzoq yillar yashagan rassom Rafael Mativasyan “Dengiz ketdi” nomli kartinasida ana shu fojiani tasvirlagan. Afsuski, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv olinishi natijasida Orolni suv bilan ta’minlab turgan Amudaryo dengizgacha yetib bormay qo‘ydi va Orol sayozlashib bordi. Hozir dengiz Mo‘ynoqdan 200 kilometr uzoqlashgan. Bir paytlar Markaziy Osiyoni, hatto urush yillarida qamal ostidagi Leningradni ham baliq bilan ta’minlagan dengizda bugun birorta ham baliq qolmagan. Unda faqat artemiya sistasi deb ataluvchi plankton turi yashaydi. Uni qayta ishlash va eksport qilish bilan mahalliy aholi shug‘ullanmoqda. Muammoni hal etish uchun O‘zbekiston va xorijiy davlatlar tomonidan ko‘plab loyihalar amalga oshirildi. Qurigan dengiz tubini ko‘kalamzorlashtirish, saksovulzorlar barpo etish bo‘yicha ishlar qilindi. Biroq dengizning qurishi va suvning sho‘rlanishi masalasi hanuz dolzarbligicha qolmoqda.
Inson qo‘li bilan yaratilgan eng yirik ekologik fojialardan biri bo‘lgan Orol dengizi bugun ko‘plab sayyohlarni o‘ziga jalb etmoqda. Dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan odamlar dengizdan qolgan manzarani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni istaydi.
Shu munosabat bilan Orol dengizining suvlari saqlanib qolgan Aktumsiq burnida “Tazabay Grand Service” va “Muinok Tour” kompaniyalari tomonidan o‘tovlardan iborat turistik majmualar qurilgan. Mo‘ynoq tumanidagi sobiq dengiz sohilida, ya’ni Ochiq osmon ostidagi kemalar muzeyi atrofida ham sayyohlar uchun to‘rtta o‘tov uyi va umumiy ovqatlanish shoxobchalari tashkil etilgan.
Mo‘ynoq tumanidagi Sudoche ko‘li 240 dan ortiq qush turlarining, jumladan flamingolarning yashash maskani hisoblanadi. Olimlar e’tiborini Orol dengizi tarixi va Ustyurt platosidagi mingdan ortiq arxeologik yodgorliklar ham tortmoqda. Bu yerda 60 dan ortiq neolit davri manzilgohlari aniqlangan. Plato bo‘ylab qadimiy nekropollar, ziyoratgohlar, sarmatlar davriga oid qabristonlar, islom davrining ulug‘vor maqbara va mazorlari hamda mashhur “strelalar” uchraydi.
Bularning barchasi Orolbo‘yida turizm rivojlanishiga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘ynoq tumanida turizmni rivojlantirishga qaratilgan qarorlari hududga ko‘plab sayyohlarni jalb etmoqda va kichik biznesning rivojlanishiga turtki bermoqda.
Manzura Erniyazova, Oktabr Duspanov va Saylaubay Daniyarov kabi mo‘ynoqliklar bugun yoshlarning tobora ko‘proq o‘z yurtida qolayotganidan mamnun. Bu esa Orolbo‘yida hayot davom etayotganini anglatadi. Orol dengizi to‘lqinlari endi Mo‘ynoq markazigacha yetib kelmasa-da, uning aholisi qoraqalpoq xalqining asriy madaniyati va an’analarini asrab-avaylashga intilmoqda.