Mahalliy xabarlar|19

Chiqindilar bilan ishlash sohasi va ekologik tashabbuslarni rivojlantirish masalalari Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida muhokama qilindi

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Agentlik faoliyati yakunlari sarhisob qilinib, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish hamda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan qator tashabbus va loyihalar muhokama qilindi.

Chiqindilar bilan ishlash sohasi va ekologik tashabbuslarni rivojlantirish masalalari Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida muhokama qilindi

Yig‘ilishda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov so‘zga chiqib, 2026-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda chiqindilar bilan ishlash tizimini modernizatsiya qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan sanitariya xizmatlari sifatini oshirish va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ma’ruza davomida qayd etilishicha, hisobot davrida chiqindilarni boshqarish, qayta ishlash sanoatini rivojlantirish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirishga qaratilgan 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Ushbu hujjatlar sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash, investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, aholining sanitariya tozalash xizmatlari bilan qamrovi 80 foizdan 90 foizga yetkazilgani alohida ta’kidlandi. Bu esa minglab aholi punktlarida chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlari sifati yaxshilanayotganidan dalolat beradi. Soha faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha ham qator amaliy ishlar olib borilib, chiqindilar harakati va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini nazorat qilishning zamonaviy tizimlari joriy etilmoqda.

Yig‘ilishda chiqindilarni qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatning turli hududlarida yangi qayta ishlash korxonalari tashkil etilayotgani, mavjud ishlab chiqarish quvvatlari modernizatsiya qilinayotgani hamda chiqindilarni iqtisodiy resurs sifatida qayta foydalanishga qaratilgan loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani qayd etildi. Bundan tashqari, maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yirik investitsiya loyihalari ham izchil davom ettirilmoqda.

Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida 2026-yil yakuniga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar ham muhokama qilindi. Xususan, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririni qabul qilish, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Sanitariya tozalash va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqish, “Chiqindisiz O‘zbekiston” loyihasini ishga tushirish kabi muhim tashabbuslar kun tartibidan o‘rin oldi.

Mutasaddilar tomonidan chiqindilarni alohida yig‘ish tizimini rivojlantirish, qayta ishlash korxonalari sonini ko‘paytirish, maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq barcha jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Ushbu chora-tadbirlar chiqindilar hajmini kamaytirish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishning muhim qismi jamoatchilik tashabbuslari va ekologik loyihalar taqdimotiga bag‘ishlandi. Jumladan, “Ekolog” jamoat birlashmasi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston sudralib yuruvchilarini ma’rifat, media va jamoatchilik ishtiroki orqali asrash” loyihasi keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.

Loyiha taqdimoti davomida sudralib yuruvchilar ko‘pincha aholi tomonidan noto‘g‘ri tushunilishi, ularga nisbatan salbiy munosabat shakllanishi natijasida ayrim turlar xavf ostida qolayotgani qayd etildi. Tashabbus doirasida aholining biologik xilma-xillik va ekotizimdagi muvozanatni saqlashdagi sudralib yuruvchilarning ahamiyati haqidagi bilimlarini oshirish, media materiallar tayyorlash, ma’rifiy kampaniyalar tashkil etish hamda fuqarolarni tabiatni muhofaza qilish faoliyatiga kengroq jalb etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Respublika ekologik-resurs markazi “Ekomaktab” tomonidan ishlab chiqilgan “Ekomahalla” loyihasi ham yig‘ilish ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur loyiha mahallalarda ekologik madaniyatni rivojlantirish, chiqindilarni saralash amaliyotini joriy etish, aholi o‘rtasida ekologik targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.

Bundan tashqari, “Qalb ekologiyasi” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan “Toza mahalla – barqaror jamiyat” loyihasi ham taqdim etildi. Loyiha doirasida mahallalar, ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ekologik aksiyalar o‘tkazish, ko‘ngillilar harakatini rivojlantirish, yoshlar va aholi o‘rtasida ekologik mas’uliyatni oshirish ko‘zda tutilgan.

Muhokamalar davomida Jamoatchilik kengashi a’zolari ekologik ta’lim va ma’rifatni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish hamda aholini ekologik muammolarni hal etish jarayonlariga faol jalb etish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.

Yig‘ilish yakunida ekologik muammolarni samarali hal etish, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va mamlakatda sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etishda davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar, biznes vakillari va keng jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Ishtirokchilar ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliy natijalarga yo‘naltirish orqali atrof-muhitni muhofaza qilish hamda kelajak avlodlar uchun sog‘lom ekologik muhit yaratish mumkinligini qayd etdilar.