Inson qadri, bolaga bo‘lgan mehr va uning kelajagiga mas'uliyat tuyg‘usi jamiyatning eng muhim mezonlaridan biridir. 2004 yilda tashkil etilgan Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi aynan shu ezgu g‘oyalar asosida faoliyat yuritib kelmoqda. Markazning asosiy maqsadi hayotiy qiyin vaziyatga tushib qolgan, yetimlik, nogironlik, zo‘ravonlik yoki ijtimoiy xavf tufayli qiyinchilikka duch kelgan bolalarga nafaqat tibbiy, balki ruhiy va ijtimoiy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlash muhitini yaratishdir.
Qurbon Hayiti arafasida hamda 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Yoshlik bahori” iqtidorli yoshlar forumi doirasida tashkil etilgan “Bolalar bizning shodligimiz” inklyuziv festivali esa ana shu mehr va g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasiga aylandi.
Bu shunchaki bayram emas edi. Bu jamiyatning bolaga bo‘lgan munosabati, uni qabul qilish va qo‘llab-quvvatlash madaniyatining amaliy ko‘rinishi edi. Markaz hovlisida yaratilgan muhitda turli ijtimoiy toifadagi, alohida ehtiyojga ega bolalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, davlat muassasalari tarbiyalanuvchilari bir maydonda, bir quvonchda jam bo‘ldilar.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi qoshidagi harbiy orkestrning jonli ijrosi maydonga alohida ulug‘vorlik bag‘ishladi. Marsh va kuylar bolalar qalbida faxr va hayrat uyg‘otdi. Bu sadolar ostida nafaqat musiqa, balki tartib, ishonch va himoya tuyg‘usi ham mujassam edi.
Karim Zaripov nomidagi sirk kolledji talabalarining chiqishlari esa festivalga hayot va harakat olib kirdi. Akrobatik sahnalar, hazilomuz chiqishlar va rang-barang obrazlar bolalarning samimiy kulgusi bilan qarshi olindi. Bu lahzalarda har qanday ijtimoiy farqlar yo‘qolib, faqat bolalikning sof va beg‘ubor dunyosi qolgandek tuyuldi.
Ot federatsiyasi tomonidan olib kelingan ponilar esa bolalar uchun haqiqiy mo‘'jiza bo‘ldi. Ko‘pchilik bolalar uchun ot bilan birinchi yaqin uchrashuv bo'lgan bo'lsa ajab emas.. Ularning ko‘zlaridagi hayrat va quvonch, qo‘l bilan silab ko‘rishga intilish kichik, ammo juda katta hissiyotlar ifodasi edi.
Festivalda bolalarga bepul shirinliklar tarqatildi. Ammo bu shirinliklardan ham ko‘ra, muhimi ularning qalbiga yetkazilgan e'tibor va samimiylikdir. Shu bilan birga, bolalar tabiat manzaralarini tasvirlab, rasmlar chizish orqali o‘z ichki dunyolarini, orzularini va tasavvurlarini qog‘ozga muhrladilar.
Markaz direktori Vasila Alimova ta'kidlaganidek, bu kabi tadbirlarning asosiy g‘oyasi inklyuziv muhit yaratishdir:
“Biz uchun eng muhimi har bir bola o‘zini kerakli va qadrli his qilishi. Bu yerda turli toifadagi bolalar birgalikda o‘ynaydi, o‘rganadi va bayram qiladi. Bu jamiyatda teng imkoniyatlar muhitini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam, dedi u.
Tadbir “oila — mahalla — davlat organlari — nodavlat tashkilotlar” hamkorligi asosida tashkil etilgani ham bayramning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshiradi. Chunki bolaga g‘amxo‘rlik faqat bir tashkilotning emas, balki butun jamiyatning umumiy mas'uliyatidir.
Ishtirokchilardan biri Nilufar Xamdamovaning so‘zlari esa bu faoliyatning amaliy natijasini yaqqol ifodaladi:
-O‘g‘lim bilan markazga ikki yildan buyon qatnaymiz. Bu yerda nafaqat davolash, balki psixologik qo‘llab-quvvatlash ham mavjud. Bunday bayramlar bolalar uchun juda muhim. Ular o‘zlarini baxtli his qilishadi. Xodimlarga minnatdorlik bildiraman.
Bunday festivallar zamirida bir haqiqat yaqqol namoyon bo‘ladi: bola uchun eng katta boylik e'tibor, mehr va uni tushunadigan jamiyatdir. “Bolalar bizning shodligimiz” festivali esa ana shu qadriyatlarning tirik ifodasi sifatida xotiralarda qolishi shubhasiz. Nargis Qosimova