Ma’lum qilinishicha, mazkur hududda Ellipse Garden kompaniyasi tomonidan kanalizatsiya tarmoqlarini yotqizish ishlari olib borilmoqda. Ish jarayonida kesilgan daraxt shu joyning o‘zida qoldirilgani, yo‘l qazilgach hosil bo‘lgan tuproq esa yig‘ishtirib olinmagani aytilmoqda.
Natijada, avtomobillar harakati vaqtida ko‘tarilayotgan chang atrofga tarqalib, mahalliy aholi va piyodalar uchun noqulaylik tug‘dirmoqda. Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, chang sababli yo‘lda harakatlanish qiyinlashgan, atrofdagilar esa nafas olishda qiynalmoqda.
Daraxt nima sababdan kesilgani va ishlar yakunlanganidan keyin hudud nega tartibga keltirilmagani hozircha noma’lum. Holat yuzasidan mas’ul tashkilotlarning rasmiy izohi taqdim etilmagan.
Mazkur vaziyat yuzasidan tegishli tashkilotlardan daraxt kesilishining qonuniyligi va sabablarini o‘rganish, hududdagi tuproq hamda qoldiqlarni olib chiqish, chang tarqalishining oldini olish choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.
Shuningdek, kanalizatsiya tarmoqlarini yotqizish ishlari yakunlanganidan so‘ng yo‘l va uning atrofini tartibga keltirish, aholi uchun xavfsiz va qulay sharoit yaratish muhim hisoblanadi.


