“Resurs samaradorligini oshirish uchun mintaqaviy hamkorlik: sirkulyar iqtisodiyotni kengaytirish” mavzusida yuqori darajadagi sessiya Ostona shahrida o‘tkazilayotgan Mintaqaviy ekologik sammit doirasida bo‘lib o‘tdi.

Ostona shahrida o‘tkazilayotgan Mintaqaviy ekologik sammit doirasida “Resurs samaradorligini oshirish uchun mintaqaviy hamkorlik: sirkulyar iqtisodiyotni kengaytirish” mavzusida yuqori darajadagi sessiya bo‘lib o‘tdi.
Sessiya Markaziy Osiyo davlatlarining resurslardan oqilona foydalanish va chiqindilarni kamaytirishga asoslangan barqaror rivojlanish modellariga o‘tish masalalarini muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi. Unda an’anaviy iqtisodiy modeldan sirkulyar iqtisodiyotga o‘tish zarurligi alohida ta’kidlandi. Ushbu yondashuv ekologik va iqlimiy xavflarni kamaytirish, innovatsiyalarni rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Aziz Abduhakimov, Qozog‘iston ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev, Qirg‘iziston tabiiy resurslar vaziri Aqil Toktobayev, Tojikiston Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda, Turkmaniston ekologiya vaziri Ovezgeldi Goshjanov, shuningdek, BMT Atrof-muhit dasturi ijrochi direktori Inger Andersen hamda boshqa xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirok etdi.
Sessiya davomida ekologik kun tartibi nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki iqtisodiy barqarorlik va strategik xavfsizlik masalasiga aylanib borayotgani qayd etildi. XXI asrda ekologiya davlat taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichi sifatida e’tirof etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilanganligi ta’kidlandi. Bugungi kunda chiqindi xizmatlari aholining 90 foizini qamrab olgan bo‘lib, sohaga yuzlab korxonalar, minglab xodimlar va texnika jalb etilgan. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollardan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda, jumladan, chiqindilarni energetik utilizatsiya qilish obyektlari qurilmoqda. 2028-yilgacha 11 ta chiqindi yoqish zavodini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Ishtirokchilar mintaqada chiqindilar hajmining ortib borayotgani, resurslar cheklanganligi va qayta ishlash darajasining pastligi kabi umumiy muammolar mavjudligini ta’kidladilar. Shu bilan birga, chiqindilarni boshqarish siyosatini uyg‘unlashtirish, normativ-huquqiy bazani moslashtirish va infratuzilmani rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Sessiya yakunida Markaziy Osiyoda sirkulyar iqtisodiyot bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Doiraviy hujjat qabul qilindi. Ushbu hujjat mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shma choralarni amalga oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.