Ostona shahrida o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammit doirasida “SHHT va UNEP o‘rtasidagi ekologik hamkorlik: mintaqaning barqaror kelajagi uchun qo‘shma harakatlar” mavzusida yuqori darajadagi sessiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur sessiya Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar va BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov global ekologik muammolar — iqlim o‘zgarishi, yerlarning degradatsiyasi, bioxilma-xillikning kamayishi, atrof-muhit ifloslanishi va suv resurslari tanqisligi — yangi global voqelikni shakllantirayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, ushbu muammolarni hal etish faqat mintaqaviy va xalqaro darajada hamkorlikni kuchaytirish orqali mumkin.
Sessiyada O‘zbekistonning ekologik siyosati va “yashil” rivojlanish strategiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda “Yashil makon”, “Chiqindidan xoli hudud”, “Ekologik madaniyat”, “Biomeros” va “Toza havo” kabi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbuslar ko‘kalamzorlashtirish, chiqindilarni boshqarish, ekologik targ‘ibot, bioxilma-xillikni asrash hamda havo sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Shuningdek, SHHTga a’zo davlatlarning katta qismi global chang-to‘zonlar kamarida joylashgani sababli cho‘llanish, chang va qum bo‘ronlari hamda transchegaraviy havo ifloslanishi mintaqa uchun dolzarb muammoga aylangani qayd etildi.
Shu munosabat bilan tomonlar ekologik hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Jumladan, chang va qum bo‘ronlari bo‘yicha erta ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish, yer degradatsiyasiga qarshi kurashni kuchaytirish, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, plastik va xavfli chiqindilarni boshqarish orqali ifloslanishni kamaytirish kabi masalalar ilgari surildi.
Bundan tashqari, ekologik monitoring samaradorligini oshirish uchun sun’iy intellekt va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari kabi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Ishtirokchilar SHHTning mintaqaviy platforma sifatidagi imkoniyatlari va UNEPning ekspert salohiyati o‘zaro uyg‘unlashib, ekologik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdilar.
Sessiya yakunida SHHT Kotibiyati va UNEP o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida qo‘shma harakatlar rejasi imzolandi. Ushbu hujjat kelgusida hamkorlikni amaliy jihatdan rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Yakunda xalqaro hamkorlar O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan yirik ekologik tadbirlarga, jumladan, Global ekologik fondning VIII Assambleyasi hamda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasiga taklif etildi.