Potsdam Institute for Climate Impact Researchning
“State of the Climate 2025” hisoboti so‘nggi yillarning eng xavotirli ilmiy hisobotiga aylandi. Olimlar Yerning iqlim tizimi barqarorlik chegarasidan chiqib borayotganligini ochiq aytishmoqda.
Tadqiqotga ko‘ra, sayyoramizdagi iqlim holatini belgilovchi 34 ta asosiy ko‘rsatkichdan 22 tasi rekord darajaga yetgan. Ya'ni Yerning harorati oshmoqda, okeanlar qizimoqda, muzliklar erimoqda, o‘rmon yong‘inlari ko‘paymoqda va issiqxona gazlari to‘planishda davom etayotir. 2024 yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo‘ldi.
Hisobotning eng muhim xulosasi faqat CO₂ bilan cheklanmaydi. Olimlar “qaytib bo‘lmas nuqtalar” xavfi haqida ogohlantirmoqda. Ya'ni xavf ostida global tizimlar: okean oqimlari, tropik o‘rmonlar va muzliklar qolgan. Ularning buzilishi nazorat qilib bo‘lmaydigan iqlim jarayonlarini boshlab yuborishi mumkin.
Hisobotda ekotizimlar holatiga alohida e’tibor qaratiladi. O‘rmonlarning yo‘q qilinishi, tuproq degradatsiyasi va landshaftlarning qurib borishi biosferaning iqlimni tartibga solish qobiliyatini susaytiradi. Suv, uglerod va energiya muvozanati buziladi. Bu shuni anglatadiki, iqlim inqirozi nafaqat chiqindilar muammosi, balki tabiatning o‘zini tiklash mexanizmlarining buzilishidir.
Shu sababli suv va o‘rmonlar masalasi markaziy ahamiyat kasb etadi. O‘rmonlar bu shunchaki yashil hudud emas, balki namlikni ushlab turuvchi, yog‘inlarni shakllantiruvchi va iqlimni sovituvchi tizimdir. Suv esa oddiy resurs emas, u iqlim barqarorligining asosi. O‘rmon yo‘qolsa — suv yo‘qoladi. Suv yo‘qolsa — issiqlik, qurg‘oqchilik va tuproq sho‘rlanishi kuchayadi.
Ayni paytda global choralar yetarli emas. Issiqxona gazlarini kamaytirish sekin kechmoqda, moslashuv choralariga ajratilayotgan mablag‘lar esa yetarli emas. Dunyo hanuz oqibatlar bilan kurashmoqda, sabablar bilan emas.
Hisobot aniq xulosa beradi: insoniyat iqlim beqarorligi yoqasiga kelib qoldi. Yer o‘zini tiklash qobiliyatini yo‘qotib bormoqda. Ammo hali imkoniyat bor — tezkor va tizimli harakatlar orqali.
Bugun asosiy savol shunday:
👉 biz tabiatni buzishda davom etamizmi yoki uni tiklashni boshlaymizmi?
Javob esa aniq:
suvni asrash va o‘rmonlarni tiklash orqali biz faqat tabiatni emas, balki o‘z hayotimiz uchun zarur sharoitlarni saqlab qolamiz. Nargis Qosimova