Yashil maktab|9

Farg‘onada ekologik ta’limni rivojlantirishga qaratilgan seminar-trening o‘tkazildi

Farg‘ona viloyatida yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish, ta’lim tizimida atrof-muhitga mas’uliyatli yondashuvni shakllantirish hamda “yashil tashabbuslar”ni kengaytirishga qaratilgan seminar-trening tashkil etildi. Tadbir “Yashil maktab” kengashi tashabbusi bilan Farg‘ona viloyati PMM hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasining Farg‘ona shahar kengashi hamkorligida o‘tkazildi.

Farg‘onada ekologik ta’limni rivojlantirishga qaratilgan seminar-trening o‘tkazildi

Seminar-treningning asosiy mavzusi maktablarda ekologik ta’limni rivojlantirish va yashil tashabbuslarni kengaytirish masalasiga bag‘ishlandi. Unda pedagoglar, yoshlar yetakchilari, ekologiya yo‘nalishidagi mutaxassislar hamda ta’lim sohasi vakillari ishtirok etdi.Tadbir davomida maktablarda ekologik ta’limning samaradorligini oshirish, o‘quvchilarda tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish, ekologik muammolarni erta yoshdan tushuntirish va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, chiqindilarni saralash madaniyatini joriy etish, suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish, maktab hududlarini ko‘kalamzorlashtirish, daraxt ekish aksiyalarini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslarning ahamiyati ta’kidlandi. Seminar-treningda “Yashil maktab” konsepsiyasi doirasida ta’lim muassasalarida ekologik muhit yaratish, o‘quv jarayoniga ekologik mavzularni chuqurroq integratsiya qilish hamda yoshlarni iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikni saqlash va tabiiy resurslarni muhofaza qilish masalalariga jalb etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Ishtirokchilar tomonidan ekologik ta’limni faqat nazariy bilimlar bilan cheklab qolmasdan, uni amaliy faoliyat bilan bog‘lash zarurligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan maktablarda ekologik loyihalar, eko-klublar, “yashil patrul” guruhlari, tabiat darslari va ekologik aksiyalarni muntazam tashkil etish bo‘yicha tajribalar almashildi.

Seminar davomida o‘quvchilar orasida ekologik tafakkurni shakllantirishda o‘qituvchilarning roli, ta’lim muassasalari va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlik, shuningdek, ekologik tashabbuslarni mahalliy darajada qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham muhokama markazida bo‘ldi.Mutaxassislar ekologik ta’lim bugungi kunda nafaqat ta’lim sifati, balki barqaror rivojlanishning muhim omillaridan biri ekanini qayd etib, “Yashil maktab” tashabbuslari yosh avlodni ekologik mas’uliyat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishini ta’kidladi. Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan maktablarda ekologik ta’limni yanada rivojlantirish, yashil tashabbuslarni ommalashtirish va bu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Mazkur seminar-trening yoshlarni ekologik ongli, tabiatga befarq bo‘lmagan va barqaror kelajak uchun mas’uliyatni his qiladigan avlod sifatida tarbiyalash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi.