Mushuklarga nisbatan shafqatsizlik holatlari ko‘paymoqda

Mushuklarga nisbatan shafqatsizlik holatlari ko‘paymoqda

Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan Sharof Rashidov mahallasida hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik holati fuqarolar noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Chimkent ko‘chasi 13-uy atrofida noma’lum shaxslar tomonidan mushuklar zaharlanayotgani va ular og‘ir azoblar ichida nobud bo‘layotgani haqida aholidan murojaat kelib tushgan.

Voqea joyidan olingan fotolavhalarda mushuklarning yurishga qiynalayotgani, nafas olishda og‘riq chekayotgani ochiq ko‘rinib turadi. Mahalla aholisi bu kabi holatlar birinchi marta kuzatilmayotganini, ayrim fuqarolar mushuklardan “qutulish” maqsadida ataylab ularni zaharlayotgani haqida shubhalar bildirmoqda.

“Hayvonni boqmasligingiz mumkin, lekin uni ataylab o‘ldirish – bu insoniylikka mutlaqo zid ish. Mushuklar – mahalla muhitining bir qismi. Ularni azoblab o‘ldirishni hech narsa oqlay olmaydi,” — deydi mahalla faollaridan biri.

Holatga huquq-tartibot organlari va veterinariya xizmati e’tibor qaratishi zarur.