Mahalliy xabarlar|11

Markaziy Osiyoda CAWLN ekologik tashabbusi amalga oshirilmoqda

Markaziy Osiyoda suv va yer resurslariga bosimning ortib borayotgani, iqlim o‘zgarishining kuchayishi, yerlarning degradatsiyasi va qurg‘oqchilikning tez-tez takrorlanishi sharoitida yangi yirik ekologik tashabbus amalga oshirilmoqda.

Markaziy Osiyoda CAWLN ekologik tashabbusi amalga oshirilmoqda
  • Global ekologik fond (GEF) tomonidan moliyalashtiriladigan va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda suv va yer resurslarining o‘zaro bog‘liqligi” (CAWLN) dasturi Samarqand shahridagi CITES CoP20 — Yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bo‘yicha konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 20-sessiyasi doirasida rasmiy ravishda ishga tushirildi. 


  • Ma’lumot uchun, dastur doirasida Markaziy Osiyoda umumiy qiymati 18,4 million AQSH dollari bo‘lgan loyihalar amalga oshiriladi. CAWLN dasturi Markaziy Osiyo davlatlari — Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston duch kelayotgan umumiy ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan. Mintaqada daryo, botqoqlik, dasht, yarim cho‘l va tog‘ hududlari kabi qimmatli ekotizimlar mavjud bo‘lib, ular antropogen bosim, iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslar uchun raqobat va yerlarning degradatsiyasi oqibatida tobora kuchli bosim ostida qolmoqda.
Tadbir davomida ishtirokchilarga CAWLN dasturi taqdim etildi. U ilmiy asoslangan, muvofiqlashtirilgan choralarni joriy etish orqali suv va yer resurslaridan barqaror foydalanish, o‘rmonlarning qisqarishini kamaytirish, qishloq xo‘jaligi barqarorligini oshirish, bioxilma-xillikni saqlash va iqlim o‘zgarishiga moslashuvni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Tadbirda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov va FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov nutq so‘zladi.
Yakunda O‘zbekistonning CAWLN dasturi doirasidagi loyihalarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu mamlakat va mintaqaning tabiiy resurslarni barqaror boshqarish tamoyillariga sodiqligini tasdiqladi. Ishtirokchilar suv xavfsizligini mustahkamlash, ekotizimlarni asrab-avaylash va Markaziy Osiyoning qishloq hududlarida barqarorlikni oshirishda mintaqaviy muloqot, bilim almashinuvi va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligini ta’kidladilar.
Dastur haqida
Markaziy Osiyo — Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Panj va Norin kabi yirik daryo havzalarini, shuningdek, tog‘-dasht hududlar, yaylov ekotizimlari, cho‘l va yarim cho‘l landshaftlarini o‘z ichiga olgan ekologik jihatdan noyob mintaqa. Biroq resurslarga bo‘lgan talabning ortishi, aholining ko‘payishi, yerlarning degradatsiyasi, suv tanqisligining kuchayishi va tezlashayotgan iqlim o‘zgarishi ekologik barqarorlikka jiddiy tahdid solmoqda. Bugungi kunda mintaqa yerlarining qariyb yarmi degradatsiyaga uchragan, iqtisodiy zarar esa yiliga 6 milliard AQSH dollarigacha yetmoqda. Suv resurslarining cheklanganligi qishloq xo‘jaligi, energetika, ichimlik suvi ta’minoti va ekotizimlarning barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
  • Shunday murakkab sharoitda CAWLN dasturi ilmiy, integratsiyalashgan va mintaqaviy yondashuv asosida Markaziy Osiyoda suv va yer resurslarini boshqarishni takomillashtirish, erta ogohlantirish tizimlarini kuchaytirish, ekotizimlarni tiklash va iqlim ta’siriga chidamlilikni oshirishga qaratilgan. GEF tomonidan moliyalashtirilayotgan yetti yirik loyihani birlashtirgan ushbu dasturda O‘zbekiston to‘rtta asosiy tashabbusni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.