“Paxtachi” o’rmonlari nega qurimoqda?

“Paxtachi” o’rmonlari nega qurimoqda?

www.ekolog.uz tahririyatiga Samarqand viloyati Paxtachi tumani “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini M.Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan Paxtachi davlat o‘rmon xo‘jaligidagi noqonuniy harakatlar va xodimlarning mehnat huquqlari buzilayotgani haqida murojaat kelib tushdi. www.ekolog.uz muxbiri murojaat qanchalik asosli ekanini o‘rganish uchun Paxtachi davlat o‘rmon xo‘jaligida bo‘lib qaytdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 – yil 17 – yanvardagi №PF – 14 – sonli “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora – tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 2024 – yil 1 – maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgan. Ammo Paxtachi davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbariyati G‘ayrat To‘xtamishov  ushbu farmon bilan tanish emas ko‘rinadi shekilli, o‘rmon xo‘jaligi hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosidan qum-shag‘al materiallarini noqoqonuniy qazib olish ishlariga keng yo‘l ochib bergan. Vaholanki, o‘rmon xo‘jaligi hududiga begonalar ruxsatsiz kirishi mumkin emas. Мuxbirimizning surishtiruvlari davomida davlat raqami “85M218DA”, “85U427KA” bo‘lgan zil avtomashinalari o‘rmon xo‘jaligining Oqtepa bo‘limidan qum-shag‘al materiallarini olib ketayotganligiga shaxsan guvoh bo‘ldi.

Mashinalarga ortilgan qum-shag‘al qayerga olib ketilayotgani, kimning buyrug‘i bilan mazkur noqonuniy faoliyat amalga oshirilayotgani borasidagi savollarga haydovchilar javob bermay, qochib ketishdi.

So‘ngi yillarda mamlakatimizda qurilish ko‘lamining kengayishi va noruda materiallarga bo‘lgan ehtiyojning keskin oshishi natijasida daryo o‘zanlari, sohil bo‘yi va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallarni  noqonuniy qazib olish bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkorlik subyektlari soni ortib bormoqda. Shu bilan birga 2023 – yilda daryo o‘zanlarida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish bilan bog‘liq 303 ta holatda 268 nafar shaxsga nisbatan 68 milliard so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan bo‘lib, shundan 42 ta holat bo‘yicha 45 milliard so‘m miqdorida tabiatga zarar yetkazilganligi uchun jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayniqsa, Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxandaryo kabi daryolar o‘zanlaridagi ekologik vaziyat ularni qayta tiklash va nazoratni kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.

O‘rmon xo‘jaligi hududidan oqib o‘tayotgan daryo o‘zanidan noqonuniy ravishda qazib olinayotgan qum-shag‘al daryo suvining kamayishiga, bu o‘z navbatida daryo suvidan suv ichayotgan o‘rmon xo‘jaligidagi daraxt va butalarning qurishiga olib keladi.  Bu jarayon hozirdanoq boshlanib, o‘rmon xo‘jaligi hududidagi ko‘pgina daraxtlar quriy boshlagan.

O‘rmon xo‘jaligidagi yana bir muammo e’tiborimizni tortdi. Ma’lumki, аtrof-muhitni, o‘simliklar olamini muhofaza qilish insoniyat uchun juda katta hayotiy ahamiyatga ega. Inson tabiatdan foydalanar ekan, uning asrlar davomida shakllangan tabiiy manzarasini o‘zgartirib, unga salbiy ta’sir ko‘rsatayapti.

Paxtachi davlat o‘rmon xo‘jaligi hududidagi butazorlarda boqilayotgan chorva mollari ham bunga bir misol bo‘la oladi. To‘g‘ri 2018 – yil 16-apreldagi O‘zbekiston Respublikasining “O‘rmon to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi №475-son qonuning 39 – moddasiga asosan “Davlat o‘rmon fondi uchastkalarida chorva mollarini o‘tlatishga yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning kamyob va qimmatli turlari tabiiy ravishda takroriy ko‘payishini, yovvoyi hayvonlarni saqlab qolishni, shuningdek eroziya jarayonlarining yuzaga kelish ehtimolining oldini olishni ta’minlash sharti bilan yo‘l qo‘yilishi qayd etib o‘tilgan. Lekin chorva mollari hech qanday nazoratchilarsiz yaylovlarda emas, butazorlarda o‘tlab,  noyob o‘simliklarga ziyon yetkazmoqda.

“Bilamizki saksovul va yulg‘un daraxtlari qum ko‘chkilari va tabiiy ofatlarning oldini olishga xizmat qilishi, shuningdek yovvoyi hayvonlarning ozuqasi bo‘lgani sababli, ularning himoyasi O‘zbekiston Respublikasining «O‘simliklar dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonuniga asosan alohida nazoratga olingan. Ammo qum shag‘al tashish uchun kesib tashlanayotgan yulg‘unzorlarni ko‘rib hayratlanmasdan iloj yo‘q”, deydi o‘rmon xo‘jaligining sobiq xodimi Normurodov Ixtiyor Mamatovich.

Yulg‘un daraxtining ko‘p uchraydigan (tamarix ramosissima) turi Хalqaro Qizil kitobga kiritilganini eslatib o‘tmoqchimiz. Yuqorida nomini qayd qilgan yulg‘un daraxtlari o‘sib turgan butazorlarga maishiy va qurilish chiqindilarining tashlab ketilgani bilan bog‘liq muammolar ham yetarlicha.Tabiiy maydonlarning keng miqyosda o‘zlashtirilishi ekologik muvozanat buzilishiga olib kelishini tushunmayotgan o‘rmon xo‘jaligi rahbariyati va ulardan yuqori turuvchi tashkilotlar ushbu xolatlardan xabardor bo‘lsa ham, bunga ko‘z yumib kelishmoqda.

-O‘rmon xo‘jaligidagi bo‘layotgan voqealarga xolis guvoh bo‘lyabsizlar. Ammo bular xamir uchidan patir edi. Rahbariyatimiz qishda shartnoma asosida necha ming bosh qo‘ylarni o‘rmon xo‘jaligiga kiritdi. Lekin shartnoma bilan bog‘liq hujjatlar mavjudligi noma’lum, yana ham bilmadim, – deydi Ixtiyor. – Qishda olib kelingani sabab, sovuqda o‘ziga o‘t-o‘lan topolmagan qo‘ylar daraxtlarning tanasini bo‘ylari yetgan qismlarini kemirishgan. Afsuslar bo‘lsinki qo‘ylar kemirgan barcha daraxtlar quridi.  Endi ularni qurigan deb kesib sotishadi. Menga agar daraxtlar qurisa o‘zim rahbariyatga chora ko‘raman deb va’da bergan Samarqand viloyat ekologiya boshqarmasi xodimi ham jim bo‘lib ketdi. O‘rmon xo‘jaligi ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanadi ammo yosh ko‘chatlar quyosh ko‘rmas yerlarda ekilmoqda. Tabiiyki quyosh ko‘rmagan ko‘chat o‘smaydi. Ko‘chat yetishtirish uchun to‘g‘ri keladigan yerlar bor, ammo ular boshqa fuqarolarga berilgan va boshqa maqsadlarda foydalanilmoqda. Eng qizig‘i yosh va katta ko‘chatlarning sug‘orilmasligi. Ko‘chatlar va daraxtlarni sug‘orish uchun xodimlar oylik maosh oladi, ammo birortasi o‘z vazifasini bajarmaydi. Sug‘orish uchun xo‘jalikda barcha imkoniyat mavjud bo‘lsada, ammo mas’uliyatsizlik oqibatida daraxtlar qurib ketmoqda.

 

Yosh ko‘chatlarni ekish borasida o‘z tavsiyalarini bergan o‘rmon xo‘jaligining sobiq xodimlarini eshitishni istamayotgan rahbariyatning asl maqsadi nima ekan? Biz muammolarni har tomonlama o‘rganish uchun Paxtachi tuman o‘rmon xo‘jaligi rahbari G‘ayrat To‘xtamishov bilan bog‘landik.

-Qum-shag‘al qazib olinayotgan hudud bizning yurisdiktsiyamizga kirmaydi. U hudud Navoiy viloyati Navbahor tumaniga tegishli bo‘lib, Zarafshon daryosini tozalash tenderini yutib olgan tadbirkor tomonidan amalga oshirilmoqda. Biz o‘rmon xo‘jaligini shikastlantirishga yo‘l qo‘ymaymiz va bu holat bo‘yicha ekologiya idorasiga xat bilan murojaat qilib, jarima choralarini qo‘lladik. O‘rmon xo‘jaligida yong‘in yo‘lagi mavjud bo‘lib, uni qazib yo‘lni to‘sishimiz mumkin emas, aks holda yong‘in xavfi tug‘ilishi mumkin. Ular biz yo‘q paytimizda bu yo‘ldan foydalanmoqdalar. Ushbu holat va moratoriy buzilishi haqida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Xavfsiz daryo boshqarmasi”ga murojaat qilish lozim.

Daryo ichidan qazib olinayotgan qum-shag‘al materiallari o‘rmon xo‘jaligi bilan bog‘liq emas, ular tender shartlariga binoan daryo o‘zanini tozalash ishlarini amalga oshirmoqda. Transport vositalariga yo‘l varaqalari berilmoqda va biz ularning o‘rmon hududidan noqonuniy o‘tishlarini aniqlaganimizda, darhol choralar ko‘ramiz.

O‘rmon xo‘jaligining 100 bosh qo‘yi mavjud bo‘lib, ular e’tiborsizlik tufayli daraxtlarni kemirgan. Biz daraxtlarga biologik ishlov berdik va hozirda barcha daraxtlar yaxshi holatda. Cho‘pon esa javobgarlikka tortildi. O‘rmon xo‘jaligida suv va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo yo‘q, barcha nasoslar ishlamoqda. Ishdan bo‘shatilgan xodim I.Normurodov haqida aytadigan bo‘lsak, uni qayta ishga olganmiz, ammo to‘rt-besh kun ishlagandan keyin ishga kelmay ketdi va hozirgacha qaytganicha yo‘q. Unga ish yoqmaydi, shuning uchun kelmayapti.

Afsuski, o‘rmon xo‘jaligidagi daraxtlar juda achinarli ahvolda. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Paxtachi davlat o‘rmon xo‘jaligidagi noqonuniy xatti-harakatlardan tuman ekologiya bo‘limi, viloyat boshqarmasi kerak bo‘sa hududiy huquq targ‘ibot -idoralarining ham xabardorligi bor. Ammo vaziyat o‘nglanmayapti, o‘rmon xo‘jaligidan asossiz ishdan bo‘shatilib sud qaroriga asosan ishga tiklangan bo‘lsada huquqlari poymol qilinayotgan xodimlar ham yetarlicha. Sud organlarining qarorini inobatga olmaydigan rahbariyatning o‘rmon xo‘jaligidagi faoliyatini  Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi vazirligi va Bosh prokuratura o‘rganish kerak nazarimizda.

Feruzbek Sayfullayev