Mahalliy xabarlar|39

Angren shahridagi hayvonlarni vaqtincha saqlash maskanidan yana itlar zaharlandi

Angren shahridagi hayvonlarni vaqtincha saqlash maskanida yana itlarning zaharlangani haqida xabarlar tarqaldi. Ko‘ngillilar va hayvon himoyachilarining aytishicha, boshpanadagi barcha itlar zaharlangan.

Angren shahridagi hayvonlarni vaqtincha saqlash maskanidan yana itlar zaharlandi

Angren shahridagi hayvonlarni vaqtincha saqlash maskanidan yana dahshatli xabarlar kelmoqda. Ko‘ngillilar va hayvon himoyachilarining ma’lum qilishicha, boshpanadagi itlar ommaviy ravishda zaharlangan. Faollar voqea joyidan kalamush zahari solingani taxmin qilinayotgan sosiskalarni topganini bildirmoqda. Ayrim itlarni saqlab qolish uchun kurash ketayotgan bo‘lsa, boshqalari allaqachon nobud bo‘lgan.

Eng dahshatlisi  bu holat birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Hayvon himoyachilarining aytishicha, avval ham shunga o‘xshash zaharlash holatlari qayd etilgan, ekspertiza xulosalari mavjud bo‘lgan. Ammo shunga qaramay, aybdorlar jazolanmagan. Shu sabab jamiyatda haqli savol tug‘iladi: nega qonun oddiy fuqaroga ishlaydi-yu, ammo qarovsiz hayvonlarni tutish va vaqtincha saqlash bo‘limlari xodimlariga kelganda jim bo‘lib qoladi?

Axir O‘zbekistonda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun javobgarlik belgilangan. Qonunchilikda hayvonlarni qiynash, zaharlash va o‘ldirish noqonuniy ekani aniq yozilgan. Joriy yilning mart oyida ham aynan shu maskan atrofida dahshatli xabarlar tarqalgan edi. O‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda qarovsiz itlarni tutish xizmati xodimlari tomonidan ushlangan itlar so‘yilib, ularning go‘shti kafelarga tarqatilgani haqida ma’lumotlar e’lon qilingan edi. Mazkur holat jamoatchilik orasida keskin norozilik uyg‘otgan, voqeadan keyin ayrim xodimlar javobgarlikka tortilgani ham ma’lum qilingan edi.

Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay yana yangi shafqatsizlik holatlari yuzaga chiqmoqda. Bu esa jamiyatda juda og‘ir savollarni tug‘dirmoqda: agar oldingi voqealardan keyin aybdorlar jazolangan bo‘lsa, nega tizim o‘zgarmadi? Nega vaqtincha saqlash maskanlari hayvonlarni himoya qiladigan joy emas, balki ular uchun xavfli hududga aylanib qolmoqda? Nega qonun ijrosi faqat qog‘ozda qolmoqda?

Faollar qolgan itlarni boshqa boshpanalarga joylashtirishga urinayotganini aytmoqda. Ammo bu muammoning yechimi emas — bu faqat navbatdagi fojiadan hayvonlarni vaqtincha qutqarishdir. Muammo ildizi esa tizimning o‘zida qolmoqda.

Jamiyatning insoniyligi eng ojiz mavjudotlarga bo‘lgan munosabatida bilinadi. Agar boshpanadagi jonivorlar ham himoyasiz qolayotgan bo‘lsa, bu endi faqat hayvonlar muammosi emas — bu butun jamiyatning vijdon masalasidir.