Ayniqsa, qishloq joylarda suv tashish, uy-ro‘zg‘or ishlarini bajarish, oziq-ovqat tayyorlash, bolalarni parvarishlash va oilaning kundalik ehtiyojlarini ta’minlash bilan bog‘liq mas’uliyatning katta qismi ayollar zimmasiga tushadi. Suv yetishmasligi yoki tabiiy resurslardan foydalanish imkoniyatlarining cheklanishi ularning mehnat yukini oshiradi. Natijada oilada charchoq, asabiylik, iqtisodiy qiyinchiliklar va kelishmovchiliklar kuchayishi mumkin. Ayrim holatlarda esa bu vaziyat haqoratlash, tahdid qilish, kamsitish, ruhiy bosim yoki jismoniy zo‘ravonlik kabi salbiy holatlarga sabab bo‘ladi.

Shu nuqtayi nazardan, iqlim o‘zgarishi va oiladagi gender asosidagi zo‘ravonlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganish, ushbu muammoning hududiy xususiyatlarini aniqlash hamda uning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega.

Tadqiqotning maqsadi va vazifalari

O‘zbekiston Respublikasi «Ekolog» jamoat birlashmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi hamda Jizzax viloyatidagi «Qalb nuri» ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi bilan hamkorlikda 2023-yilning 25-martidan 31-iyuligacha «Iqlim o‘zgarishining O‘zbekistonda gender asosidagi zo‘ravonlikka ta’sirini kamaytirish» loyihasini amalga oshirdi.

Loyihaning asosiy maqsadi — iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan ekologik va ijtimoiy muammolarning gender asosidagi zo‘ravonlikka ta’sirini aniqlash, aholi, davlat va nodavlat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining bu boradagi xabardorligini oshirish va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Loyiha doirasida quyidagi vazifalar belgilandi:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatidagi hamkor nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

  • Iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolar ta’sirida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan gender asosidagi zo‘ravonlik holatlarini aniqlash uchun maxsus so‘rovnoma ishlab chiqish;

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatida ayollar va qizlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish;

  • Tadqiqotga nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ham keng jalb etish;

  • Olingan natijalarni tahlil qilish va amaliy tadqiqot taqdimotini tayyorlash;

  • Nukus va Jizzax shaharlarida davlat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va OAV vakillari ishtirokida davra suhbatlarini tashkil etish;

  • Tadqiqot natijalari asosida gender tengligini ta’minlash va oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqib, tegishli davlat organlariga taqdim etish.

So‘rovnoma qanday tashkil etildi?

2023-yilning aprel-iyun oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatining turli hududlarida ayollar va qizlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi.

Tadqiqotning muhim jihatlaridan biri shundaki, unda faqat shahar aholisi emas, balki qishloq joylarda istiqomat qiluvchi ayollar ham keng qamrab olindi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarning turli ijtimoiy guruhlarga, xususan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ta’sirini aniqlashga alohida e’tibor qaratildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining 16 ta tumani va Nukus shahridan jami 123 nafar ayol va qiz so‘rovnomada qatnashdi. Ularning 49 nafari nogironligi bo‘lgan xotin-qizlardir.

Jizzax viloyatining 12 ta tumani va Jizzax shahridan esa 170 nafar ayol va qiz ishtirok etdi. Ularning 36 nafari nogironligi bo‘lgan ayollar hisoblanadi.

Shunday qilib, ikki hududda jami 293 nafar respondent so‘rovnomada qatnashdi. Ulardan 85 nafari nogironligi bo‘lgan xotin-qizlardir.

So‘rovnoma savollari suv tanqisligi, havo ifloslanishi, chang bo‘ronlari, daraxtlarning kesilishi, haroratning ko‘tarilishi, tuproq sho‘rlanishi, oilaning iqtisodiy ahvoli va oilaviy munosabatlar bilan bog‘liq masalalarni qamrab oldi.

Respondentlardan ekologik muammolar sababli kundalik hayotda qanday qiyinchiliklarga duch kelayotgani, bu muammolar oiladagi munosabatlarga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani hamda ekologik omillar tufayli haqorat, tahdid, kamsitish yoki boshqa zo‘ravonlik shakllariga duch kelgan-kelmaganlari haqida javob berish so‘raldi.

Tadqiqotning asosiy natijalari

So‘rovnoma natijalari ekologik muammolar va oiladagi zo‘ravonlik o‘rtasidagi ehtimoliy bog‘liqlikka jamoatchilik e’tiborini qaratish zarurligini ko‘rsatdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida respondentlarning 72 foizi, Jizzax viloyatida esa 87 foizi iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolar oiladagi zo‘ravonlikka ta’sir ko‘rsatishini bildirgan.

<mark>Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 72 foiz, Jizzax viloyatida — 87 foiz.</mark>

Bu ko‘rsatkichlar respondentlarning ekologik muammolar va oilaviy munosabatlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni qanday qabul qilishini aks ettiradi. Ular zo‘ravonlikning yagona sababi ekologik muammolar ekanini isbotlamaydi, biroq ushbu omillar oiladagi mavjud ziddiyatlarni kuchaytirishi mumkinligini ko‘rsatadi.

1. Suv tanqisligi va ayollarning kundalik mehnat yuklamasi

Tadqiqot davomida suv tanqisligi eng ko‘p tilga olingan ekologik muammolardan biri bo‘ldi.

Qoraqalpog‘istonda 64 nafar respondent suv yetishmasligi sababli kir yuvish va cho‘milishda qiyinchiliklarga duch kelishini bildirgan. 33 nafar ayol suvni uzoq masofadan tashib kelishga majbur ekanini qayd etgan.

Jizzax viloyatida esa 53 nafar respondent suv tanqisligi tufayli uy-ro‘zg‘or ishlarini bajarish qiyinlashganini, 26 nafari suvni uzoqdan tashib kelishini bildirgan.

Ayniqsa, qishloq joylarda suv ta’minotidagi muammolar ayollarning kundalik mehnatini ko‘paytiradi. Suvni uzoq masofadan olib kelish, uy tozalash, kir yuvish va ovqat tayyorlash uchun qo‘shimcha vaqt va jismoniy kuch sarflashga to‘g‘ri keladi.

So‘rovnomada ayrim ayollar suvni vaqtida olib kelmagani, uy yumushlarini bajara olmagani yoki kirlarni yuvishga ulgurmagani uchun haqoratlanganini, kamsitilganini yoki kaltaklanganini bildirgan.

Bu holat ekologik muammolarning oiladagi gender tengsizligi bilan bog‘liq jihatlarini yaqqol namoyon etadi.

2. Jazirama issiq va oilaviy kelishmovchiliklar

Global iqlim o‘zgarishi natijasida haroratning ko‘tarilishi ham respondentlar e’tibor qaratgan muhim masalalardan biri bo‘ldi.

Qoraqalpog‘istonda 39 nafar, Jizzax viloyatida esa 51 nafar respondent yozda jazirama issiq, qishda esa sovuq sharoit odamlarning asabiylashishiga sabab bo‘lishini qayd etgan.

Jizzax viloyatida 63 nafar, Qoraqalpog‘istonda 59 nafar respondent issiq havoda inson tez charchashi va dam ololmasa, asabiylashishi oiladagi kelishmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Bunday sharoitda, ayniqsa, issiqdan himoyalanish imkoniyati cheklangan, konditsioner yoki yetarli shamollatish tizimiga ega bo‘lmagan uy-joylarda yashovchi oilalar qo‘shimcha qiyinchiliklarga duch keladi.

Tadqiqotda daraxtlarning kesilishi va yashil hududlarning kamayishi ham alohida o‘rganildi. Qoraqalpog‘istonda 59 nafar, Jizzax viloyatida 61 nafar respondent daraxtlar kesilishi oqibatida ko‘chalardagi soya va salqinlik kamayganini bildirgan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda 56 nafar, Jizzax viloyatida 67 nafar respondent kuchli issiq tufayli oila a’zolarining asabiylashishi va uyga charchab kelgan erkaklarning janjal chiqarishi kabi holatlarni qayd etgan.

3. Havo ifloslanishi va chang bo‘ronlarining ta’siri

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyati ekologik muammolar, xususan, chang bo‘ronlari va havoning ifloslanishi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelayotgan hududlardir.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda 64 nafar, Jizzax viloyatida 72 nafar respondent havo ifloslanishi va chang bo‘ronlari tufayli o‘z salomatligi yomonlashganini bildirgan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda 21 nafar, Jizzax viloyatida 35 nafar respondent oila a’zolarida turli nafas yo‘llari kasalliklari paydo bo‘lganini qayd etgan.

Ayrim respondentlar chang bo‘ronlari vaqtida uy-joy va buyumlarning chang bosishi, tozalash ishlarining ko‘payishi sababli oilada haqorat va kamsitish holatlari yuzaga kelishini bildirgan.

Masalan, Qoraqalpog‘istonda 31 nafar, Jizzax viloyatida 20 nafar ayol chang bo‘ronlari sababli uyda hamma joy chang bo‘lib ketgani uchun turmush o‘rtog‘i yoki qaynonasi tomonidan haqoratlanishini ko‘rsatgan.

Bu natijalar ekologik vaziyatning ayollar zimmasidagi uy-ro‘zg‘or mas’uliyatini yanada oshirishi va oiladagi ruhiy bosimni kuchaytirishi mumkinligini ko‘rsatadi.

4. Tuproq sho‘rlanishi va oilaning iqtisodiy ahvoli

Tuproq sho‘rlanishi, suv tanqisligi va hosildorlikning pasayishi qishloq xo‘jaligiga, demak, qishloq oilalarining daromadiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Jizzax viloyatida 150 nafar respondent tuproq sho‘rlanishi natijasida yer unumdorligi pasayishini, 59 nafari tomorqada hosil yetishmasligini bildirgan.

Shuningdek, 42 nafar respondent tuproq sho‘rlanishi va suv tanqisligi oilasining iqtisodiy ahvolini yomonlashtirayotganini qayd etgan. 138 nafar respondent esa oilaning iqtisodiy ahvoli yomonlashishi uyda janjal va kelishmovchiliklar ko‘payishiga olib kelishini bildirgan.

Qoraqalpog‘istonda 56 nafar respondent tuproq sho‘rlanishi yer unumdorligini pasaytirishini, 52 nafari esa tomorqada hosil yetishmasligini qayd etgan.

Ushbu ko‘rsatkichlar ekologik muammolarning nafaqat tabiiy resurslarga, balki oilalarning moddiy farovonligi va ijtimoiy barqarorligiga ham ta’sirini ko‘rsatadi.

5. Nogironligi bo‘lgan ayollar — alohida e’tibor talab qiladigan guruh

Tadqiqotning muhim jihatlaridan biri nogironligi bo‘lgan ayollar va qizlarning ham so‘rovnomaga jalb etilganidir.

Ikki hududda jami 85 nafar nogironligi bo‘lgan ayol va qiz ishtirok etdi. Ularning fikr va tajribalarini o‘rganish ekologik muammolar hamda gender asosidagi zo‘ravonlik masalasiga inklyuziv yondashish zarurligini ko‘rsatdi.

Nogironligi bo‘lgan ayollar ekologik muammolar sharoitida bir vaqtning o‘zida bir necha qiyinchilikka duch kelishi mumkin: suv va sanitariya xizmatlaridan foydalanishdagi to‘siqlar, tibbiy xizmatlarga ehtiyoj, xavfsiz transport va infratuzilma yetishmasligi, iqtisodiy qaramlik hamda ijtimoiy himoyaning cheklanganligi.

Shu bois, ekologik siyosat va iqlim o‘zgarishiga moslashish dasturlarini ishlab chiqishda nogironligi bo‘lgan ayollarning ehtiyojlari ham alohida hisobga olinishi zarur.

Tadqiqot natijalari bo‘yicha davra suhbatlari

So‘rovnoma natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish, muammoni davlat va nodavlat tashkilotlari darajasida muhokama qilish hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida 2023-yil iyun oyida Nukus va Jizzax shaharlarida davra suhbatlari tashkil etildi.

Nukus shahridagi davra suhbati 2023-yil 9-iyun kuni «Do‘stlik uyi»da o‘tkazildi. Unda 25 nafar ishtirokchi qatnashdi. Tadbirda Jo‘qorg‘i Kengesning Gender tengligi komissiyasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, Nogironlar jamiyati, Ekologik partiya, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Davra suhbatida «Ekolog» jamoat birlashmasi rahbari Narгis Qosimova iqlim o‘zgarishining O‘zbekistondagi ekologik va ijtimoiy oqibatlari, ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma maqsadi va natijalari haqida taqdimot qildi.

Muhokamalarda Qoraqalpog‘istonda suv ta’minotini yaxshilash, aholining ekologik madaniyatini oshirish, erkaklarni ham ushbu masalalarni hal etishga jalb qilish va ekologik muammolar bilan bog‘liq gender zo‘ravonligining oldini olish masalalari ko‘tarildi.

Jizzax shahridagi davra suhbati 2023-yil 13-iyun kuni Nodavlat notijorat tashkilotlari uyida bo‘lib o‘tdi. Unda 22 nafar ishtirokchi — viloyat hokimligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Nogironlar jamiyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, prokuratura, siyosiy partiyalar, nodavlat tashkilotlar va OAV vakillari qatnashdi.

Tadbirda «Ekolog» jamoat birlashmasi rahbari Narгis Qosimova Jizzax viloyatida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini taqdim etdi. Muhokamalar davomida ekologik muammolar, suv tanqisligi, tuproq sho‘rlanishi, daraxtlarning kesilishi va havoning ifloslanishi oilalarning kundalik hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani muhokama qilindi.

Davra suhbatlari yakunida ishtirokchilar hududlarning ekologik va ijtimoiy xususiyatlarini hisobga olgan holda gender asosidagi zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqdilar.

Davra suhbatlari yakunida ishlab chiqilgan tavsiyalar

Nukus va Jizzax shaharlarida o‘tkazilgan davra suhbatlarida davlat idoralari, nodavlat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari va OAV vakillari tomonidan bir qator takliflar ilgari surildi.

Jumladan:

  1. Mahallalarda ekologik muammolar va gender asosidagi zo‘ravonlik o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish, bu jarayonga erkaklarni ham faol jalb etish.

  2. Jurnalistlar va blogerlar uchun iqlim o‘zgarishi, ekologiya va gender zo‘ravonligi mavzularida maxsus treninglar tashkil etish.

  3. Davlat va nodavlat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ekologik gender masalalari bo‘yicha bilim va salohiyatini oshirish.

  4. Televideniye va radio orqali mavzuga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar, ijtimoiy roliklar tayyorlash va namoyish etish.

  5. Maktablar va ta’lim muassasalarida ekologik madaniyat, gender tengligi va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan ta’limiy mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish.

  6. Oilalarda suvni tejash, daraxt ekish va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan umumiy tashabbuslarni amalga oshirish.

  7. Aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv tozalash filtrlari va zarur infratuzilmani rivojlantirish.

  8. Qishloq joylarda ayollar, ayniqsa nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar uchun ijtimoiy himoya, huquqiy maslahat va kasbiy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish.

  9. Iqlim o‘zgarishining aholi salomatligiga ta’sirini o‘rganish uchun tibbiy ko‘riklar va profilaktik tadbirlarni tashkil etish.

  10. Oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish.

  11. Ekologik muammolar va gender zo‘ravonligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni chuqurroq o‘rganish uchun erkaklar va ayollarni qamrab olgan keng ko‘lamli tadqiqotlar o‘tkazish.

  12. Aniqlangan muammolar va ishlab chiqilgan tavsiyalarni tegishli davlat organlari darajasida ko‘rib chiqish.

Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati

Mazkur loyiha ekologik muammolarni faqat tabiatni muhofaza qilish yoki tabiiy resurslardan foydalanish masalasi sifatida emas, balki inson huquqlari, gender tengligi, ijtimoiy himoya va oilaviy farovonlik bilan uzviy bog‘liq muammo sifatida ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatdi.

Tadqiqot natijalari suv tanqisligi, tuproq sho‘rlanishi, havo ifloslanishi, chang bo‘ronlari va haroratning ko‘tarilishi kabi ekologik omillar oilalarning kundalik hayotiga qo‘shimcha yuk tushirishi mumkinligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, ayollarning uy-ro‘zg‘or ishlari bilan bog‘liq mas’uliyati ortishi, iqtisodiy qiyinchiliklar va oiladagi mavjud tengsizliklar zo‘ravonlik xavfini kuchaytiruvchi omillar sifatida namoyon bo‘lishi mumkin.

Loyiha doirasida olingan natijalar asosida O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligi komissiyasi raisi T. Norboyevaga murojaat xati tayyorlandi. Unda Nukus va Jizzax shaharlarida o‘tkazilgan davra suhbatlari ishtirokchilari tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar umumlashtirilib, tegishli davlat organlari e’tiboriga havola etildi.

Tadqiqotning yana bir muhim natijasi — ekologik tashkilotlar, gender tengligi masalalari bilan shug‘ullanuvchi idoralar, nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jurnalistlar o‘rtasida hamkorlik uchun yangi muloqot maydoni yaratilganidir.

Xulosa

Iqlim o‘zgarishi oiladagi zo‘ravonlikning yagona sababi emas. Biroq ekologik inqiroz, suv tanqisligi, iqtisodiy qiyinchiliklar, sog‘liq bilan bog‘liq muammolar va oiladagi gender tengsizligi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ayrim sharoitlarda zo‘ravonlik xavfini kuchaytirishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari ushbu muammoni chuqurroq o‘rganish, ekologik va gender siyosatini o‘zaro uyg‘unlashtirish hamda oiladagi zo‘ravonlikning oldini olishga kompleks yondashish zarurligini ko‘rsatdi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, iqlim o‘zgarishiga moslashish faqat suvni tejash, daraxt ekish yoki ekologik infratuzilmani yaxshilash bilan cheklanmasligi kerak. Bu jarayonda ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarini ta’minlash, uy-ro‘zg‘or mas’uliyatini adolatli taqsimlash, ayollarning iqtisodiy mustaqilligini oshirish, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ham muhim ahamiyatga ega.

Ekologik xavfsizlik — oilaviy farovonlik, gender tengligi va inson xavfsizligining muhim shartidir. Sog‘lom atrof-muhit, xavfsiz oila va teng imkoniyatlar bir-biridan ajralmas tushunchalardir.  

Nargis Qosimova