Daryo o‘zanidan noqonuniy qum-shag‘al olish natijasida Zarafshon daryosi sathi 8–10 metrga pasayib ketmoqda. Bu esa milliy bog‘ hududidagi o‘simlik va hayvonot dunyosiga jiddiy zarar yetkazib, tabiiy ekotizimning buzilishiga olib kelishi mumkin.
Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududida noqonuniy qum-shag‘al qazish ishlari olib borilayotgani haqida bog‘ xodimlari jiddiy xavotir bildirmoqda. Bog‘ ilmiy xodimi Holmanov Erkin Bazarovichning ma’lum qilishicha, Prezident tomonidan 2024-yil 14-yanvarda respublikadagi olti daryoda moratoriy e’lon qilingan bo‘lib, ular qatorida Zarafshon daryosi ham bor.
Shunga qaramasdan, 2026-yil 5-may kuni kechasi Zarafshon milliy tabiat bog‘ining 1-bo‘lim, 1-kvartal hududi ro‘parasida ayrim tadbirkorlar tomonidan noqonuniy ravishda qurilish materiallari qazib olinayotgani qayd etilgan. Ta’kidlanishicha, qazish ishlari asosan tungi vaqtda amalga oshirilmoqda.
Bog‘ xodimlari fikricha, daryo o‘zanidan noqonuniy qum-shag‘al olish natijasida Zarafshon daryosi sathi 8–10 metrga pasayib ketmoqda. Bu esa milliy bog‘ hududidagi o‘simlik va hayvonot dunyosiga jiddiy zarar yetkazib, tabiiy ekotizimning buzilishiga olib kelishi mumkin.
Mutaxassislar va bog‘ xodimlari ushbu holatga mas’ul tashkilotlar e’tibor qaratishini, noqonuniy qazish ishlariga chek qo‘yilishini so‘ramoqda. Shuningdek, ular ekologik muammoni jamoatchilikka yetkazish orqali milliy bog‘ni asrashga hissa qo‘shishga chaqirmoqda.